2.Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi. Turkiston xukumati.
1917 yil 25 oktyabrda (yangi sana bilan 7 noyabrda) qurol kuchiga tayangan V.I.Lenin boshchiligidagi bolsheviklar (kommunistlar) Petrogradda Muvaqqat hukumatni ag‘darib tashlab, hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashdilar. Rossiyaning markazida yuz bergan voqealarning aks-sadosi oradan ko‘p o‘tmay Turkistonga ham etib keldi.
28 oktyabrda Toshkentning yangi shaharida rus ishchilari va soldatlari bolsheviklarning qutqusi bilan qurolli to‘qnashuvlarni boshlab yuborishdi. Ular general Korovichenko qismlaridan ustun keldilar. 1 noyabrda Korovichenko va Muvaqqat hukumatning Turkiston Ko‘mitasi qamoqqa olindi. Toshkentda zo‘ravonlik yo‘li bilan sovet hokimiyati o‘rnatildi.
Hujjatlarning guvohlik berishicha, 1917 yilning kuziga kelib, o‘lka shaharlari, viloyatlari va uezdlarida aholining hokimiyatni sovetlarga o‘tishini talab qiluvchi faol chiqishlari kuzatilmagan. Aksincha, joylardan kelib turgan xabarlar va telegrammalarda Muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirilar ekan, bolsheviklar va boshqa bosqinchilarning hokimiyatni sovetlarga berish haqidagi talablari fosh etilar, mamlakat taqdirini hal qiladigan Ta’sis Majlisini chaqirish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanardi.
Demak, 1917 yil noyabr oyining boshida bolsheviklar faqatgina qurol kuchiga tayangan holda Toshkent shahrida hokimiyatni qo‘lga kiritishdi. Bu holni arxivlarda saqlanib qolgan o‘sha davrga oid ko‘plab rasmiy hujjatlar ham isbotlaydi. Turkiston respublikasi rahbarlarida biri keyinchalik quyidagi fikrni e’tirof etishga majbur bo‘lgan edi: ”Turkiston bir necha o‘n yillar mobaynida chorizm mustamlakasi bo‘lib keldi va bu hol barcha ijtimoiy kayfiyat va munosabatlarda o‘zining o‘chmas muhrini qoldirdi. Samoderjavie tomonidan olib borilgan mustamlakachilik kayfiyati va siyosati amaldorlar va xizmatchi unsurlardan tashqari hatto, rus temir yo‘lchilariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan edi. SHundan ma’lum to‘ntarish ham, sovet hokimiyatini ham bu erda faqat rus kishilari amalga oshirdi. Tub aholidan esa, mustamlakachi hokimiyatga aloqador kishilargina, unda qatnashishi mumkin bo‘lib, tub aholining qolgan qismi uchun bu g‘oyalar begona va tushunarsiz edi”.
1917 yil 15-22 noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘lka rus ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining III s’ezdida 15 kishidan iborat hukumat-Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti tuzildi. Unda 8 o‘rin so‘l eserlarga, 7 o‘rin bolsheviklar bilan maksimalistlarga berildi. Biroq hukumat faqat rusi zabon evropaliklardan iborat bo‘ldi. Turkiston Xalq Komissarlari soveti (XKS) raisi lavozimini kasbi chizmachi bo‘lgan bolshevik F. Kolesov egalladi. Harbiy komissar qilib, izvoshchi Perfilev, boshqa komissarlik lavozimlariga ham shunga o‘xshash kelgindilar tayinlandilar. Hukumat tarkibiga tub aholi vakillaridan bitta ham vakil kiritilmadi. Bu tasodifiy hol emas edi, albatta.
Turkistonda so‘l inqilobiy siyosiy guruhlar, ularning namoyandalaridan tuzilgan hukumat, birinchi galda bolsheviklar mohiyatan chorizm mustamlakachilik siyosatiga amal qildilar. SHu bilan birga Oktyabr to‘ntarishidan keyin Rossiyada bo‘lgani singari, Turkistonda ham inqilobiy aqidalarga, eng avvalo sinfiylik tamoyillariga amal qilindi. Mulkdorlar ekspluatator va ezuvchilar; milliy ziyolilar, o‘qimishli, obro‘-e’tiborli xalq vakillari-milliy burjuaziya korchalonlari va malaylari; islom dini rahnamolari-reaksion oqim deb, ularga qarshi ayovsiz kurash boshlab yuborildi.
Turkiston o‘lkasidagi dastlabki sovet hukumatining ziddiyatli tarkibi mintaqada evropalik aholi hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan edi. Yo‘qotilishi intizorlik bilan kutilgan mustamlakachilik, yangicha asosda boshlanib ketdi. “Turkistondagi mustamlakachilik hatto, sovet hokimiyati taraqqiyotining butun bir yo‘nalishini belgilab berdi”,-deb keyinchalik tan olgan edi G. Safarov.
Mahalliy millatlarni siyosiy jarayonga aralashtirilmaganligi o‘lka xalqlarining sovet hokimiyatiga bo‘lgan ishonchsizligini yanada kuchaytirdi. Hatto, Turkistondagi rus aholisining demokratik qatlamlari ham bolsheviklar va so‘l eserlarning bunday makkorona siyosatiga qarshi chiqdilar. Hukumat tuzishda ulug‘ davlatchilik shovinizmi aqidalariga amal qilinganligi yangi hokimiyatning siyosiy faoliyatini oldindan belgilab berdi.
Hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tishi bilan o‘lkada Muvaqqat hukumatning barcha bo‘g‘inlari tugatilib, o‘rniga avvalo jazo organlari va sovet boshqaruv tizimi o‘rnatildi. Bu tasodifiy hol bo‘lmagan. Bolsheviklar hukmronligi zo‘ravonlik o‘rnatilgandagina saqlanib qolishi mumkin edi. SHuning uchun ham, Turkiston XKS 1917 yil 28 noyabrda o‘lkada qizil gvardiya bo‘linmalarini tuzish haqida qaror qabul qiladi. Bu bo‘linmalar sovet tuzumi va bolsheviklarga qarshi ko‘tarilgan dastlabki ongli chiqishlarni bostirishda faol ishtirok qildilar. SHu vaqtning o‘zida Butunrossiya Favqulodda komissiyasi (cheka) organlari va Inqilobiy tribunallar tashkil etildi. Proletariat diktaturasining bu jazo organlari ozodlik va demokratiyani bo‘g‘ishda, to‘g‘ri fikrlaydigan kishilarni qatag‘on qilishda muhim qurol bo‘ldi va Vatanimizning tarixida o‘zining mash’um asoratlarini qoldirdi.
Turkiston XKS 1917 yil oxirlarida o‘z qarori bilan “SHo‘roi Islomiya” va boshqa mahalliy demokratik tashkilotlarni tarqatib yubordi. Bu tashkilotlarning rahbarlari keyinchalik Turkiston Muxtoriyati hukumatiga qo‘shildilar, ayrimlari sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatiga g‘oyaviy rahnamolik qildilar. SHunisi xarakterliki, “SHo‘roi Ulamo” tashkilotining Toshkent sho‘‘basi faqat 1918 yil 13 mayda yopildi.
SHunday qilib, dastavval Rossiya markazida qaror topgan sovet tuzumi Turkistonda ham o‘rnatildi. Zo‘ravonlik va xalqlarni ezishga qaratilgan sovet siyosati o‘zining ilk kunlaridan boshlab, Turkistondagi tub xalqlarga nisbatan mustamlakachilik zulmini yuritdi. CHor Rossiyasining mustamlakachilik tizimi sovet Rossiyasi davrida yanada takomillashtirildi.