II – BOB “Buxgaletriya hisobining predmeti, metodi va uning elementlari”
Korxona, tashkilot va muassasalarda buxgalteriya hisobi xo’jalik faoliyatini kuzatish, boshqarish va nazorat qilish maqsadida yuritiladi. Buning mazmunida ijtimoiy mahsulotni takror ishlab chiqarish yotadi. Ijtimoiy ishlab chiqarish o’z navbatida ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalariga bo’linadi.
Ishlab chiqarish sohasi (moddiy ishlab chiqarish sohasi)ga moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchi (sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish va boshqalar) hamda moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchilardan iste’molchilarga etkazib berish bilan band bo’lgan (savdo va umumiy ovqatlanish) tarmoqlari kiradi.
Ijtimoiy mahsulotni takror ishlab chiqarish - korxonaning fondlaridan, ya’ni ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo’lgan moddiy va pul mablag’laridan foydalanish yo’li bilan amalga oshiriladi. Mulkchilikning har xil shakllaridagi korxonalarga zarur bo’lgan mablag’lar ma’lum manbaalar (davlatniki - davlat resurslari hisobidan, jamoaniki pay badallari hisobidan, aktsiyadorniki - aktsiyadorlar resurslari hisobidan va ko’shma korxonalarniki - muassislarning badallari hisobidan) hisobidan shakllanadi. Ishlab chiqarish - taqsimot, aylanish va iste’mol jarayonlariga xizmat qilaturib, korxonalar fondlari uzluksiz doirada aylanishni amalga oshiradi. Shuning uchun, buxgalteriya hisobi bu erda moddiy boyliklarni yaratishga yo’naltirilgan doira va aylanishi jarayonidagi korxonaning fondlari (mablag’lari)ning holatlari va ulardan foydalanishni samarali boshqarish uchun zarur bo’lgan axborotni shakllantiradi.
Noishlab chiqarish sohasini aholiga xizmatlar bajaruvchi tarmoqlar tashkil qiladi. Bularga sog’liqni saqlash, xalq ta’limi, san’at hamda davlat boshqarmalari va mudofaa muassasalari kiradi. Noishlab chiqarish sohasida garchi mahsulot ishlab chiqarilmasa ham, u ishlab chiqarish sohasiga o’zining natijalari orqali ijobiy ta’sir qiladi.
Noishlab chiqarish sohasi tashkilotlari va muassasalarining xo’jalik faoliyatlari, ularga davlat byudjetidan ajratilgan hamda o’zi ishlab olgan mablag’lardan qay darajada samarali foydalanilayotganini boshqarishdan iborat. Shunday qilib, noishlab chiqarish sohasida ishlab chiqarish sohasida yaratilgan ijtimoiy mahsulotni taqsimoti (qayta taqsimoti) va iste’moli sodir bo’ladi. Demak, buxgalteriya hisobi noishlab chiqarish sohasiga ajratilgan mablag’larning holati, sarflanishi haqida axborotlarni shakllandiradi.
Moddiy boyliklarning noishlab chiqarish sohasida iste’mol qilinishi, noishlab chiqarishning bir qismidir. Undan tashqari, noishlab chiqarishning iste’moliga shaxsiy iste’mol va jamiyat a’zolarining ehtiyojlarini qondirish ham kiradi. Shaxsiy iste’molni buxgalteriya hisobi bevosita o’z ichiga olmaydi. Lekin, shaxsiy iste’mol buxgalteriya hisobida mutlaqo aks ettirilmaydi deb
o’ylash xatodir. Haqiqatda, buxgalteriya hisobi uni aks ettiradi, lekin uni tavsiflash uchun zarur bo’lgan barcha ko’rsatkichlarga ega emas. Shaxsiy iste’mol to’g’risidagi ma’lumotlarni savdo korxonalari, umumiy ovqatlanish korxonalari, xalq ta’limi, sog’liqni saqlash muassasalari va boshqa tashkilotlar hisobotlaridan olish mumkin. Bu ma’lumotlar bo’yicha (tegishli tartibda o’tkazilgan ro’yxatlar va tekshirishlarda mavjud bo’lgan ma’lumotlarga qo’shimcha ravishda) statistika bo’limlari shaxsiy iste’molni tavsiflovchi ko’rsatkichlarni aniqlaydi.
Ijtimoiy mahsulotni takror ishlab chiqarishdan tashqari buxgalteriya hisobida ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarini takror ishlab chiqarishni ham aks ettiriladi.
Buxgalteriya hisobida ishchi kuchini takror ishlab chiqarish, mehnat kuchini tayyorlash bilan bog’liq bo’lgan har xil xarajatlarni hamda ish haqi va ularning turli xildagi daromadlari harakatini hisoblab topish yo’li bilan qamrab aniqlab olinadi. Ishchi kuchini tayyorlash harajatlari, ish haqini to’lash va xo’jaliklarning daromadlarini taqsimlash moddiy qiymatliklar va pul mablag’larini sarflashni anglatadi.
Ishlab chiqarish munosabatlarini takror ishlab chiqarish buxgalteriya hisobida mulkchilikning har xil shakllaridagi korxonalar fondlarining mavjudligi va harakatini aks ettirgan holda qayd qilinadi. Takror ishlab chiqarish jarayonida ularning o’zgarishini ko’rsatib, buxgalteriya hisobi mulkning rivojlanishini tavsiflaydi va shu bilan ishlab chiqarish munosabatlarini takror ishlab chiqarish haqida zarur ko’rsatkichlarni beradi.
Yuqorida aytilganlardan shuni xulosa qilish mumkinki, buxgalteriya hisobi predmetining asosiy mazmuni korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning xo’jalik faoliyatini amalga oshirishda foydalanadigan resurslarni samarali boshqarish uchun zarur bo’lgan axborotni shakllantirishdan iborat. Shu mablag’larning sarflanishi, ishlab chiqarish hajmi va faoliyat natijalarini ratsional va to’g’ri boshqarish hozirgi vaqtda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunday qilib, buxgalteriya hisobining predmeti - takror ishlab chiqarish jarayonidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning samarali boshqarilishida mablag’lar holati va ulardan unumli foydalanish haqidagi axborotlarni shakllantirish hisoblanadi.
Buxgalteriya fanining predmeti bo’lib, uning o’zi hisoblanadi. Uning usullari, texnikasi, shakllari va tashkil qilinishi yoki takomillashtirish yo’llarini topish maqsadida qilingan ilmiy yangiliklar qilinadi.
Buxgalteriya hisobining predmetini o’rganishda, uning tarixiy xarakterini hisobga olish kerak. Chunki, buxgalteriya hisobi predmetining mazmuni har xil iqtisodiy tuzumlarda bir xil bo’lmagan. Ularning o’zgarishi bir tuzumdan boshqasiga o’tish paytida, mulkchilik shakllarining rivojlanishi bilan belgilanib borilgan.
Jumladan, boshlang’ich jamoa tuzumida uning ibtidoiy ishlab chiqarish vositalari va hayot darajasi sharoitida hisobga uncha katta ehtiyoj bo’lmagan. Lekin, hisobning eng sodda bo’lgan shakllari bu jamiyatda ham qo’llanilgan, chunki unda ovchilik yoki baliqchilik mahsulotlari, terilgan hosil va shu kabilarni hisoblash talablari yuzaga kelgan. Sekin - astalik bilan dehqonchilik va takomillashgan metalli mehnat qurollarining yaratilishi bilan hisob ham rivojlanib borgan. Uni yuritadigan mutaxassislar ham paydo bo’la boshlagan.
Boshlang’ich jamoa tuzumida hisobning predmeti sifatida umumiy mulkchilik tashkil qilgan mablag’lar va shu mablag’lardan foydalanishga doir muomalalar qaralgan.
Ushbu mulkchilik jamiyatda feodallarning ishlab chiqarish vositalariga va qullarga bo’lgan egaligi hisobining predmeti bo’lgan.
Ishlab chiqarish vositalari, mehnat buyumlaridan tashqari, bevosita jonli mehnat sohibi va dexqonga ega bo’lgan feodal o’z hohishiga ko’ra ularni xarid qilishi va sotishi mumkin edi. Shuning uchun ham, bu davrda mehnat kuchlari (qullar) hisob predmetiga kiritilgan.
Sotsializmda esa, ijtimoiy va umumdavlat mulkining doiraviy aylanishi buxgalteriya hisobining predmeti bo’lib hisoblangan.
Har xil mulkchilik shakllariga asoslangan, rivojlangan bozor iqtisodiyotidagi jamiyatda individual kapital yoki mulk egasining kapitali buxgalteriya hisobining predmeti hisoblanadi. Buxgalteriya hisobi bu erda birinchi navbatda, mulk egasi yoki mulk egalari tomonidan korxonalarga (kompaniyaga) qo’yilgan resurslarni samarali boshqarish maqsadlari uchun axborotni shakllantiradi. Foydani oshirish maqsadida, asosiy va nizomida ko’rsatilgan boshqa faoliyatlardan hamda moliyaviy faoliyat hisobiga boy berilgan imkoniyatlarni qidirib topish bilan shug’ullanadi.
Demak, buxgalteriya hisobi predmetining mazmuni u yoki bu ijtimoiy tuzumga xos bo’lgan mulkchilik shakli bilan belgilanadi. Ya’ni, har bir jamiyatda moddiy ishlab chiqarishni tashkil qilish va samarali boshqarish uchun qanday ma’lumotlar talab qilinishiga bog’liq bo’ladi. Jamiyat rivojlangan sari hisobning ahamiyati ham uzluksiz o’sib boradi. Bunda uning qo’llanish doirasigina emas, balki unda aks ettiriladigan predmeti va bajaradigan funktsiyalari
ham tobora kengayib boradi.
Buxgalteriya hisobining predmeti bilan bir qatorda uning ob’ektlarini ham farqlab olish lozim. Buxgalteriya hisobining ob’ektlari deganda, muayyan korxona ega bo’lgan moddiy va pul mablag’lari, uning boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan bo’lgan yuridik munosabatlari va shuningdek mablag’lar hamda munosabatlarni o’zgartiradigan xo’jalik muomalalari tushuniladi. Korxonaning moddiy va pul qiymatliklari o’z faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan mablag’larini ifodalaydi. Xo’jalik muomalalari esa ishlab chiqarish faoliyatining mazmunini ifodalovchi jarayonlarni tashkil qiladi.
Ba’zida, buxgalteriya hisobining predmeti deb - o’z faoliyatini aks ettiruvchi muomalalar tushuniladi. Lekin, bunday tushuncha hisob kategoriyalarini ilmiy talqiniga chalkashlik kiritadi. Chunki, aks ettiriladigan narsalar buxgalteriya hisobining predmeti bo’lgani bilan, uning qo’llanniladigan joyiga ham shunday qarashimiz lozimligini bildirmaydi.
O’zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to’g’risida”gi Qonuniga binoan buxgalteriya hisobi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar huquqiy shaxs hisoblangan barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda yuritiladi.
Korxona, xalq xo’jaligining tarkibiy unsuri (elementi) hisoblanadi va tashkiliy jihatdan alohida ajratilgan qismini anglatadi. Xo’jalik faoliyati o’z xususiyatiga ko’ra - sanoat, qishloq xo’jalik, savdo va boshqalarga bo’linadi. Ularning har birida muayyan xo’jalik jarayoni amalga oshiriladi va tegishli mablag’lar mavjud bo’ladi.
Har bir korxona u yoki bu mulkchilik shakli - davlat, xususiy (shaxsiy), o’rtoqlik va shirkat xo’jaliklariga tegishli bo’ladi.
Davlat mulki – davlatga qarashli mulkdir.
Mulkka xususiy ega bo’lishlik (sole proprictorship)- bir shaxs tomonidan yaratiladigan firma bo’lib, u mulk egasiga shu firma xo’jalik faoliyati ustidan, o’z shaxsiy manfaatlaridan qat’iy nazar, nazorat qilish imkonini beradi. Mulkka yakka shaxs sifatida egalik qilishda uning a’zosi o’sha xo’jalik sub’ekti bo’lib hisoblanadi. Uning o’zi hamma foydani oladi va ko’rgan zarari hamda barcha majburiyatlar bo’yicha shaxsiy mulki bilan javob beradi.
O’rtoqlik korxonalari (partnership) - o’z qobiliyatlari va resurslarini birlashtiradigan ikki yoki undan ko’proq mulk egalari tomonidan hosil qilingan firmadir. Bunda kompaniyachilar va shirkatning foydasi yoki zararini oldindan kelishilgan qoidaga ko’ra o’zaro bo’lishadilar. Har qanday qatnashuvchi o’zining hissasini boshqa tomonga topshirishi mumkin va zarur bo’lganda har birining shaxsiy mulki o’z majburiyatlarini to’lash uchun olib qo’yilishi mumkin. Ba’zi xollarda mulkchilarning biri yoki bir nechtasi o’zlarining majburiyatlarini cheklashlari mumkin (masalan, firmaning ustav kapitaliga qilingan hissa badallarining hajmi bilan), lekin, hech bo’lmaganda ulardan biri shirkatning barcha majburiyatlari bo’yicha cheklanmagan javobgarlikni o’z zimmalariga olishi kerak.
Korporatsiya (corporation) - o’ratoqlik korxonalarining bir turi sifatida aktsiyadorlik kapitali ko’rinishida belgilangan, lekin, mulkning boshqa egalariga yuridik jihatdan bo’ysinmaydigan firmadir. Aktsiyadorlar korporatsiya faoliyatini to’g’ridan-to’g’ri nazorat qila olmaydilar. Ular aktsiyadorlar manfaati uchun foyda olish maqsadida korporatsiya xo’jalik faoliyatiga rahbarlik qiladigan direktorlar kengashini saylaydilar. Aktsiyadorlar korporatsiyaning zararlari uchun faqat o’zlarining badallari chegarasida javob beradilar. Agar aktsiyador o’z aktsiyalarini sotsa, bu korporatsiyani tugatishga olib kelmaydi.
Jamoa xo’jaliklari – mulkning korporativ...
Yuqorida ko’rsatilgan korxonalarda ularning faoliyatiga rahbarlik qilishning har xil usullari qo’llaniladi. Bu usullar asosan ular qaysi sohaga tegishli ekanliklariga bog’liq. Hozirgi paytda moddiy ishlab chiqarish sohasiga kiradigan ko’pchilik korxonalar odatda tijorat hisob - kitobi (kommercheskiy raschet) asosida faoliyat ko’rsatishadi. Bunday korxonalar xususiylashtirilgan deb nomlanadi. Davlatga tegishli ishlab chiqarish sohasidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar ko’pchilik hollarda davlat (byudjet)niki hisoblanadilar. Byudjetli tashkilot va muassasalarning xususiyatlari asosan shundan iboratki, ular o’zlariga xizmat qiladigan muassasalar yoki shaxslardan qilingan harajatlarning kompensatsiyasini (tovar to’lash) mutlaqo olaolmaydilar yoki juda kam qismini oladilar. O’z faoliyatlarini amalga oshirish uchun davlat korxonalari va tashkilotlari mablag’larni asosan davlat byudjetidan oladilar.
Korxonalarning xo’jalik aloqalari shartnoma asosida amalga oshiriladi. Har bir korxona mol etkazib beruvchilar bilan ham, haridorlar bilan ham shartnoma tuzadilar. Bu narsa ularga o’z ishlarida ratsional, to’la va o’z zimmasiga olgan majburiyatlarni vaqtida bajarishga yordam beradi. Bunda shartnomalar (kontraktlar) korxona xo’jalik munosabatlarining asosi hisoblanadi.
Korxonaning ishi barcha jamoa va alohida har bir xodimning ishini yaxshilashdagi manfaatdorligi asosida tashkil qilinadi. Moddiy manfaatdorlik bilan birgalikda tijorat hisob - kitobi korxonaning moddiy javobgarligi, uning rahbarlarining mulkchilar oldida resurslardan ratsional foydalanish, xo’jalik faoliyatining moliyaviy natijalari uchun moddiy javobgarlikni nazarda tutadi.
Har bir korxona buxgalteriya hisobining tugallangan tizimiga egadir. Bu esa korxonaning barcha mablag’lari va uning barcha faoliyati buxgalteriya hisobi tomonidan to’la va o’zaro bog’langan xolda qamrab olingan ekanligini anglatadi.
Mulkchilikning har xil shakllaridagi korxonalarning vazifasi o’z faoliyati jarayonida mahsulot ishlab chiqarish (xizmat ko’rsatish, ishlar bajarish)dan iborat. Bu vazifani bajarish uchun birinchi navbatda ta’minot jarayonini o’tishi, ishlab chiqarishdan keyin esa uni sotish (realizatsiya) jarayoniga kelishi kerak. Bu uchta bosqich har doim bir - birlarining o’rnini egallaydi va shu bilan korxonada mablag’lar (fondlar)ning uzluksiz aylanishini hosil qiladi.
Mablag’lar aylanishidagi asosiy bosqich (faza) - bu moddiy boyliklarni yaratish jarayoni sodir bo’ladigan ishlab chiqarish bosqichidir. Bu erda ishlab chiqarilgan buyumlar nafaqat tashqi ko’rinishi va xususiyati bilan, balki qiymatining hajmi bilan farq qiladigan yangi mahsulot tayyorlanadi. Yangidan tayyorlangan mahsulot, sarflangan ishlab chiqarish vositalari qiymati (tiklash fondi) va xodimlar mehnati bilan yaratilgan hamda zaruriy qiymat (ish xaqi) va qo’shimcha mahsulot qiymati (sof daromad)ga bo’linadigan yangi qiymatlardan iborat.
Ishlab chiqarish jarayonini buxgalteriya hisobida aks ettirish, birinchidan, ishlab chiqarishga qilingan harajatlar - sarflangan ishlab chiqarish vositalari (mehnat buyumlari va mehnat vositalari amortizatsiyasi) va ishchi kuchi (ish xaqi shaklidagi zaruriy mehnat) va ikkinchidan, ishlab chiqarish mahsulotlari – tayyor buyumlar qayd etiladi. Ishlab chiqarish harajatlari pul shaklida hisobga olinadi. Bu ishlab chiqarish harajatlarini yagona o’lchov birligida ifodalash va tayyor mahsulotning ishlab chiqarish tannarxi haqida yig’ma ko’rsatgichni olish uchun zarur. Pul shakli bilan birgalikda, moddiy harajat sarflari buxgalteriya hisobida tegishli tartibda natura va mehnat o’lchagichlarda ham ko’rsatiladi. Bu o’lchagichlar pulda baholash uchun asos hisoblanib, ulardan harajatlar hajmini boshqarish uchun foydalaniladi. Buxgalteriya hisobi mehnat vositalari va ishchi kuchi sarfini aks ettiraturib, ishlab chiqarish jarayonining boshqa tomonini anglatadigan ishlab chiqarish iste’molini ham o’z ichiga oladi.
Ko’pgina korxonalarda ishlab chiqarish vositalari birdaniga tayyor mahsulotga aylanmaydi. Chunki ularga mehnatning ta’siri yangitdan yaratilgan mehnat maxsuli sifatida, yangi ko’rinish yoki xususiyatlarga ega bo’lmasdan oldin ma’lum vaqtni talab qiladi. Shu vaqtning o’tishi davomida ular tugallanmagan ishlab chiqarish shaklida bo’lib turadi.
Ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan milliy daromadning taqsimlash jarayoni vujudga keladi. Taqsimlash paytida zaruriy mahsulot (korxona xodimlarining ish haqi)ning puldagi ifodasi, korxona sof daromadi (foyda)ning va davlatning markazlashtirilgan sof daromadi (qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiz solig’i, foydadan ajratmalar va hokazo) summasi hisoblab chiqiladi. Bunda korxonaning foydasi buxgalteriya hisobida keyinroq, realizatsiya tugagandan keyingina aniqlanadi va qayd qilinadi.
Korxonaning mablag’lari boshqa bosqichlarda, ya’ni muomala jarayonida sodir bo’ladi. Bu
- korxona ta’minoti va tayyor buyumlarni sotish bosqichlaridir.
Ta’minot zaprosida korxona pul mablag’lari bilan o’ziga zarur bo’lgan, moddiy boyliklarni sotib oladi. Realizatsiya bosqichida ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan mahsulotning iste’molchilar (xaridorlar)ga sotish sodir bo’ladi. Bu bosqichning yakunida korxona fondlari (mablag’lari) yana pul shakliga kiradi.
Korxonaning ta’minoti va realizatsiya jarayonlarini aks ettirishda buxgalteriya hisobi quyidagilarni qayd qilishi zarur: jarayonlar bilan bog’liq bo’lgan harajatlar, ya’ni ishlab chiqarish vositalarini xarid qilish va mahsulot realizatsiyasiga qilingan harajatlar; ta’minot jarayonida xarid qilinadigan buyumlar, sotish uchun mo’ljallangan va realizatsiya jarayonida joylashgan ishlab chiqarish mahsulotlari hamda sotilgan buyumlar uchun korxonalar tomonidan olinadigan pul mablag’lari va h.k.. Sotilgan mahsulotning summasi ishlab chiqarish vositalarini sotib olish va ish haqini to’lash uchun qilingan harajatlar summasidan korxona tomonidan belgilangan sof daromad miqdoriga ko’p bo’ladi.
Shunday qilib, realizatsiya jarayonining yakunlanishi moddiy ishlab chiqarish sohasida yaratilgan sof daromadni taqsimlash imkonini beradi. Bu erda buxgalteriya hisobida davlat daromadiga o’tkazilishi lozim bo’lgan, korxona tomonidan olingan summasi, qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiz solig’i, foyda (daromad) solig’i aniqlanadi va qayd qilinadi. Realizatsiya jarayoni tugagandan so’ng korxona tegishli organlarga (byudjetga, byudjetdan tashqari fondlarga, banklar, mol etkazib beruvchilar va hokazolarga) berilishi lozim bo’lgan summalarni o’tkazish imkoniga ega bo’ladi.
Tovar ishlab chiqarish sharoitida korxona mablag’larining aylanish davri uning boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan xo’jalik aloqalarini yuzaga keltiradi. Bunday aloqalar korxonada mol etkazib beruvchilar va xaridorlar bilan ta’minot va mahsulot sotishni amalga oshirishda, bosh(ona) kompaniya bilan - unga u yoki boshqa mablag’larni topshirish yoki olib ko’yish paytida, bank muassasalari bilan - ulardan ssudalar olishda, byudjetdan tashqari tashkilotlar bilan - ijtimoiy ehtiyojlarga doir hisob - kitoblarda va hokazolarda yuzaga keladi. Xo’jalik aloqalari buxgalteriya hisobida korxona mablag’larini aylanish davrining tegishli bosqichlari aks ettirilayotgan paytdan qamrab olinadi.
Ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchini ishlab chiqarish maqsadlari uchun qilingan iste’moldan tashqari, korxonada noishlab chiqarish iste’mollari ham sodir bo’ladi.
Noishlab chiqarish iste’moliga korxona tasarrufidagi fondlar (mablag’lar)dan foydalanish kiradi. Ularning tarkibiga uy-joy, maishiy xizmatlar, sog’liqni saqlash va boshqa shu kabi mablag’lari kiradi. Bu mablag’larning holati va ulardan foydalanish ham buxgalteriya hisobida hisobga olinadi.
Korxonalar mablag’lari (fondlari)ning aylanish davri shundan iboratki, mablag’lar - ishlab chiqarishga, ishlab chiqarish - tovarlarga, tovarlar esa yana pul shakliga aylanadi va hokazo. Demak, mablag’larning aylanish davri faqat uning har xil bosqichlari (fazalari) ketma - ket uzluksiz kelib tursagina sodir bo’lishi mumkin.
Mablag’larning aylanish davrini to’g’ri tashkil qilish, ularni har bir bosqichli aniq bo’lgan muddatlarda bo’lishini talab qiladi. Korxonalarda mujudga keladigan jarayonlar odatda har doim, deyarli uzluksiz sodir bo’ladi. Shuning uchun ham, korxonalar har bir bosqichda, ya’ni uch shakldagi - pul, ishlab chiqarish va tovar mablag’larga ega bo’lishi kerak. Shu bilan birga bu mablag’larning miqdori korxona faoliyatining hajmiga to’g’ri kelishi va har bir bosqichda normal ishni ta’minlashi kerak.
Barcha jarayonlar - ta’minot, ishlab chiqarish va realizatsiya – alohida xo’jalik muomalalaridan iborat. Masalan ta’minot va realizatsiya qator xarid qilish - sotish hodisalaridan tashkil topadi. Ishlab chiqarishda mehnat buyumlarini mahsulot tayyorlashga sarflash, korxona xodimlariga bajargan ishlari uchun ish haqi hisoblash, mehnat vositalaridan mahsulot ishlab chiqarishda foydalanganlik uchun amotizatsiya ajratmalarni hisoblash va hokazolarni qayta - qayta qiymatda amalga oshiriladi.
Har bir muomalaning asosiy mazmuni korxona mablag’larining harakati, ularning shakllarini o’zgarishidan iborat. Masalan, materiallarni xarid qilishda korxona pul mablag’lari o’rniga o’zlariga kerak bo’lgan mehnat buyumlarini oladi va ularni sarflashda mehnat buyumlarni ishlab chiqarish jarayoni yuzaga kelib, tayyor mahsulot olinadi.
Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, xo’jalik muomalalari ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishda korxona mablag’larining harakatidan iborat ekan.
Xo’jalik muomalalarini buxgalteriya hisobida aks ettirish boshqarish ob’ekti haqida kerakli axborotlarni olish, mablag’lardan samarali foydalanish darajasini baholash imkonini beradi. Shuning uchun ham, ular buxgalteriya hisobining asosiy mazmunini tashkil qiladi.
Xo’jalik jarayonlari ma’lum mablag’lar zahirasini talab etadi. Shuning uchun ham, ishlab chiqarish korxonalari imoratlar, mashinalar, uskunalar, materiallar, pul mablag’lari, nomoddiy aktivlar va shu kabi boshqa mablag’larga ega bo’ladi. Korxona mablag’larining manbaalari - davlat fondidan, aktsiyalarini chiqarish va sotish, muassislarning badallaridan, banklarning kreditlari hisobidan, boshqa korxonalar va tashkilotlardan olingan qarzlar hisobidan, foydadan va boshqalardan tashkil etiladi. Xo’jalik faoliyatini to’g’ri boshqarishda korxonaning qanday mablag’larga egaligi, ularning joylashuvi hamda bu mablag’lar manbaalari, maqsadlarini bilish kerak.
Shunga qarab korxonaning barcha mablag’lari ikki qismga guruhlanadi: birinchidan, ularning turlari va joylashganligiga qarab, ikkinchidan, tashkil topish manbai va qanday maqsadlarga yo’naltirilganligiga qarab.
Mablag’larni turlari va joylanishi bo’yicha guruhlash korxona xo’jalik faoliyatining xususiyatlariga bog’liq bo’ladi. Sanoat korxonalariga birinchi nabatda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun mablag’lar bo’lishi kerak. Undan tashqari u muomala jarayonining ikki - ta’minot va realizatsiya bosqichida ishlatiladigan mablag’larga ega bo’lishi kerak. Odatda korxonalar o’z xodimlarining ehtiyojlariga xizmat qiladigan noishlab chiqarish sohasidagi mablag’larga ham ega bo’ladi. Shunday qilib, korxona mablag’lari o’zlarining turlari va joylashishi bo’yicha quyidagi guruhlarga bo’linadi: ishlab chiqarish vositalari; muomala soha (sfera)sidagi mablag’lar; noishlab chiqarish sohasidagi mablag’lar.
Ishlab chiqarish vositalari mehnat vositalari va mehnat buyumlaridan iborat.
Mehnat vositalari - insonning yaratayotgan buyumlariga o’z ta’sirini o’tkazuvchi vositalar hisoblanadi. Mehnat vositalari tarkibda ishlab chiqarish qurollari (mashinalar, asbob - uskunalar, asboblar) etakchi rolni o’ynaydi. Ishlab chiqarish qurollari yordamida ishchilar mehnat buyumlarini tashqi ko’rinishini o’zgartiradilar, ularga yangi tus beradilar va mehnat mahsuliga aylantiradilar. Mehnat vositalariga shuningdek, imoratlar, inshootlar, transport vositalari va xo’jalik inventarlari ham kiradi. Ular ishlab chiqarish jarayonini normal amalga oshirish uchun kerakli sharoitlar yaratib, uni to’g’ri tashkil etishga yordam beradi.
Barcha mehnat vositalarining xususiyatlari shundan iboratki, ular mahsulotni tayyorlash jarayonida uzoq muddat davomida qatnashadilar, ko’plab ishlab chiqarish jarayonlariga xizmat qiladilar va shu bilan birga o’z tashqi ko’rinishlari va xususiyatlarini o’zgartirmasdan saqlab
qoladilar. Shu bilan bir vaqtda mehnat vositalari o’z qiymatini asta-sekin ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va xizmatlar tannarxiga va davr harajatlariga (amortizatsiya ajratmalari ko’rinishida) o’tkazadilar. Bu ularning eskirishiga va qiymatini kamayishiga olib keladi.
Undan tashqari, korxonalar nomoddiy aktivlarga ega bo’lib, kapital qo’yilmalar hamda uzoq muddatli moliyaviy qo’yilmalarni amalga oshirishlari mumkin.
Nomoddiy aktivlar o’z egalariga uzoq muddatli huquqlar yoki afzalliklar beradi. Nomoddiy aktivlarga patentlar, mualliflik huquqlari, firmaning bahosi, savdo markalari, alohida imtiyozlar, litsenziyalar, formulalar, texnologiyalar, nou-xau, kompyuter dasturlari va hokazolar kiradi. Nomoddiy aktivlar ham asosiy vositalar singari foydalanish muddatlarida o’zlarining qiymatini mahsulot ishlab chiqarish tannarxi va davr harajatlariga asta-sekin o’tkazib boradi.
Korxonalar uzoq muddatli xarakterga ega bo’lgan boshqa aktivlarga ham kapital qo’yilmalar qilishi mumkin. Ularning tarkibiga asosiy vositalarni sotib olish, yangi ob’ektlarni ko’rish va hokazolarni kiritish mumkin.
Uzoq muddati moliyaviy qo’yilmalar pay va aktsiyalarga, obligatsiyalarga hamda boshqa korxonalarga qarz berish uchun bo’sh qolgan pul mablag’larini qo’yishdan ham iborat.
Mehnat buyumlari mahsulot tayyorlanadigan boshlang’ich materialdan iborat. Ularga xom ashyo va materiallar, yarim tayyor mahsulotlar va tugalanmagan ishlab chiqarishlar kiradi. Shu guruhga yordamchi materiallar va yoqilg’ilar ham kiradi. Barcha mehnat vositalarining umumiyligi shundan iboratki, ular faqat birgina ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilinib, o’zlarining qiymatini tayyorlanayotgan mahsulot tanarxiga butunlay o’tkazadi.
Xom ashyo va asosiy materiallar deb, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosini tashkil qiluvchi mehnat buyumlariga aytiladi. Masalan, mashinasozlik zavodida asosiy materiallar sifatida mashinalarning ehtiyot qismlari tayyorlanadigan metalning har xil turlari(po’lat, cho’yan va boshqalar) xizmat qiladi. Xom ashyo deganda hisob amaliyotida asosiy materiallar (ruda, paxta, qand lavlagisi va boshqalar) tushuniladi.
Yordamchi materiallar, asosiylardan farqli o’laroq, tayyorlanayotgan mahsulotning asosini tashkil qilmay, faqat uning yuzaga kelishida qatnashadi. Bunda ular mehnat vositalarining normal ishlashi uchun (surtish va artish materiallari) asosiy materiallarga qo’shish (biriktirish) yo’li bilan ularga sifat o’zgarishlarini kiritish uchun (bo’yoqlar, laklar, elimlar), yoki mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun - binolarni yoritish, mehnat sharoitlarining kerakli sanitariya va gigienasini ta’minlab turish uchun (elektrotexnikaviy materiallar, sovun, qipiq va shu kabilar) ishlatiladi.
Yoqilg’i, o’z moxiyatiga ko’ra yordamchi materiallarning bir turidir, yordamchi materiallar singari, ular yoki mehnat vositalari tamonidan iste’mol qilinadi (energetik yoqilg’i) yoki asosiy materiallarga qo’shiladi (texnologik yoqilg’i), mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun
ishlatiladi (isitish uchun ishlatiladigan yoqilg’i). Hisobda yoqilgi yordamchi materiallar tarkibidan alohida guruhlarga ajratilgan. Yordamchi materiallarning ko’pchilik qismi singari, yoqilg’ining xususiyati shundan iboratki, u o’zining natura shaklida yangi mahsulotning tarkibiga kirmaydi. Lekin sarflangan yoqilg’ining qiymati, yordamchi materiallarning qiymatiga o’xshab, ishlab chiqarish chiqimlari sifatida butunlay shu mahsulotning tannarxiga kiritiladi.
Yarim tayyor mahsulotlar, ba’zi bir ishlov bosqichlarini o’tgan, lekin hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat. Ularning xususiyati shundan iboratki, garchi ular mazkur bosqichdagi (ma’lum tsex yoki ma’lum uchastkadagi) barcha ishlov operatsiyalanini o’tgan bo’lsalar ham, lekin ishlov yoki yig’ish uchun navbatdagi bosqich (navbatdagti tsexga, uchastkaga) yo’naltirishishi kerak bo’ladi. Masalan, yarim tayyor mahsulotlarga mashinasozlik zavodining tayyorlovchi tsexi tomonidan ishlab chiqarilgan, lekin shu zavodning qayta ishlash tsexida ishlanishi davom etadigan detallar kiradi. Bir tsexda ishlovdan o’tgandan keyin, yarim tayyor mahsulotlar odatda omborga topshiriladi, keyinchalik omborlardan, ularga bo’lgan ehtiyojga qarab, navbatdagi tsexga ishlov yoki yig’ish uchun kelib tushadi.
Mazkur korxonada tayyorlangan yarim tayyor mahsulotlar o’z ishlab chiqarishining yarim tayyor mahsuloti deb nomlanadi. Ulardan tashqari, sotib olingan yarim tayyor mahsulotlar ham (ushbu korxonaning buyurtmasi bilan tayyorlangan va uning tayyor mahsulotini butlash uchun mo’ljallangan) bo’lishi mumkin. Sotib olingan yarim tayyor mahsulotlar xom ashyo va asosiy materiallar guruhiga kiradi. Bu guruhga shuningdek ehtiyot qismlar, va idish materiallari ham kiradi.
Tugallanmagan ishlab chiqarish bevosita ishlovda (ish joylarida) joylashgan mehnat buyumlaridan iborat. Shunday qilib, ular ham, yarim tayyor mahsulotlarga o’xshab, ba’zibir ishlov bosqichlarini o’tishi bilan hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat bo’ladi. Lekin, yarim tayyor mahsulotlar mazkur tsexda barcha ishlovlardan to’la o’tgan bo’lsa, tugallanmagan ishlab chiqarishda joylashgan mehnat buyumlari bu erda hali ishlanishi lozim bo’ladi.
Buxgalteriya hisobida arzon va tez eskiruvchan buyumlar alohida guruhga ajratilgan xolda hisobga olinadi. Ularga, xizmat qilish muddatidan qat’iy nazar qiymati 50 ta minimal ish haqi miqdorigacha bo’lgan, va qiymatidan qat’iy nazar, bir yildan kam xizmat qiladigan buyumlar kiradi. Masalan, uskunalar, maxsus kiyim va maxsus poyabzal, ko’rpa - yostiqlar, xo’jalik inventarlari idora tovarlari va hokazo.
Muomala doirasi (sferasi)dagi mablag’lar, ya’ni muomala buyumlari, pul mablag’lari, hisob - kitobdagi mablag’lar (debitorlik qarzlardagi) va muomala va xizmat qiluvchi mablag’lardan iborat.
Muomala buyumlari korxonada ishlab chiqarilgan va sotish uchun mo’ljallangan tayyor mahsulotdan iborat. Joylashgan joyga qarab muomala buyumlari ombordagi tayyor mahsulot va ortib jo’natilgan tovar (tayyor mahsulot)ga bo’linadi. Ortib jo’natilgan tovarlarni muomala buyumlariga qo’shilishining boisi shundaki, xaridor uning uchun pul to’lagunga qadar (kassa usulisida) ular mazkur korxonaning mulki hisoblandi. Hisoblash (nachislenie) usulidan foydalanganda xaridorlarga ortib jo’natilgan mahsulot uni ishlab chiqaruvchi korxonaning mulki bo’lmay, balki sotib oluvchi korxonaning mulki hisoblanadi va to’lovning yo’qligi debitorlik qarzning yuzaga kelganligini anglatadi. Ushbu xolda mazkur ob’ekt muomala doirasi (sferasi)dan hisob-kitobdagi mablag’larga o’tadi.
Pul mablag’lari har xil to’lovlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Pul mablag’lar yordamida korxona mol etkazib beruvchilar bilan hisob-kitob qiladi, o’z xodimlariga ish haqi to’laydi, davlat doromadlariga har xil to’lovlar va ajratmalar qiladi va hokazo. Pul mablag’lari korxonaga haridorlardan - ularga sotilgan buyumlar uchun, banklardan - kreditlar ko’rinishida, yuqori tashkilotlardan, yuqori kompaniyalardan - vaqtinchalik moliyaviy yordam tartibida kelib tushadi va hozako.
Pul mablag’lari o’zlarining joylashgan joyga qarab taqsimlanadi. Korxonalar o’zlarining pul mablag’larining asosiy qismini bankdan hisob-kitob yoki valyuta schyotlarida saqlaydilar. Bunda hisob - kitob schyoti korxonalarning faqat bo’sh mablag’larini saqlash uchun mo’ljallangan bo’lmay, u egasining barcha asosiy hisoblashuvlarini mol etkazib beruvchilar va xaridorlar, kredit muassasalari, tashkilotlar va hokazolar bilan amalga oshirish uchun ham mo’ljallangandir.
Korxonaning kechiktirib bo’lmaydigan, masalan mehnat haqi, nafaqa to’lovlarini amalga oshirish uchun kerak bo’lgan naqd pul zahiralari uning kassasida joylashgan bo’ladi. Naqd pullar kassaga asosan hisob-kitob schyotidan kelib tushadi. Foydalanilmay qolgan naqd pullar hisob- kitob schyotiga belgilangan muddatlarida qaytarib topshiriladi.
Korxonaning hisob-kitob schyotidagi ma’lum mablag’lar boshqa xo’jalik yuritish sub’ektlari yoki shaxslarining qarzlaridan ham iborat bo’ladi. Bunday mablag’larga, birinchi navbatda, mazkur korxonadan haridor (buyurtmachi) tomonidan sotib olingan mahsulot (ular uchun ishlar yoki xizmatlar)lar uchun qarzlari hamda korxona xizmatchilariga har xil harajatlarini qoplash maqsadida hisobdorlik sharti bilan berilgan pul summalari bo’yicha hisob- kitoblar kiradi. Topshiriqni bajarib bo’lgandan keyin, xodim (hisobdor shaxs) tomonidan olingan summalarning sarflanganligi to’g’risida hisobot topshiriladi va ishlatilmay qolgan pullar korxona kassasiga qaytariladi. Bunday hisob-kitoblar hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblar deb ataladi.
Korxonaga qarzlar boshqa muomalalar (boshqa hisob-kitoblar) bo’yicha ham bo’lishi mumkin. Ularga, mol etkazib beruvchilarga taqdim etilgan da’volar bo’yicha qarzlari, ishchi va
xizmatchilarning o’z ehtiyojlari uchun olingan bank ssudalari bo’yicha qarzlari kiradi. Bunday qarzdorlar boshqa debitorlar deb nomlanadi.
Muomala sohasiga xizmat qiluvchi mablag’lar shu sohada xizmat qiladigan har xil binolar, asbob-uskunalar va inventarlardan iborat. Bunday mablag’larga tayyor mahsulot omborlarining binolari, ushbu ishlab chiqarish korxonasiga qarashli savdo imoratlari, shu bino va imoratlardagi asbob-uskunalar (tarozilar, sovituvchi qurilmalar, tokchalar hamda shu erda joylashgan xo’jalik inventarlarining buyumlari - stollar, stullar, shkaflar va hokazolar) kiradi.
Noishlab chiqarish sohasidagi mablag’larga mazkur korxana ixtiyoridagi uy-joy xo’jaligi, madaniy - maishiy maqsadlarga mo’ljallangan va sog’liqni saqlash vositalari kiradi. Bular turar- joy binolari, kino-teatrlar, bolalar bog’chalari va yaslisi, bolalar oromgohi, bolalar dam olish joylar, hammomlar, kir yuvish va sartaroshxonalar, ambulatoriylari, tibbiyot punktlari, binolari, shu binolarda (korxonaga qarashli) joylashgan asbob-uskunalari va inventar hamda ulardan foydalaniladigan (korxonaning mulkini hosil qiladigan) materiallar, dori-darmonlardan iborat. Bu mablag’larining barchasi korxona xodimlariga xizmat qilish hamda ularga zarur bo’lgan maishiy sharoitlarni yaratish uchun mo’ljallangan.
Buxgalteriya hisobida kapital ikkiga bo’lib hisobga olinadi: aktiv (harakatdagi) kapital va harakatdagi aktiv kapitalning manbaini ko’rsatuvchi passiv kapital.
Harakatdagi kapital quyidagilardan iborat:
Dostları ilə paylaş: |