Iqtisodiy o‘sishda Keynschilar modeli va neoklassik modellari.
Iqtisodchi olimlarning iqtisodiy o‘sish omillarini o‘rganish hamda uning kelgusidagi natijalarini bashorat qilish borasidagi tadqiqotlari pirovardida turli iqtisodiy o‘sish modellarining yaratilishiga olib keldi. Iqtisodiy o‘sish modellari yalpi ishlab chiqarishning uzoq muddatli ko‘payishi taklif omillariga tayangan holda tahlil etish imkonini beradi. Ushbu yo‘nalishlar doirasida iqtisodiy o‘sishning turli nazariy modellari yaratila boshlandi. XX asrning o‘rtalarida keynschilikning makroiqtisodiy muvozanat nazariyasi asosida yangi yo‘nalish, ya’ni neokeynschilik vujudga keldi. Iqtisodiy o‘sishning dinamik modellarini ishlab chiqqan neokeynschilik vakillari orasida ingliz iqtisodchisi Roy Xarrod (1900-1978) o‘z modelida ishchi kuchi, aholi jon boshiga daromad va naqd kapital o‘sishi o‘rtasidagi munosabatlarni tadqiq qildi.1 U milliy daromadning kapital sig‘imlilik darajasini ifodalovchi «kapital koeffitsienti» tushunchasini yaratdi. R.Xarrod kapital sig‘imlilik mezonidan texnika taraqqiyotining iqtisodiyotga ta’sirini tahlil qilishda foydalandi.
Amerikalik iqtisodchi, neokeynschilik yo‘nalishi vakili Evsey Domar (1914-1997) ham R.Xarrod tadqiqotlaridan bexabar ravishda mutanosib iqtisodiy o‘sishning biroz boshqacharoq modelini taklif etdi. U J.M.Keynsning investitsiyalar daromadni shakllantirish orqali talabni oshiradi, degan fikriga qo‘shimcha qilib, investitsiyalar bir vaqtning o‘zida tovarlar taklifining oshishiga ham olib keladi, deb ta’kidlaydi.2 E.Domar va R.Xarrod modellarida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi omil sifatida investitsiyalar keltiriladi, chunki ular multiplikativ ta’sirga ega va shuning uchun barqaror o‘sishni ta’minlaydi. Ushbu modelda J.Keynsdan farqli o‘laroq takror ishlab chiqarish jarayoni uzoq muddatli davr dinamikasida tadqiq qilingan. Xarrod-Domar modeli bozor iqtisodiyotining o‘z-o‘zini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘la olmasligini asoslab berdi.