ta’sischilarning kelishuviga muvofiq amalga oshirilishi, qonunda ko’zda tutilgan hollarda esa mustaqil ekspert baholashi lozim. Ustav kapitaliga ulushlarning haqqoniy qo’shilganligini auditor ta’sischilar bilan hisob- kitoblarni tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi va to’g’ri rasmiylashtirilganligini tekshirish orqali aniqlaydi. Tasdiqlovchi hujjatlarda ustav kapitalini shakllantirish to’g’risida ko’rsatilgan bo’lishi lozim. Bu nafaqat muomalani buxgalteriya hisobi schyotlarida to’g’ri aks ettirish uchun, balki soliqlar bo’yicha imtiyozlarni qo’llashning to’g’riligini asoslash uchun ham muhimdir. Dastlabki hujjatlar (asosiy vositalarni, nomoddiy aktivlarni qabul qilish-topshirish dalolatnomalari, yuk xatlari, schyotlar, kassa hisobotlari, bank ko’chirmalari, to’lov topshiriqnomalari va b. ) bo’yicha ustav kapitaliga qo’shilgan ulushlarning tegishli schyotlarda to’g’ri aks ettirilganligi tekshiriladi. Ustav kapitaliga qo’shilgan ulushlarni tekshirishda auditor ishtirokida inventarizatsiya o’tkazish maqsadga muvofiq. Bunda ustav kapitaliga ulush sifatida ishlashga yaroqsiz asosiy vositalar, amaliy qiymatini yo’qotgan nomoddiy aktivlar qo’shilgan holatlar aniqlanishi mumkin. Ustav kapitali o’zgarishining asosliligini tekshirish 8310-«Ustav kapitalini hisobga olinadigan schyotlar»(8310, 8320, 8330-schetlar) bo’yicha hisob registrlarining yozuvlarini tekshirish yo’li bilan amalga oshiriladi. Bunday yozuvlar ustav kapitali beligilangan tartibda ko’paytirilgan yoki kamaytirilgan holatdagina, faqat aktsiyadorlik jamiyatining ta’sis hujjatlariga tegishli tarzda o’zgartirishlar kiritilganidan so’ng amalga oshiriladi.