Markaziy bankning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida yangi tahrirdagi "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, Markaziy bankning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: narxlari barqarorligi; bank tizimining barqarorligi va rivojlanishi; to‘lov tizimining barqarorligi va rivojlanishi. Belgilanishicha, foyda olish Markaziy bankning asosiy maqsadi emas. Bundan tashqari, Markaziy bankning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: pul-kredit siyosati va valyuta siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish; valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilishni tashkil etish va amalga oshirish; Bank tizimining barqarorligini ta'minlash, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatiga ko‘maklashish; O‘zbekiston Respublikasida to‘lov tizimlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ta'minlash; banklar, bank xoldinglari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, valyuta birjasi va kredit byurolari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish; banklar, bank xoldinglari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va kredit byurolarini nazorat qilish; bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilishni ta'minlash, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish; bank, pul-kredit statistikasi shakllantirish va e'lon qilish; tashqi sektor statistikasi, shu jumladan to‘lov balansi, xalqaro investitsiya pozitsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzlari, zaxiraviy aktivlari va valyuta kurslarini shakllantirish va e'lon qilish; O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralarini boshqarish, hisobga olish va saqlash. Markaziy bank quyidagi huquqlarga ega emas: moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanish; tijorat faoliyati bilan shug‘ullanish; uchinchi shaxslarga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining majburiyatlari bo‘yicha kafolatlar berish; banklar va boshqa yuridik shaxslarning kapitalida ishtirok etish, bunda valyuta birjasi kapitallaridagi ishtirok etish istisnodir. Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga hisobot beradi.