Litosfera — yunon tilida „tosh oʻram“ maʼnosini anglatadi. Yerning qattiq holatdagi tosh oʻramining qalinligi okean tubida 5-7 km, quruqlikda 30-40 km va togʻli oʻlkalarda 70-80 km gacha boradi, u choʻkindi, metamorfik va magmatik togʻ jinslaridan tashkil topgan. Yer sathida, asosan, choʻkindi togʻ jinslari tarqalgan boʻlib, ularning qalinligi 20 km gacha, okean tublarida esa bir necha yuz metrga etadi. Ular tarkibi boʻyicha chaqiq. kimyoviy va organik chuqindilardan tashkil topgan boʻlishi mumkin. Chuqindilarning ostida 10-40 km qalinlikdagi granit qobigʻi joylashgan boʻladi, okean tubida ular uchramaydi. Granit va okean chuqindilari kobigʻi ostida bazal’t qobigʻi joylashgandir. Uning qalinligi okean tubida 5-7 km va quruqlikda 20-30 km ga boradi.
Yerning tosh oʻrami satxining tashqi tuzilishiga rel’ef deyiladi. Rel’efning shakllanishi uning yoshini, morfologik tuzilishini, oʻzgarishi va tarqalishi qonuniyatlarini gemorfologiya fanini oʻrganadi[1][2]. Yer sathining tuzilishi, tarixiy taraqqiyoti, unda hayotning rivojlanishi asosan yerning ichki qismida vujudga keladigan tektonik jarayonlarga va iqlimga bogʻlikdir. Yerning muz qoplamagan quruqlik satxi 133,4 mln km boʻlib, uning 55,7 mln km2 tropik, 24,3 mln km2 subtropik, 22,5 mln km2 mu’tadil, 21,2 mln km2 qutb mintaqalariga tugʻri keladi. Quruqlikning 10-11 % i dehqonchilikda va 20 % i yaylovlar oʻrnida ishlatiladi. Dunyo aholisi jon boshiga 0,4 gektar dehqonchilik qiladigan er tugʻri keladi. Yer tekis, namlik va harorati yetarli boʻlgan gil, togʻ jinslaridan tashkil topgan boʻlsa, u yerda oʻsimlik, hasharotlar va mikroorganik qoldiq chiqindilariga boyib, tuproq qatlamining hosil boʻlishi tezlashadi. Tuproq qatlamining qalinligi taxminan 1-3 metr boʻlib, u A, V, S qavatlardan iborat boʻladi. Yuqorida joylashgan chirindiga boy boʻlgan eng unumdor qismi A-gumusli qavat hisoblanadi. Uning ostida tepadan yuvilib tushgan karbonat tuzli Villyuvial qavat joylashgan boʻlib, 1,5-2 metr chuqurlikgacha kam oʻzgargan eng quyida S-ona jinsli qavat yotadi. Tuproq turlari qutblardan ekvatorga hamda tekisliklardan togʻlarga qarab iqlim oʻzgarishi bilan qonuniy ravishda oʻzgarib boradi. Moʻtadil mintaqaning yillik yogʻingarchiligi 500-600 mm boʻlgan oʻrmon choʻllarida chirindi(gumus) ga boy (10 % gacha) eng unumdor, koʻngʻir, qora tuproqlar tarqalgan. Markaziy Osiyoning dasht va yarim dashtlarida oʻsimliklarning tabiiy sharoitda rivojlanishi uchun namlik etishmaganligi sababli[3], kam (1-2 %) gumusli kul rang, buz tuproqlar tarqalgan. Geologik zamin, rel’ef va iqlimning oʻzgarishiga qarab, har yerning oʻziga xos tuproqlari, oʻsimlik turlari va hayvonot dunyosi rivojlanadi[4].
Insoniyatning dehqonchilik va qurilish faoliyatlari bilan shugʻullanishi natijasida tabiiy landshafti oʻzgargan hududlar maydoni yildan-yilga oshib bormoqda. Hozirgi vaqtda quruqlikning 10-11 % i haydab dehqonchilik qilinadigan va 2 % i har xil inshootlar qurib band qilingan madaniy landshaftlarga aylantirilgan. yevropada bu nisbat 30-10 % ni, Osiyoda 21-2 %ni, Avstraliyada 5-2 %ni tashkil qilsa, Oʻzbekistonda 12,5-6,5 %ni tashkil qiladi. Quruqlikning 0,3 %iga shaharlar joylashgan. Shaharlar maydoni Germaniya hududining 10 %ini, Buyuk Britaniyaning 12 %ini, Oʻzbekistonning 2,2 %ini egallaydi[5].
Litosfera sathidan insoniyatning yashashi uchun zarur boʻlgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari (inshootlar qurishda foydalanishdan tashqari) va qazilma boyliklar qazib olishda foydalaniladi. Ochiq usulda qaziladigan konlarning chuqurligi 800 metrga, yopiq usulda qaziladigan konlarning chuqurligi esa 3-4 km ga etadi. BMTning maʼlumotiga kura, 1972-yilda dunyo boʻyicha 3,231,100 ming tonna koʻmir, 2,646,290 ming tonna neft, 600,200 ming tonna temir rudasi, 75,180 ming tonna boksit, 3,660 ming tonna xrom rudasi, 7,300 ming tonna mis, 3,350 ming tonna qoʻrgʻoshin rudasi, 5,430 ming tonna rux rudasi, 159,200 ming tonna tuz, 118,500 ming tonna fosforit va boshqalar qazib olingan. Yirik metallurgiya sanoat korxonalari atrofida landshaftlarning oʻzgarishi, oʻsimliklarning qurib dashtga aylanishi yuz bergan, Yevropada birinchi marta kalmiklar yerida 500 ming gektarli dasht paydo boʻlgan(u har yili 50 ming gektarga kengayib bormoqda). Mutaxassislarning fikricha, XXI asrda quruqlikning 6/1 qismi kon, yoʻl va har xil inshootlar bilan band boʻladi. Aholi sonining oshib borishi, qurilishlarning kengaiishi dehqonchilikka yaroqli yerlarning kamayishiga sabab boʻlmoqda. Mutaxassislarning fikricha, XXI asrda erlarning unumdorligini 3,5-4 % ga oshirilmasa, sayyoramizda yiliga 200 mln tonna don yetishmovchiligi holati yuz berishi mumkin[6].