Asosiy tayanch tushunchalar Natural ishlab chiqarish – mahsulotlar ishlab chiqaruvchining o‘z ehtiyojlarini qondirish, ichki xo‘jalik ehtiyojlari uchun mo‘ljallagan ishlab chiqarish.
Tovar – biron-bir naflilikka va qiymatga ega bo‘lgan, ayirboshlash uchun yaratilgan mahsulot.
Tovar ishlab chiqarish – mahsulotlarni o‘z iste’moli uchun emas, balki bozorda sotish, ayirboshlash uchun va boshqalarning ehtiyojini qondirish maqsadida ishlab chiqarish.
Naflilik – tovarning kishilarning biron-bir narsaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish layoqati.
Ijtimoiy zaruriy naflilik – talab miqdoriga mos keladigan miqdordagi naflilik.
Qiymat – tovarda gavdalangan ijtimoiy-zaruriy mehnat.
Almashuv qiymati – biror turdagi iste’mol qiymatning boshqa turdagi iste’mol qiymatga ayirbosh qilinadigan miqdoriy nisbati, ayrim tovarlar qiymatining boshqa tovar qiymatida ifodalanishi.
Ijtimoiy zaruriy ish vaqti – muayyan ijtimoiy normal ishlab chiqarish sharoitida va muayyan jamiyatdagi mehnat malakasi va jadalligi darajasi o‘rtacha bo‘lgan sharoitda biron bir tovarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ish vaqti.
Qiymat qonuni – tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash uning qiymati asosida amalga oshishini, qiymatning o‘zi esa ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari orqali o‘lchanishini ifodalovchi sabab-oqibat bog‘liqligi.
Aniq mehnat – ma’lum maqsadga qaratilgan, muayyan bir shaklda sarflanadigan va aniq turdagi iste’mol qiymatlarni, naflilikni vujudga keltiradigan mehnat.
Abstrakt mehnat – turli tovarlarda gavdalangan mehnatning aniq shaklidan qat’iy nazar umuman inson mehnatining sarflanishi, ijtimoiy mehnatning bir qismi.
Mehnat unumdorligi – aniq mehnatning vaqt birligi ichida mahsulot ishlab chiqarish qobiliyatidir. U ma’lum vaqt davomida ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori yoki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun ketgan vaqt bilan o‘lchanadi.
Mehnat intensivligi – vaqt birligi ichida mehnatning sarflanish tezligi yoki jadalligining oshib borishi.