2.2. Agrosanoat majmuasi tarkibidagi tarmoqlar o`rtasidagi munosabatlar
Agrosanoat majmuasining maqsadidan kelib chiqqan holda uning ishlab chiqarish jarayonida o`zaro uzviy bog`langan quyidagi bosqichlar mavjud:
agrosanoat majmuasi tarkibidagi tarmoqlar uchun ishlab chiqarish vositalari ishlab chiqarish;
qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqarish;
majmua takror ishlab chiqarish jarayonida ishlab chiqarish, texnikaviy va texnologik xizmatlarni amalga oshirish;
qishloq xo`jalik mahsulotlaridan oziq-ovqat hamda iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish, saqlash;
oziq-ovqat hamda xalq iste'moli tovarlarini iste'molchilarga yetkazib berish.
Qishloq xo`jalik korxonalari o`z ishlab chiqarishlarini rivojlanishini va samaradorligi yuksalishini ta'minlash maqsadida ekologiyaga salbiy ta'sir ko`rsatmaydigan, kimyoviy vositalarni, yoqilg`i, yonilg`i materiallarini bevosita sanoat tarmoqlaridan sotib olish uchun shartnoma tuzadilar. Ular shuningdek, texnikalarini ta'mirlatish, yerlarini haydash, ekinlarni ekish, yyetishtirilgan hosilni yig`ib-terib olish maqsadida ixtisoslashgan mashina-traktor parklari bilan, hasharotlarga hamda zararkunandalarga qarshi kurash maqsadida esa kimyoviy xizmatlarni amalga oshiradigan tashkilotlar bilan, ekinlarning suvga bo`lgan talabini qondirish uchun suv xo`jaligi tashkilotlari bilan shartnomalarni rasmiylashtiradilar. Shartnomalarning shartilari bajarilishini tomonlar, albatta, ta'minlashlari kerak.
1994-2009 yillarda qishloq xo`jalik mahsulotlarining bahosi ularning turlari bo`yicha 80-90 marta oshgan bo`lsa, sanoat mahsulotlarining baholari esa 800-950 martaga o`sgan. Ular o`rtasidagi o`sish farqi 1 ga 10 ni tashkil etgan. Ya'ni qishloq xo`jalik mahsulotlarining bahosi 1 marta oshgan bo`lsa, shu tarmoqda foydalanilayotgan, sanoat mahsuloti hisoblangan ishlab chiqarish vositalarining baholari 10 martaga oshgan. Qishloq xo`jaligi hamda sanoat tarmoqlari mahsulotlarining baholari o`rtasidagi nomutanosiblikni yana quyidagi ma'lumotlardan ham ko`rish mumkin:
1991 yilda bir dona «TTZ-80» markali traktorni sotib olish uchun 3,7 tonna paxta xomashyosini sotishdan olingan pul etgan bo`lsa, 2008 yilda shu traktorni sotib olish uchun esa 92,8 tonna paxta xomashyosini sotish kerak bo`lgan. Bu boradagi mutanosiblik 1991 yilda 1:3,7 bo`lgan bo`lsa, 2002 yilda 1:89,7 bo`lgan, ya'ni farq 24,2 martani tashkil etgan.