Metallurgiya sanoati O‘zbekiston metallurjjya sanoati taraqqiy etdi. 1962 - yilda O‘zbekiston metallurgiya sanoati kombinatida uzluksiz po‘lat quyuv qurilmasi ishga tushirildi. 1970— 1980-yillarda elektr yordamida po‘lat eritish kompleksi va uning ikkita pechi qurilib ishga tushirildi. Kombinatda po‘lat idishlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Po‘lat eritish 1985-yilda 1,2 million tonnaga yetdi.
Rangli metallurgiya respublika sanoatining yetakchi tarmog‘i hisoblanadi. 50-yillarda Olmaliq — Angren tog‘ sanoati rayonida mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram, molibden va boshqa nodir metallar koni topildi, ularni o‘zlashtirish jarayonida yirik Olmaliq konmetallurgiya kombinati bunyod etildi.
1951-yilda Jizzax viloyati Forish tumanida Uchquloch rangli metallar koni kompleks usullar yordamida o‘rganilib, Pistali, Qo‘shqura, Uzoq, Markaziy, Sharqiy va boshqa qo‘rg‘oshin, rux, mis konlari topildi va o‘zlashtirishga kirishildi. Jizzax — Uchquloch o‘rtasida gaz quvur yo‘li, avtomobil va temir yo‘llari qurilib, Uchquloch tog‘ jinslarini Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashib keltirish, ulardan qo‘rg‘oshin, rux, mis ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Uchquloch rangli metallar konining kengaytirilishi natijasida Uchquloch va Band posyolkalari vujudga keldi.
Respublikada 50 ga yaqin simob va surma konlari, Angrenda zahirasi 10 milliard tonnaga yaqin bo‘lgan kaolin, gili koni topildi, ularni o‘zlashtiruvchi korxonalar qurildi.
O‘zbekistonda 60-yillarda oltin qazib olish sanoati bunyod etildi. Muruntov, Chodak, Konbuloq oltin konlari, Farg‘ona vodiysidagi daryo o‘zanlarida sochma oltin, Nurota, Qurama, Zarafshon, Hisor, Pomir tog‘larida oltin tarkibli kvars tomirlari va rudalar mavjudligi aniqlandi. Respublika hududida 30 ta oltin koni aniqlandi. Oltin qazib oluvchi Muruntov tog‘ boyitish kombinati, Marjonbuloq kombinati qurildi. «O'zbekoltin» birlashasi tuzilgach, uning tarkibida Chodak boyitish kombinati (1965), Angrenda oltin saralash fabrikasi qurilib ishga tushirildi.
O‘zbekiston hududidagi rangli metall konlariga, shuningdek, oltin konlariga, ulardan noyob va nodir metallar qazib olishga respublika xo‘jayinlik qilmasdi, ularga Ittifoq hukumati xo‘jayinlik qilardi. O‘zbekiston hukumati bu konlar va korxonalarda qancha oltin, mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram, molibden va boshqa nodir metallar qazib olinayotganini, ularni kimlar qaerga olib ketayotganini, qayerda va qancha pulga sotilayotganini bilmas edi. Bu haqda gapirish va yozish ham taqiqlangan edi. Bu holat o‘sha paytlarda «O'zbekiston suveren respublika» degan iboraning naqadar yolg‘on, quruq gap ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.