Simpatolitiklar
Bu guruhga kiruvchi preparatlar adrenolitiklardan farmakologik ta'sir etish joyiga ko`ra ajralib turadi. Simpatolitiklar bevosita adrenoretseptorlarga ta'sir ko`rsatmay, simpatik nerv tolalari oxiridagi mediatorlar deposiga kor qilib, ayrim preparatlari noradrenalinning sintezini to`xtatadi, boshqalari esa (oktadin, ornid, rezerpin) mediatorni depodan chiqishini tezlashtiradi, uni qayta so`rilishini esa kamaytiradi (29-rasm).
Simpatolitiklar ham adrenolitiklar singari ko`pchilik qon tomirlari tonusini pasaytiradi, ularni kengaytiradi va qon bosimi pasayadi. Bu samara qon bosimi ko`tarilganida ko`proq seziladi. Shuni aytib o`tish kerakki, ayrim hollarda simpatolitiklar ta'sirida qon bosimi pasayishidan oldin qisman ko`tariladi va keyinchalik tushib boradi. Bu samara preparatlar ta'sirida depodan noradrenalinning ajralishi va adrenoretseptorlarning qisman qo`zg`alishi natijasida kelib chiqadi.
Simpatolitiklarning gipotenziv ta'siri asosiy hisoblanib, tibbiyot amaliyotida gipertoniyani davolashda ko`p ishlatiladi. Bu guruhga rezerpin, oktadin, ornid preparatlari kiradi.
Rezerpin, oktadin noradrenalinni depodan chiqarib yuborib, mediator zahirasini kamaytiradi, hosil bo`layotgan yangi molekulalar KOMT va MAO ta'sirida parchalanib turadi. Bundan tashqari, oktadin noradrenalinning depoga qayta o`tishini kamaytiradi. Bu preparatlar yuborilgandan keyin ularning gipotenziv ta'siri asta-sekin boshlanib, 12-24 soat ichida yuqori pog`onaga ko`tariladi. Qon bosimi tushishidan oldin qisman ko`tariladi (10-20 daqiqa), keyin esa asta-sekin pasaya boradi. Preparatlar asosan gipertoniya kasalligining I va II bosqichida ishlatiladi.
Ornid. Farmakologik ta'siri bo`yicha rezerpin va oktadindan qisman farq qiladi. U depodan mediator ajralib chiqishiga yo`l qo`ymaydi. Preparat ayrim noxush ta'sirlarga ega bo`lgani uchun tibbiyot amaliyotida kamroq ishlatiladi. Asosan taxiaritmiyada tavsiya etiladi.
Dostları ilə paylaş: |