Xaydovchini kasbiy faoliyatini psixologik xususiyatlari ustida amallar bajarish 1. Haydovchilarning sezish va qabul qilishlarni amalda o`rganish
2. Yo‘l-transport hodisalarini oldini olishda va baholashda
fikrlash qobiliyatlarini amalda o`rganish
3. Mavzuga oid testlar ishlash.
Haydovchi avtomobilni boshqarar ekan u zarur bo‘lgan axborotlarni qisqa muddat ichida qabul qilib olishi, ularni anglab etishi va avtomobilni boshqarish bo‘yicha echimlar qabul qilib ularni amalga oshirishi kerak. Bu erda yana shuni eslatib o‘tish joizki, boshqa kasbdagi operatorlar asosan axborotlarni tayyor holda o‘lchov asbablari yordamida qabul qilib olsa haydovchi kerakli axborotlarni asosiy qismini bevosita yo‘lni va undagi ob’ektlarni ko‘rish, eshitish va sezish a’zolari yordamida qabul qilib oladi. Agar haydovchi qabul qilib olayotgan axborotlar juda ko‘p va tez o‘zgarib tursa, haydovchi ularni o‘z vaqtida anglab etolmay qolishi bu esa o‘z navbatida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Haydovchi avtomobilni o‘zi xoxlaganidek boshqarib bora olmaydi. U uzluksiz ravishda boshqa harakat qatnashchilari bilan munosabatda bo‘lishi ularning hatti-harakatlariga mos ravishda avtomobilni boshqarishi kerak bo‘ladi.
Bulardan tashqarii haydovchi qabul qiladigan echimlarga boshqa harakat qatnashchilarining hatti-harakatlarining oldindan bila olishi, ob-havo va boshqa omillar ham katta ta’sir ko‘rsatadi.
Odatda haydovchining kasbiy faoliyatini baholashda ikkita o‘lchovdan foydalaniladi-samaradorlik va ishonchlilik.
Haydovchilik faoliyatining samaradorligi birinchi galda haydovchini shaxs sifatida individual sifatlariga, kasbiy tayyorgarlik darajasiga, jismoniy baquvvatligi va sog‘ligiga bog‘liq.
Haydovchiga axborotlar signal yordamida yuboriladi. Signallar biron-bir jarayonlar natijasida vujudga keladi yoki haydovchi uchun maxsus mo‘ljallangan turlarga bo‘linadi. Ularning birinchisi tabiiy, ikkinchisi esa, sun’iy signal deb ataladi. Haydovchi signallarni ko‘rish, eshitish va sezish a’zolari yordamida qabul qilib oladi.
Signallar bir qancha xususiyatlarga ega bo‘lib, ular quyidagi turlarga bo‘linadi: rangi, kuchi, o‘lchamlari, shakli, joylashuvi, siljishi, paydo bo‘lishi va davom etish vaqti, paydo bo‘lish ehtimoli va boshqalar.
Signalning rangi. Inson ko‘zi orqali juda ko‘p ranglarni bir-biridan ajrata oladi. Tajribani ortishi bilan u ajrata olishi mumkin bo‘lgan ranglarning soni ham ortib boradi (rassomlar bir necha ming rangni ajrata oladi). Insonlar eng oson ajrata oladigan ranglar qizil, yashil, havorang, sariq hamda qora va oq ranglardir.
Signal kuchi. Sezish a’zolariga ta’sir qiluvchi signallarni haydovchi qabul qila olishi uchun ular ma’lum bir kuchga ega bo‘lishi kerak. Ta’sir etuvchi signalning eng kichik qiymatini sezish ostonasi deb ataladi. Signalning kuchi kichik bo‘lganida haydovchi uni o‘z vaqtida qabul qila olmay qolishi mumkin. SHu bilan birga signal juda kuchli bo‘lsa, u haydovchining psixofiziologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Signalning o‘lchamlari. Haydovchi axborotlarni ko‘zi orqali qabul qilishida signalning o‘lchamlari katta rol o‘ynaydi. Bunda signalning «burchak o‘lchamlariga» alohida ahamiyat berish kerak, chunki bitta o‘lchamli predmet har xil masofada haydovchiga har xil kattalikda ko‘rinadi. Masalan, samolyot osmonda uchib ketayotganda juda kichkina, erda turganda unga yaqinlashgan sari kattalashib boradi.
Signalning shakli. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, haydovchi ko‘zi orqali shakli to‘g‘ri bo‘lgan, ya’ni nuqta, to‘g‘ri chiziq, uchburchak, kvadrat shaklidagi predmetlarni yaxshi ajrata olar ekan. SHakli to‘g‘ri bo‘lmagan predmetlarni ajrata olishni osonlashtirish uchun barchaga ma’lum bo‘lgan predmetlarning soyasini qo‘llash yaxshi natijalar beradi. Bularga misol qilib yo‘l belgilaridagi odamlar, hayvonlar va boshqalarning soyasini aks ettirilishini ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Signalning joylashuvi. Haydovchining tajribasini ortib borishi bilan u qabul qila oladigan signallarning kuchi yoki rangi emas, balki joylashuvi ko‘proq rol o‘ynaydi. Masalan, yoqilg‘i miqdorini kamayib qolganini ko‘rsatuvchi qizil chiroqni doim bir joyga joylashuvi va o‘sha joyda paydo bo‘lishi.
Signalning harakati. Signalni aniqlash va tushinib olishda ularni haydovchiga qay tarzda uzatilishi muhim o‘rin tutadi. Masalan, tovushli signal kuchini vaqt davomida ortib borishi.
Signalning uzatish vaqti. Haydovchi har bir signalning qabul qilib olish va uni anglab etishi uchun ma’lum bir vaqt (odatda 0.1 sek) zarur bo‘ladi. Agar signalni paydo bo‘lish vaqti bu vaqtdan kichik bo‘lsa, haydovchi uni anglab ulgurmaydi.
Haydovchi avtomobilni xavfsiz boshqarishi uchun yo‘l sharoiti, o‘zi boshqarayotgan avtomobilni boshqa harakat qatnashchilariga nisbatan egallab turgan holati haqida axborotlarni o‘z vaqtida qabul qilib olishi va anglab etishi kerak. Haydovchi bunday axborotlarni sezish va qabul qilish a’zolari yordamida oladi.
His qilish. Sezgi a’zolarga ta’sir qiluvchi predmet va voqelikning xususiyatlarini inson ongidagi aks etishi his qilish deb ataladi. Sezish a’zolariga quyidagilar kiradi: ko‘rish, bo‘g‘in-mushak, eshitish, teri, bosh va tanani fazodagi o‘zgarishini aniqlovchi a’zo va boshqalar.
Idrok etish. Predmetlarni va voqelikni mujassam holda aks ettiruvchi psixik jarayon idrok etish deb ataladi. Zaydovchi o‘z idroki bilan qabul qilib olagn signallardan harakat xavfsizligiga ta’sir etuvchi eng asosiylarini ajratib oladi. Idrok etishda insonning xotirasi, fikrlash qobiliyati, tasavvuri hatto fahm-farosati ham kata rol o‘ynaydi.
Tajribali haydovchilar bir hil sharoitda tajribasiz haydovchilarga nisbatan ko‘proq signallarni qabul qiladilar va anglab etadilar.