I BOB. SHARQ MUTAFAKKIRLARINING KONFLIKTLARNI YUZAGA KELISH SABABLARI
1.1. Pedagogik nizolarning asosiy sabablari.
«Pedagogik jarayondagi aloqalar tizimida o'qituvchi bilan o'quvchi o'rtasidagi muomala-munosabatlar katta o'rin egallaydi. Muallim pedagogik jarayonda asosiy figura, yetakchi kishidir. O'qituvchi pedagogik ishda fidoyilik ko'rsatib, muallimlik burchini yuksak darajada bajarib, bolalarga bilim berib, ular qalbiga halollik, go'zallik, haqiqat, odob-axloq nurini singdira olsa sharafli vazifasini dog' tushirmay bajargan sanaladi, hurmat-e'tibor topadi. Shogirdlari tomonidan ulug'lanadi.
Afsuski, hamma muallimlar haqida ham shunday deyish qiyin. O'zining dag'al muomalasi bilan bolaning ko'nglini o'qishdan sovitib, dilini o'rinsiz ranjitadiganlar ham uchrab turadi. Pedagogik amaliyot, badiiy adabiyotda bunga misol bo'ladigan dalillar ko'p. Bundaylar yoshlar tarbiyasiga, ularning axloqiga salbiy ta'sir etadilar. Tarbiyaviy ishlarga tuzatish qiyin bo'lgan darajada ziyon yetkazadilar. Natijada o'qituvchi bilan o'quvchi, talaba o'rtasida nizo tug'ila boshlaydi.
Barkamol, ijodkor shaxsni shakllantirishga, tarbiyalashga doir axloqiy normalar pedagogik etikada ifodalangan. Tarbiyalanuvchiga ijobiy ta'sir o'tkazish shartlaridan biri o'zaro ishonch, hamjihatlikda maqsad sari ustoz va shogird maqomida hamkorlikda intilishdir. Bu qonuniyat pedagogik amaliyotda ko'p marta sinovdan o'tgan va o'zini oqlagan. Muallimlar, talabalar bilan o'tkazilgan suhbat natijalari shundan dalolat beradiki, maktabda xushmuomala, o'quvchilarga ham ota-ona, do'st, rahbar bo'la olgan o'qituvchilargina muvvafaqiyatlarga erishadilar. Aksincha qo'pol, o'zini bosolmagan, o'ylamay hukmlar chiqarishga moyil o'qituvchilar muammolar orasida qoladilar.