1.1 Nomoddiy aktivlar hisobi haqida umumiy tushuncha va uni tashkil etish, uning maqsadi va vazifalari Nomoddiy aktivlarga patentlar, litsenziyalar, «nou-xou», savdo markalari, tovar belgilari, sanoat namunalari, dasturiy ta’minot, gudvill, tashkiliy xarajatlar, franshizalar, mualliflik huquqlari, er va tabiiy resurslardan foydalanish huquqlari, xizmat ko’rsatish belgilari va boshqalar kiradi.
Mavjud me’yoriy hujjatlar va amaliy tajribaga tayangan holda nomoddiy aktivlar auditini quyidagi tartibda o’tkazish maqsadga muvofiqdir: hisob ob’ektlarining nomoddiy aktivlar qatoriga to’g’ri kiritilganligi, intellektual mulk, sanoat namunalari va shunga o’xshashlar uchun korxonaga mulkiy huquq beradigan hujjatlarni tahlil qilish, hujjatlarda aks ettirilgan qiymat ko’rsatkichlarini o’rganish, nomoddiy aktivlar kirimi, eskirish hisoblash va hisobdan chiqarilishiga doir muomalalarning buxgalterlik hisobida to’g’ri aks ettirilishi; nomoddiy aktivlarning haqiqatda mavjudligini inventarizatsiya qilish; nomoddiy aktivlarni hisobga olish va uning huquqiy jihatdan to’g’ri rasmiylashtirilganligi haqidagi xulosalarni umumlashtirish va aniqlangan xato kamchiliklarni tuzatish bo’yicha tadbirlar belgilash.
Mohiyatiga ko’ra nomoddiy aktivlar qatoriga jismoniy shaklga ega bo’lmagan, lekin korxona faoliyatida uning boshqa aktivlari qatorida qatnashib daromad keltiruvchi mablag’lar kiritiladi.
Patentlar, litsenziyalar, savdo markalari, savdo belgilari, mualliflik huquqlari kabi nomoddiy aktivlarning mohiyati O’zbekiston Respublikasining tegishli yuridik qonunlari bilan tartibga solib turiladi.
Nomoddiy aktivlarning o’ziga xos belgilari quyidagilardan iborat: buyumlashgan ko’rinishga ega emasligi; uzoq vaqt davomida ishlatilishi; korxonaga foyda keltirish; ularni ishlatishdan olinishi mumkin bo’lgan foyda hajmining nisbatan yuqori darajadagi noaniqligi.
Nomoddiy aktivlarning mohiyatiga ko’ra xususiyatlarini ko’rib chiqamiz:
sanoat intellektual mulk ob’ektlariga kashfiyot huquqi, sanoat namunalari, tovar belgilari, savdo markalari, xizmat ko’rsatish belgilari kiradi. Kashfiyot huquqi kashfiyot egasiga qaror qabul qilish uchun maxsus berilgan huquqdir.
Kashfiyotlarni muhofaza qilishning eng ko’p tarqalgan tizimi ularni patentlashdir.
Patent - bu yuridik jihatdan tan olingan va ro’yxatga olingan mutlaq huquqdir. Patentga oid huquq uning egasiga tashqaridan boshqa shaxslar aralashmasligi sharti bilan patent amal qiladigan buyumdan, jarayon yoki faoliyatdan foydalanish, ularni ishlab chiqarish, sotish va nazorat qilish imkonini beradi.
Patentning patent organlarida ro’yxatdan o’tkazilishi uning himoyalanishiga kafolat bermaydi va u sudda muvaffaqiyat bilan himoyalanmaguniga qadar raqobatbardosh bo’la olmaydi. Shuning uchun ham sudda muvaffaqiyatli himoya qilinishi bilan bog’liq xarajatlarni patent bahosining bir qismi sifatida kapitallashtirish lozimligi to’g’risida umumiy kelishuv mavjud.
Agarda sud jarayoni boy berilgan bo’lsa, u bilan bog’liq xarajatlar ham amortizatsiya qilinmagan patent qiymati ham hisobdan chiqariladi. Patentning balans qiymati zarardan nolga teng bo’lishi mumkin bo’lgan qiymatgacha kamaytiriladi.
Sanoat mulklari ob’ektlarining o’ziga xos xususiyati, ularga egalik huquqini tasdiqlovchi muhofaza hujjatlarining mavjudligi hisoblanadi.
Audit jarayonida nomoddiy aktivlar muhofaza hujjatlarinnig haqiqiyligiga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Bunda, qoidaga ko’ra patent egasida saqlanadigan, faqat bitta rasmiy muhofaza hujjati berilishini, mazkur ob’ektdan litsenziyaga asosan foydalanadigan shaxslarda esa muhofaza hujjatining nusxasi bo’lishi lozimligini nazarda tutish kerak.
Xalqaro amaliyotda «nou–xou» tushunchasi bozor oborotida tijorat qadr - qimmatga ega bo’lgan, istalgan ilmiy, texnikaviy, ishlab chiqarish (tashkil etish va boshqaruv tizimini qo’shgan holda) axborotlarini o’z ichiga olishi mumkin.
Shuningdek, «nou–xou» huquqlari ya’ni texnik-tajriba yoki ishlab chiqarish sirlari ham sanoat mulki ob’ektlariga taalluqlidir. Bunday huquqlar, odatda, yuridik kuchga ega bo’lgan qandaydir hujjatlar bilan tasdiqlanmaydi, lekin ular tijorat siri hisoblanadi va maxsus muhofaza qilishni talab etadi.
Amalda axborotlarga monopol egalik qilish huquqning vujudga kelishiga asos bo’lib xizmat qiladi. «Nou - xou» ni muhofaza qilish shartlari quyidagilardan iborat. Birinchidan, axborotning uchinchi shaxsga ma’lum bo’lmasligi uning tijoriy qadr-qimmatiga zarur shart - sharoit (zamin) bo’lib xizmat qiladi.
Ikkinchidan, u uchinchi shaxslarning bemalol kirishlari uchun yopiq bo’lishi kerak (qonun asosida). Uchinchidan, axborot egasi uning maxfiyligini muhofaza qilish uchun zarur chora - tadbirlarni qo’llashi lozim. Ushbu maxfiylik shartlaridan birortasining buzilishi axbrot egasini uni himoya qilish huquqidan mahrum etadi. «Nou-xou» egasi huquqlarini himoya qilish O’zbekiston Respulikasi Fuqarolik Kodeksi va boshqa tegishli qonuniy hujjatlar bilan amalga oshiriladi.
Savdo markalari - kompaniyalarga, mahsulot yoki xizmatlarga oid berilgan nomlar, ramzlar yoki boshqa xil (aniqlab beruvchi) identifikatsiyalar. Ular egalik qilishni asoslash uchun ro’yxatga olinishi, ro’yxatga olinganlari esa - ularning faoliyat muddatlarini ma’lum bir davrga uzaytirish asosida yangilanib borishi mumkin. Bunday hollarda nomlanishlar, ramzlar va mahsulotning boshqa aniqlovchi identifikatsiyalari yuridik jihatdan himoyalanadi.
Savdo markasini sotib olish chog’ida to’langan pul mablag’lari summasi kapitallashtirib boriladi. Unga ishlov berish, uni himoya qilish, kengaytirish, ro’yxatdan o’tkazish yoki sudda himoya qilish natijasida yuzaga kelgan summalar ham kapitallashtiriladi.
Shu tariqa kapitallashtirilgan summalar savdo markasining foydali xizmat qilishi muddati mobaynida yoki ushbu muddatlardan qaysi biri nisbatan qisqa bo’lib chiqishidan kelib chiqqan holda - 40 yil mobaynida amortizatsiya qilinishi lozim.
Tovar belgilari birorta korxona tovar (xizmat)larini boshqa korxonalar tovarlari yoki xizmatlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan belgilardir. Ular og’zaki, tasviriy, hajmli va boshqacha ko’rinishlarda bo’lishlari mumkin. Asosiy faoliyati har xil xizmat ko’rsatishdan iborat bo’lgan (mehmonxona, turistik byuro, transport korxonasi va shunga o’xshash) tashkilotlar tomonidan foydalanadigan xizmat ko’rsatish belgilari ham tovar belgilariga tenglashtirilgan. Tovar belgilari va xizmat ko’rsatish belgilari ishlatiladigan tovarlar yoki ko’rsatiladigan xizmatlarga maxsus (alohida) huquqqa egalikni tasdiqlaydi. Bu belgilar tovarlarga yoki qadoqlangan idish(upakovka)larga, chizmalarga, prospektlarga, schyotlarga, blankalarga, tovarlarni kuzatuvchi yoki ularni sotishga doir muomalalar bilan bog’liq hujjatlar yorliqlariga tushiriladi.
Tovar belgisi guvohnomasi tovar belgisidan foydalanadigan shaxsning huquqini tasdiqlovchi muhofaza hujjati bo’lib hisoblanadi.
Foydali model ishlab chiqarish vositalari va iste’mol buyumlarining, shuningdek, ular tarkibiy qismlarining konstruktiv bajarilishi kabi tavsiflanadi. Foydali model guvohnomasi foydali modelni ishlatish uchun uning egasiga maxsus huquq beruvchi muhofaza hujjati bo’lib hisoblanadi.
Sanoat namunalari uchun huquq xalq iste’mol tovarlari va ishlab chiqarish texnik mo’ljaldagi buyumlarning tashqi ko’rinishini belgilaydigan, badiiy konstruktorlik echimlardan foydalanish huquqidir. Sanoat namunalari jismonan hajm egallaydigan model (avtomobil, samolyot, idish, stanok, mebel va shunga o’xshash), yoki yassi tasvirli sanoat rasmi (gazmol, gilam, shrift va shunga o’xshash) ko’rinishda bo’lishi mumkin.
EHM uchun dastur ta’minoti va ma’lumotlar bazasining qiymati nomoddiy aktivlar sifatida ularni xarid qilish sarflari va korxonaning o’zida ishlab chiqish sarflarini ifodalaydi, shu bilan birga dastur ta’minoti standart yoki buyurtmali bo’lishi mumkinligi ham hisobga olinadi.
Dastur vositalari texnik (shu jumladan dastur va ishlatiladigan) hujjatlashtirish bilan birgalikda ma’lumotlarni ifodalovchi vositada namoyish etadi. EHM uchun dastur ta’minotlarini va ma’lumotlar bazasini muhofaza qilish mualliflik huquqi vositalari orqali amalga oshiriladi.
Firmaning amaliy shuhrati - Goodwill - buxgalterlik hisobi va auditga oid adabiyotlarda har xil nomlanadi. Masalan, firmaning bahosi, firmaning yaxshi nomi, firmaning amaliy aloqalari va boshqalar. Firmaning amaliy shuhratiga har xil omillar ta’sir etadi. Jumladan, xaridorlar, kreditorlar va xizmatchilar bilan munosabatlar, ishlab chiqarish va boshqaruv tuzulmasi, firmaning joylashgan o’rni va boshqalar. Nomoddiy aktivlarning bu turi o’zining mazmuniga ko’ra sotgan korxona balansida turgan mulklarning bahosi bilan sotib olgan korxona tomonidan to’langan haqiqiy baho o’rtasidagi farq sifatida ifodalanadi. Ko’rinib turibdiki, nomoddiy aktivlarning bu turi odatda bir korxona tomonidan qandaydir bir boshqa biron bir korxonani sotib olishda vujudga keladi.
Agar sotilayotgan korxona yoki xaridorlar firma obro’sining qiymatini oldindan bilishni hohlasalar, u holda ular kompaniya oladigan o’rtacha tarmoq foydasidan oshadigan foyda normasidan kelib chiqib hisoblab chiqarishlari mumkin.
Tashkiliy xarajatlar - korxona faoliyatini tashkil qilish chog’ida qilinadigan xarajatlardir. Unga bevosita taalluqli bo’lgan xarajatlar (masalan, yuridik, buxgalteriya, devonxona va harakatlanish xarajatlari) tashkiliy xarajatlar sifatida kapitallashtirilishi mumkin. Mazkur holatda ushbu xarajatlarning kelgusi davrda foyda keltirishi kapitallashtirish uchun asos bo’lib hisoblanadi. Faoliyatning birinchi yilida jami summalarni xarajatlarga kiritish xarajatning daromad bilan muvofiq kelmasligiga olib keladi.
Ishlab chiqarish faoliyati muddati noaniq deb hisoblanishi bois ushbu xarajatlardan foyda olish davrini ham odatda aniqlash mumkin emas. Shu sababdan ham tashkiliy xarajatlarning aktiv sifatida tan olinishi biznesning aniq turiga bevosita bog’liq bo’ladi. Tashkiliy xarajatlar, ixtiyoriy tanlangan qisqa vaqt davri mobaynida amortizatsiya qilinadi.
Franshizalar odatda hukumat organlari tomonidan davlat mol-mulkidan (masalan, kabel televideniesi kompaniyasi) foydalanish huquqiga egalik qilish uchun yoki kommunal xizmatlar ko’rsatish (elektr energiyasi), shuningdek xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan aniq maqsadlar va aniq xizmatlardan foydalanish huquqiga egalik qilishlari uchun beriladi.
Franshiza to’g’risidagi har bir shartnoma franshiza haqiqiy bo’lib hisoblanadigan davrni, shuningdek franchayzor (foydalanishga oid huquq imtiyozini beruvchi sub’ekt)ning va franchayzi (ushbu imtiyozni oluvchi sub’ekt)ning huquq va majburiyatlarini aniqlashtiradi.
Ko’pincha franshizani olish qiymati yuqori bo’ladi va odatda franchayzi franchayzorga uning boshlang’ich qiymati kapitallashtirilishi va undan keyingina xarajatlar yuzasidan hisobdan chiqarilishi lozim. Agar u ma’lum bir muddat asosida cheklab qo’yilgan bo’lsa, uning qiymati oqilona va muntazam tarzda mazkur davr uchun amortizatsiya qilinishi lozim. Agar ma’lum aniq bir muddat belgilanmagan bo’lsa, amortizatsiya qilish uning oldingi davriy baholari bilan birgalikda aniq belgilangan xizmat qilish muddatiga asoslanishi lozim. Mazkur baholashlar oldingi baholashlarning qayta ko’rib chiqilishi zaruratini aniqlash maqsadida o’tkaziladi. Biroq to’liq amortizatsiya davri 40 yildan oshib ketishi mumkin emas.
Imtiyozdan foydalanuvchi sub’ekt tomonidan uni beruvchi sub’ektga xizmatlarga oid yillik va joriy to’lovlarni (masalan, rag’batlantirish tadbirlarida, tashkiliy masalalarni hal qilish borasida yordam ko’rsatganlik uchun) ularni kelgusida o’lchanadigan foyda keltirmasligi sababli, ilgari bo’lgan xarajatlar bo’yicha hisobdan chiqarilishi lozim. Agar franshiza o’z qiymatini yo’qotsa yoki qonun tomonidan bekor qilinadigan bo’lsa, amortizatsiya qilinmagan summa zudlik bilan zarar sifatida hisobdan chiqariladi.
Mualliflik huquqlari bu fan, adabiyot yoki san’at asarlarini nashr qilish, ommaviy ijro etish yoki boshqacha tarzda foydalanish uchun maxsus beriladigan huquqdir. Muallifga shaxsan mulkiy va mulkiy bo’lmagan huquqlar biriktiriladi.
Muallifning hayotligida yoki o’limidan so’ng begona qilinmaydigan yoki boshqa birovga o’tkazilmaydigan mualliflik huquqi muhim nomulkiy huquq hisoblanadi.
Mualliflik mulkiy huquqi asarlardan foydalanish va boshqa shaxslarga o’tkazish, shuningdek, avloddan-avlodga o’tkazishda unga tegishli maxsus huquqqa asoslanadi.
Mualliflik huquqi fan, adabiyot yoki san’at asarlarining yaratilishi bilan vujudga keladi va uni himoyalash sud orqali amalga oshiriladi.
Shunday qilib, sanoat, intellektual mulklar auditining boshqa aktivlar auditidan farq qiluvchi tavsiflovchi xususiyatlari ob’ektlarni ekspertiza qilish va ulardan kelib chiqadigan huquqlarni tahlil qilishdan iboratdir. Shuning uchun ushbu ob’ektlar auditida bu ob’ektlarga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni texnik tahlil qilish zarur. Buning uchun sanoat va intellektual mulk ob’ektlaridan foydalanishni yuridik rasmiylashtirish va huquqiy muhofaza qilish sohasida ishlaydigan, patent bilan ishonch bildirilgan mutaxassislarni konsul’tant sifatida jalb etish kerak.
Avval aytib o’tilganidek, bulardan tashqari, nomoddiy aktivlarga er uchastkalari va tabiiy resurslardan foydalanish huquqi, ilmiy-tadqiqot va tajriba - konstruktorlik ishlari uchun qilingan uzoq muddatli xarajatlar va firmaning amaliy shuhrati (mavqeyi) kiradi. Er uchastkalari va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish huquqlari ular egalarining tegishli ravishda xo’jalik faoliyati uchun yoki boshqa maqsadda foydalanishga alohida huquqqa egaligini nazarda tutadi. Shuni nazarda tutish kerakki, erdan foydalanish huquqiga egalik mazkur er uchastkasining mulk qilib olinishini bildirmaydi. Korxona ushbu erdan sotish huquqiga ega bo’lmasdan foydalanishi mumkin.
Ilmiy tadqiqot va tajriba - konstruktorlik ishlanmalari u yoki bu muayyan amaliy maqsad yoki qo’llash sohasiga tegishli bo’lmasdan butkul bilimlarni oshirishga ko’maklashadigan, asosan ilmiy - tadqiqotlar natijasida olingan bilimlardan foydalanish uchun yo’naltirilgan amaliy tadqiqotlar: muayyan buyumlar yoki jarayonlar sifatini yaxshilash, joriy qilish uchun o’tkaziladigan tajriba - konstruktorlik ishlari.
Nomoddiy aktivlar haqidagi ma’lumotlarni balansda aks ettirish borasida har xil mamlakatlarda turlicha yondoshuvlar mavjud, shuningdek bir xil iqtisodchilarning o’zlarida bu mablag’larga nisbatan qarama-qarshi tushunchalar uchraydi. Milliy va xalqaro standartlarda ko’rsatilishicha, u yoki bu birliklarni balans aktiviga qo’shish shunday hollarda bo’lish mumkinki, agar u to’g’risidagi ma’lumotlar ishonchli va uning pulda baholanishi asoslangan bo’lsa, agar shu birlikdan iqtisodiy resurslar yoki iqtisodiy foyda olish ehtimoli mavjud bo’lsa.