1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yo‘nalishlari hisoblansin:
birinchidan, soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish;
ikkinchidan, soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazaning o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta’minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan ishonchli axborotni o‘z muddatida taqdim etish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish;
uchinchidan, soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;
to‘rtinchidan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish obyektlarini to‘liq qamrab olishni ta’minlash va soliq solinadigan bazani kengaytirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish;
beshinchidan, faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko‘maklashish, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish, o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish;
oltinchidan, soliq solish masalalarida, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish;
ettinchidan, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, soliq organlarini ma’naviy-axloqiy jihatdan yuqori malakali xodimlar bilan to‘ldirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish.