Turk” atamasi “Chig‘atoy” atamasi



Yüklə 51,32 Kb.
səhifə2/3
tarix13.12.2023
ölçüsü51,32 Kb.
#174961
1   2   3
O‘zbek tilining tarixiy ildizlari

Chig‘atoy atamasi mo‘g‘ullar istilosidan keyin paydo bo‘lgan. Chunki Chingizxon vafotidan oldin bosib olgan o‘lkalarni o‘g‘il va nabiralariga taqsimlab bergan edi. Shunga ko‘ra, O‘rta Osiyo va Shimoliy Afg‘oniston o‘rtancha farzandi Chig‘atoyga berilgan. Uning hududlariga qaraydigan yerlar chig‘atoy yurti, elatlar esa chig‘atoy ulusi, mazkur territoriyada yaratilgan adabiy, tarixiy asarlar asta-sekin, davrlar o‘tishi bilan chig‘atoy adabiyoti, uning tili sun’iy ravishda chig‘atoy tili nomi bilan yuritiladigan bo‘ldi. Shu o‘rinda aytish joizki, Chig‘atoy adabiyoti atamasi o‘zbek mumtoz adabiyoti, Chig‘atoy tili, Chig‘atoy turkiysi atamasi eski o‘zbek adabiy tili o‘rnida ishlatilgan. G.Blagovaning yozishicha, bu atama dastlab XIII-XIV asrlarda Chig‘atoy sulolasi (turk-mo‘g‘ul), davlat hokimiyatining oliy tabaqa vakillari, shuningdek, cherikka nisbatan qo‘llanilgan. Keyinchalik, XIV asrda Movaraunnahr va Xurosondagi turk ulusi, XVI asrdan boshlab, Movaraunnahrdagi turkiy va forsiy aholiga nisbatan qo‘llangan2.
Chig‘atoy nomi hozir ham respublikaning turli yerlaridagi joy, suv nomlarida, kishilar ismida saqlangan: Chig‘atoy oqtepa, Chig‘a- toy ko‘chasi, Chig‘atoy mahallasi, Chig‘atoyxon, Chig‘atoyev, Chig‘atoynisa. Mavlono Lutfiy o‘z devoniga kirgan bir g‘azalda Chig‘atoy so‘zini Toshkent viloyati yoki Turkiston eli ma’nosida ishlatgan:
Sendek sanamni ko‘rmadi Lutfiy Chig‘atoyda
Chin so‘yla Xito ho‘blariga ne bo‘lursen deb.
Navoiy «Chor devon»ida chig‘atoy, jo‘ji atamalari urug‘, qabila nomlarini bildirgani haqida ma’lumot berilgan: «Turkiy qavm jo‘jidur, inoq, chig‘atoy». Binobarin, XV-XVI asrlarda bu nomning ijtimoiy-siyosiy vazifasi kengayib, butun Mavoraunnahr hududini, uning xalqi (chig‘atoy eli va ulusi) va tili (chig‘atoy turkiysi)ni ifodalay boshladi. Jumladan, Muhamad Solih “Shayboniynomasi” da:
Chig‘atoy el meni o‘zbek demasun,
Behuda fikr qilip g‘am yemasun.
“Abushqa” lug‘atida “yurt” ma’nosida Chig‘atoy, Chig‘atoy diyori nomlari qo‘llanilgan. XVI asrda yuz bergan temuriylar saltanatining inqirozi va Mavoraunnahrda shayboniylar hokimiya- tining barpo etilishi, o‘zbek-qipchoqlarining bu o‘lkaga kirib kelishi oqibatida ushbu atama asta – sekin iste’moldan chiqa boshladi3.
Venger sharqshunosi H.Vamberi “chig‘atoy tili” atamasi ostida XII asrda tashkil topib, XIX asrgacha keng ishlatilgan adabiy tilni tushungan. V.Radlov, P.Melioranskiy kabi olimlar esa bu atamaning qo‘llanish doirasini XIV-XVI asrlar deb chegaralaydi. A.Samoylovich chig‘atoy tilining tarixini besh asrga uzaytiradi:

  1. Chig‘atoy adabiy tilining oltin davri (XV-XVI asrlar).

  2. Chig‘atoy adabiy tilining inqirozi (XVII-XVIII asrlar).

  3. Chig‘atoy adabiy tilining qayta jonlanishi (XVII-XVIII asrlar).

V.Reshetov qayd qilganidek, eski o‘zbek tiliga nisbatan “chig‘atoy tili” atamasini hatto shartli ravishda ham qo‘llab bo‘l- maydi. Mazkur atama Abulg‘ozi Bahodirxon, Radlov, Sherbak yozganidek, “sun’iy til”, nisbiy atamadir. Chunki chingiziylar Mavoraunnahr xalqlari madaniyati, tilida sezilarli iz qoldirgan emas. Qolaversa, bu o‘lkada faqat turkiylar yashagan. Aksincha, turkiy xalqlarning chingiziylarga ta’sir kuchli bo‘lgan. Masalan, XIII asrda yashab o‘tgan yevropalik sayyoh Gilom Rubrikning yozishicha, Chingizxonning buyrug‘i bilan turkiy (ba’zi manbalarda uyg‘ur) yozuv asosida mo‘g‘ul xati yaratilgan. Yana bir ma’lumot: Nosiruddin Rabg‘uziy “Qisasi Rabg‘uziy” asarini islom dinini qabul qilgan, mo‘g‘ul beklaridan bo‘lgan Nosiruddin To‘qbug‘abekning iltimosiga binoan hijriy 709-710 (milodiy 1309-1310) yillarda bitganini yozadi. Bu chingiziylar hukmronligi davom etayotgan bo‘lsa ham Volga bo‘ylaridan to Xitoy chegaralarigacha cho‘zilgan ulkan hududda mo‘g‘ullar qanday turkiylashayotganini va islom ta’limotini turkiy tilda «o‘qimoqqa keraklik, o‘rganmakka yarog‘liq» kitoblar orqali qabul qilib musulmon bo‘layotganini ko‘rsatadigan tarixiy dalildir. Shunday ekan, Mo‘g‘ullar istilosidan ancha ilgari shakllanib, taraqqiy etgan xalq, til va adabiyotni chig‘atoy nomi bilan bog‘lashga hech qanday asos yo‘q.
O‘zbeklarning o‘troq qismi XVI asrgacha turk nomi bilan yuritilib kelgan, undan keyin ularning ma’lum qismi − shahar aholisi sart deb ataladigan bo‘ldi. XVI asrdan boshlab, Chirchiq, Ohangaron, Qoradaryo va Norin daryosi vodiysida yashovchi aholi, ularning qaysi tilda so‘zlashishidan qat’i nazar sartlar deyilgan. Bundan so‘ng Zarafshon vodiysi va Xorazm vohasidagi o‘troq dehqon-kosib hunarmand aholi ham sart nomi bilan yuritgan. Demak, sart atamasi etnik ma’noni emas, kishilarning kasbi, xo‘jaligi, turmush tarzini anglatgan.
Sart atamasi birinchi marta Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida uchraydi. Negü ter ešit emdi sartlar bašï (DTS,490). Sart atamasi, aslida, sanskrit tilidan olingan bo‘lib “karvonboshi, savdogar, shaharlik” ma’nolarini anglatgan. Bunda sartlar alohida guruh bo‘lib, ularning boshliqlari ham bo‘lgani xususida gap boradi. “Devonu lug‘otit turk”da “savdogar” semasida kelgan: sartnïŋ azuqï arïğ bolsa yol üzä yer (MK,I,76).
Arablar esa O‘rta Osiyodagi musulmonlarni sart nomi bilan atashgan. Rashididdinning “Jome-ut-tavorix” kitobida mo‘g‘ullar qarluqlarni sart deb ataganligi yoziladi. Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida mazkur leksema o‘troq aholini bildirgan. Navoiy “Muhokamatul lug‘atayn” asarida forsiy tilda so‘zlovchilarni sart, sart ulusi, sart eli va forsigo‘y atamalari bilan tilga oladi. Ularning tilini esa sart tili, sart lafzi, forsiy, forsiy til, forsiy alfoz singari tushunchalar bilan ifodalaydi. Bobur bu so‘zni ham fors-tojiklar, ham o‘troq aholiga nisbatan qo‘llagan: eli sarttur; ba’zi kentlarda sartlardur. Muhammad Solih “Shayboniynoma” asarida Samarqand qamalini ta’riflab, uning xalqini sart deb qayd etadi: Sartlar asru zabun boldïlar. Bu shayboniylar istilosidan keyin O‘rta Osiyodagi o‘troq aholi ham ko‘chmanchi o‘zbeklar tomonidan sart deb yuritilganini ko‘rsatadi. Atama Abulg‘ozi Bahodirxon va XIX asr Qo‘qon tarixchilarining asarlarida ham ayni ma’noda tilga olinadi.
Venger olimi Vamberi “O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat” (1865) kitobida sart so‘zi “shaharlik” ma’nosini bildiradi deb yozgan edi. Keyinchalik XIX asr 2-yarmidan keyin sart atamasi o‘zbeklar va ularning tiliga nisbatan ishlatiladigan bo‘ldi: sartiya eli, sartiya lisoni (sart tili, sart iborasi). Mazkur atama chorizm, ruslar tomonidan mahalliy aholiga nisbatan qo‘llana boshlagan. Bu haqda qator kitoblar yaratildi. Xususan, ruslarning o‘zbek tilini, ayni paytda, o‘zbeklarning rus tilini o‘rganishlari uchun V.Nalivkin xotini M.Nalivkina bilan birgalikda «Русско-сартовский и сартовско-русский словарь обшеупотребительных слов с приложением краткой грамматики по наречиям Наманганского уезда» (Kazan, 1884; ikkinchi nashri Toshkent,1912), V.Nalivkinning «Руководство к практическому изучению сартовского языка» (Samarqand, 1898), N.Pantusovning «Материалы к изучению сартовского наречия тюркского языка. Маргеланская сказка о старце и дочери купца» (1899) kitoblari yaratildi.
O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi, uning nomlanish tarixi xususida S.Tolstov, A.Yakubovskiy, Y.G‘ulomov, L.Omanin, M.Vahobov, A.Asqarov, B.Ahmedov, I.Jabborov kabi olimlarning tadqiqotlari mavjud. O‘zbek atamasi garchi o‘ziga bek, mustaqil beklik kabi ma’nolarni bildirgan so‘z deb yuritila boshlagan bo‘lsa ham, qadimda bu so‘z qanday ma’noni anglatgani aniq emas. B.Ahmedovning qayd etishicha, XVI asrning 2 - yarmida Dashti Qipchoqning katta qismi, xususan, Oq O‘rda va Shaybon ulusida ko‘chib yurgan turk-mo‘g‘ul qabilalari o‘zbeklar, bu bepoyon hudud o‘zbeklar viloyati, deb atala boshlanadi. Bundan o‘zbeklar Dashti Qipchoqda faqat XIV asrning ikkinchi yarmidan paydo bo‘lgan degan xulosasi kelib chiqadi.
Tarixiy asarlarda Shayboniyxon boshchiligida O‘rta Osiyo ishg‘ol qilgan barcha qabila va urug‘lar o‘zbeklar deb ataladi. X.Doniyorov (O‘z tariximizni bilasizmi (Guliston,1990. -№9) maqolasida manbalarga suyanib, o‘zbek atamasining XI asrda ham ishlatilganini ta’kidlaydi. Olimning qayd etishicha, XI asrda Suriya-da yashagan arab tarixchisi Usoma Ibn Munqizning “Kitob al e’tirof” (Ibratli kitob) asarida yozilishicha, “O‘zbek qavmiga mansub kishilar o‘sha vaqtdayoq Arabistonda ancha mavqe egal- laganlar, u yerdagi shaharlarga hokim bo‘lganlar va ularning ixtiyorida o‘z lashkarlari bo‘lgan hamda ular yevropaliklarning salb yurishlarida musulmonlar tomonida turib jang qilganlar.
“O‘zbekistonning etnik atlasi”da o‘rganilayotgan atama Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘chi xonadoniga mansub yettinchi podshoh O‘zbekxon (1312-1340) nomidan kelib chiqqanligi aytiladi.
O‘zbek so‘zi urug‘, qabila, elat, saxiy, odamoxun, diltortuvchi, suyukli ma’nolarida Lutfiy, Atoiy, Navoiy asarlarida ham uchraydi:
Tuzub o‘zbak shilonining kuyini
Supurib yuz bila qaysar uyini (Lutfiy).
Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar qo‘shin- larining o‘ng qanotida borayotgan yuz ming o‘zbek va mang‘it Samarqanddan Chingacha saf tortgani tasvirlanadi. Qolaversa, ulug‘ shoir o‘zbek nomini qayta-qayta tilga olar ekan, har safar bu xalqqa xos biron fazilatga e’tibor qaratadi:
Halol ona sutidek gar o‘zbakim tutsa,
Tobuq qilib, yukinib, tustog‘on ichinda qimiz.
XVI asr boshlarida o‘zbek xalqi va uning tili o‘zbek nomi bilan ham yuritilgan. Buni Muhammad Solihning «Shayboniynoma»sida keltirilgan quyidagi baytdan ham bilish mumkin:
Holi aning yeri Turkistondur,
O‘zbak eliga muazzam xondur.
Abulg‘ozi Bahodirxon “Shajarayi turk” asarida shunday jumlani o‘qiymiz: barcha Jo‘chi elini o‘zbek eli dedilar. A.Asqarovning yozishicha, Shayboniyxon Movarounnahrga qo‘shin tortib kelganda, uning qo‘shinida 92 urug‘ suvoriysi xizmat qilgan. Vaholanki, u paytda Dashti Qipchoqda bor-yo‘g‘i 27 ta urug‘ga mansub aholi yashagan. 92 bovli o‘zbek qavmining asosiy qismi esa allaqachon hozirgi O‘zbekiston hududining o‘troq aholisi edi.
Xurshid Davron “Samarqand xayoli” kitobida atamaning kelib chiqishini O‘g‘uzxon va miloddan oldingi XII asrda yashagan skiflar boshlig‘i Ispek nomi bog‘laydi.
Darhaqiqat, qadimgi turkiy manbalar, xususan, Kultegin bitigtoshi va Yenisey yodgorliklarida az – öz atamasi turk qabilasi tarkibidagi urug‘ nomini anglatgan. Shu ma’noda aytish mumkinki, öz – urug‘ nomi, bek – bek, hukmdor nomidan tashkil topgan. Mazkur etnos VI-VII asrlarga kelib, qoraxoniylar davrida ko‘pgina turkiy urug‘lar birlashuvidan yirik qabilaga aylana bordi. Bu jarayon Oltin O‘rda davlati hududidagi urug‘lar hamda Shayboniyxon boshchiligidagi ko‘chmanchilar ta’sirida tezlashdi va nihoyat o‘zbek millatining to‘liq shakllanish davrigacha davom etdi. Binobarin, o‘zbek xalqi va uning tili qaysi nom bilan atalmasin, shu xalqning birdan bir aloqa vositasi bo‘lib keldi.
Xullas, o‘zbeklar o‘zining uzoq tarixi, yozuv madaniyatiga ega bo‘lgan qadimgi xalqlardandir. O‘tmishda bu xalq turk, sart, chig‘atoy va o‘zbek atamalari bilan yuritilib kelgan. Yuqoridagilar- dan ma’lum bo‘ladiki, xalq va tilning nomlanish tarixi o‘sha xalq va tilning tarkib topishi jarayoni bilan doim teng bo‘lavermaydi. Xalq va tilning nomlanishi uning kelib chiqish tarixi belgilamaydi.



Yüklə 51,32 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin