3-rasm. Iste’molchi talabining o’zgarishiga ta’sir ko’rsatuvchi omillar7 8) Reklama ham talab darajasiga ta’sir qiladi. Radio, televidenie, matbuotdagi reklamalar hamda tovarning yuqori sifatli va xaridorni jalb etuvchi shaklda o’ralishi, qadoqlanishi, jilo berilishi hamda uning muayyan afzalliklari va qayerda sotilishi kabi axborotlar mazkur tovarga talabni kuchaytiradi.
Iste’molchi talabning tuzilishi yuqoridagi omillardan tashqari yana bir necha sabablarga ham bog’liq bo’ladi. O’tish davri iqtisodiyotida talabning tuzilishi murakkab bo’lib, uni to’la aniqlash juda qiyindir. Tanqislik, pulning qadrsizlanish darajasining yuqoriligi natijasida aholi imkoniyati boricha o’z mablag’larini, ko’pincha, oziq-ovqat zahiralarini to’plash uchun sarf qiladi. Natijada, talab tuzilishi soddalashadi.
Iste’molchi talabini o’zgartirish uchun nafaqat narxga, balki daromadga ham e’tibor berish darkor. Daromad kam bo’lsa talab qisqaradi, bozor torayib, ishlab chiqarish o’smay qoladi, natijada tadbirkorlar foyda ola bilmaydilar. Iqtisodiyotning o’sish sharti daromadni ko’paytirishdir. Binobarin, tadbirkorlar ishchi va xizmatchilarni yaxshi daromad bilan ta’minlasalar, ularning ishi yurishadi.
Ilg’or, rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitida esa talab, asosan, sifatli oziq-ovqatlar va boshqa mahsulotlarga o’smoqda.
Bundan tashqari xaridor bozorda tovar yoki xizmat sotib olayotganda mazkur tovarning unga kanchalik foyda yoki naf keltirishini xisobga olib xarid qiladi. Tovarning nafligi uni iste’mol qilishda xaridor oladigan qoniqishdir8.
Naflilik (Utility) – tovar va xizmatlarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlar qondirilishini ta’minlash, ya’ni ularning qanoatlantirish manbai bo’lish xususiyati hisoblanadi. Naflilik – jamiyat yoki biror bir shaxsni ehtiyojlarini qondira olish qobiliyatidir. Tovar va xizmatlarning nafliligi ularning sifati bilan bog’liq. Sifat ko’rsatkichlariga quyidagilarni kiritish mumkin: sog’liqqa foydaliligi, dizaynining estetik chiroyi, foydalanish osonligi, uzoq muddatliligi, qulayligi, individualligi, xavfsizligi, yuqori statusga ega ekanligi va boshqalar.
Bozordagi iste’molchilarning xatti-xarakatiga qarab naflilikni ikki xil tahlil qilish mumkin. Bu o’z navbatida ikki xil yondashuvni kelib chiqishiga ham sabab bo’lgan. Birinchisi, naflilikni son jihatdan o’lchab tahlil qilish, ikkinchisi, naflilikni son jihatdan o’lchab emas, balki tabaqalashtirish orqali, ya’ni yuqori va quyi naflilik, eng yaxshi va eng yomon naflilik va x.k.
Ma’lumki, iste’molchi bozorga chiqar ekan, u bir qancha turdagi tovar va xizmatlarga duch keladi. Yalpi naflilik (Total utility) – ma’lum bir vaqtda, ma’lum bir tovar yoki xizmatni iste’mol qilish natijasida olinadigan yalpi qondirish. Naflilik funksiyasi – iste’molchining individual istagini aniqlab beruvchi iste’mol xajmi va yalpi naflilik o’rtasidagi son jihatdan bog’liqlikni ko’rsatadi. Naflilik funksiyasi iste’molchining iste’mol qiladigan ne’matlar xajmi bilan, u ushbu ne’matlarni iste’mol qilish natijasida oladigan naflilik darajasini ifodalaydi. Naflilik funksiyasi orqali nafaqat umumiy naflilikni ifodalash mumkin balki, ketma-ket ne’matdan qo’shimcha bir birlik iste’mol qilish natijasida oladigan qo’shimcha o’sgan naf miqdorini ifodalovchi, chekli nafni ham aniqlash mumkin. Chekli naflilik (Mariginal utility) – bir birlik qo’shimcha iste’mol natijasida olinadigan qo’shimcha naflilikdir.
Iste’molchilik tanlovining to’g’rilik tamoyili bu yalpi va me’yoriy naflilik emas, balki, bir so’m xarajatga to’g’ri keladigan me’yoiy naflilikdir.
Lekin, bozor iqtisodiyotida tovar nafligining kamayib borishi qonuni bor, unga ko’ra har bir xarid qilingan keyingi tovarni iste’mol qilishdan olingan qoniqish pasayishga moyil bo’ladi, chunki iste’mol darajasi oshgan sari undan tuyinish hosil bo’ladi.
Masalan, zo’r ishtaha bilan tanovvul qilingan taom bora-bora xaridorga keltiradigan nafini kamaytirib boradi va undan tuyinish hosil bo’ladi. Shunda xaridor xohish-istaglari va didi o’zgarib boradi yoki avvalgi tovarga bo’lgan talab so’nadi.
Naflikning pasayish qonuni shuni ko’rsatadiki, ishlab chiqaruvchi o’z mavqeini saqlab qolish uchun bozorning tuyinishini hisobga olib, nafligi yuqori bo’lgan yangi tovarlarni bozorga ko’plab chiqarib turishi kerak. Shundagina ishlab chiqaruvchi o’z mahsulotlarini bozorda sotish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Xulosa qilib aytsak, talab qonuni ishlab chiqaruvchi bilan iste’molchi manfaatini, foyda olish va bozorni tuyintirish orqali aholi farovonligi ta’minlanishini uyg’unlashtiradi.
Tovar narxi va uning harid qilinadigan miqdori (talabning) o’rtasidagi teskari bog’liqlikni oddiy ikki o’lchamli grafikda ham tasvirlash mumkin: yotiq chiziq talab miqdorini, tik chiziq narxni ko’rsatadi.