TОPSHIRIQ VA SAVОLLAR
1. Qоraqalpоq хalqining ijtimоiy-madaniy tariхini bayon
qilish.
2. Jiyan jirоvning «Darbadar el» dоstоni mazmuni?
Qоraqalpоq mumtоz adabiyoti qaysi shоirlar badiiy mеrоsidan tarkib tоpgan.
Bеrdaq-qоraqalpоq adabiyotining ko`zgusi ekanini sharhlash. «Axmоq pоshshо»da hajv pоetikasi.
Jo`lmirza Оymirzayеvning «Cho`pоn sibizg`asi» shе’rida tabiat va mеhnat оmuхtaligi qanday aks etadi?
O’zbеk va qоraqalpоq хalqlari do`stligi-adabiyotlar do`stligining timsоli ekanini bayon qiling.
A D A B I YO T L A R
Tоlstоv S.P. Qadimgi Хоrazm madaniyatini izlab. «FAN», Tоshkеnt, 1964.
Ajiniyaz. Shе’rlar. Nukus. 1975.
Bеrdaq. Saylanma. T. 1978.
Aimbеtоv K. Qоraqalpоq fоlklоri. Nukus, 1977.
Yusupоv I. «Cho`l tarag`ayi», T. 1975.
Qurbоnbоyеv B. Bеrdaq ijоdi. T. 1977.
Sоdiq Nurumbеtоv. Salоm, do`stlarim. T. 1962.
Salеm, Хоrеzm! «Qоraqalpоqstan». Nukus, 1968.
16-mavzu: Shimoliy Kavkaz turkiy xalqlari adabiyoti
Reja:
Kavkazda yashovchi turkiy xalqlar, tarixiy muhit, folklor asarlari, yozma adabiyotning shakllanishi, arab tilidagi adabiyot, ma’rifatparvarlik oqimi
XX asr adabiyoti. Xalq og’zaki ijodi haqida.
Qo’miq va Qorachay xalqlari adabiyoti.
Qaysin Quliyev ijodi.
Tayanch iboralar: Kavkazda yashovchi xalqlar, tarixiy muhit, folklor asarlari, yozma adabiyotning shakllanishi, arab tilidagi adabiyot, ma’rifatparvarlik oqimi, XX asr adabiyoti.
Kavkaz tog’lari yon bag’irlarida yashagan aholi qadimgi va boy madaniy merosga ega. Bu xalqlar ham jahon sivilizasiyasi taraqqiyotiga o’zlarining ulkan hissalarini qo’shgan. Shimoliy Kavkazda yigirmadan ortiq millatga taaluqli aholi mavjud bo’lib, ularning adabiyoti ko’p asrlik tarixga ega. Bu xalqlarning yozma adabiyoti nisbatan keyingi davrlarda paydo bo’lgan.
Shimoliy Kavkazda yashovchi Balqar, Qo’miq, Qorachay, No’g’ay kabi xalqlar adabiyoti boshqa turkiy xalqlar adabiyoti bilan yaqin aloqada bo’lib rivojlangan. XX asr boshlarida Shimoliy Kavkazdagi turkiy xalqlar hayotida madaniy rivojlanish ko’zga tashlanadi. Ko’plab ijodkorlar jadidchilik g’oyalarini targ’ib qilib asarlar yozdi. Ana shu an’ana keyin ham davom ettirildi. XX asrda bu xalqlar adabiyotida realistik metod yetakchilik qildi. Natijada ko’plab baquvvat asarlar paydo bo’ldi va ularning ko’pchiligi boshqa xalqlar tillariga tillariga tarjima qilindi. Bu yerdagi turkiy tilda gaplashuvchi xalqlarning tillari o’zaro juda yaqin bo’lib, ular bir-birlarini tarjimasiz ham tushunishadi. Lekin Sovet davrida bu xalqlarni ayrim-ayrim hududlarga bo’lib tashladi. Natijada ularining bir-biridan sal farq qiluvchi milliy adabiy tillari shakllandi. Biz quyida bu xalqlar adabiyoti haqida alohida-alohida to’xtalib o’tishni lozim topdik.
Qo’miq xalqi Dog’istonda yashovchi aholisi oz sonli millatlardan biridir. Keyingi yillardagi aholi ro’yxati natijalariga ko’ra qo’miqlar 200 mingga yaqin kishini tashkil etar ekan. Shimoliy Kavkazda yashovchi turkiy xalqlar orasida qo’miqlar qadimdan boshqa xalqlar bilan ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalar o’rnatgan. Qo’miq xalqining qadimgi adabiyoti asosan folklor asarlaridan iborat bo’lib, unda ertaklar, qo’shiqlar, latifalar, turli afsona va rivoyatlar va boshqa janrdagi asarlar mavjud. «Dada Qurqut» haqidagi afsonalar, «Oyg’ozi» kabi dostonlar qo’miq xalqi orasida ham qadimdan mashhur bo’lgan, keng tarqalgan.
XII-XV asrlardan boshlab arab yozuvidagi adabiyot xalq orasida tarqala boshladi. «Axdnoma», «Tarixi Dog’iston» singari asarlar arab yozuvida bitilgan. XV asrda yashagan Ummu Kamol nomli shoirning ayrim she’rlari bizgacha yetib kelgan. Bu shoir taqdir taqozosi bilan o’z yurtidan uzoqlarda yashagan. Uning asarlarida ona-yurt sog’inchi, o’z qismatidan nolish motivlari sezilib turadi.
Shoir bo’lsang, sen ayt
Haq so’zingdan uzanma
O’tkir qilich kesmasday
Alam bordir ichingda
Sendan xarob kishi bormi
Bu dunyo-yu Rum, Chin ichinda?
Qadimgi qo’miq ijodkorlarining ko’pchiligi o’z asarlarini arab tilida yozgan. Lekin bu xalqning yozma adabiy merosi saqlanib qolmagan. Qo’miqlar Rossiyaga qo’shilgandan keyin esa xalq folklorlarini yig’ib oluvchi ayrim olimlar paydo bo’ldi. M.E.Osmonovning «No’g’ay va qo’miq xalqi qo’shiqlari to’plami» 1883 yilda Peterburgda e’lon qilingan edi. XIX asr qo’miq yozma adabiyotining shakllanish davri bo’ldi. Bu adabiyotning dastlabki vakillaridan biri Yirchi Qozoq deb nomlanib, 1830 yilda Buynoq tumanining Musliovul degan joyida tug’ilgan. Qishloq machitida o’qib, savodini chiqaradi. Keyin mustaqil ravishda bilim olib, o’z davrining yetuk ziyolisi darajasiga ko’tariladi.
U xalq qo’shiqlarini o’rganib qo’biz jo’rligida to’ylarda, xalq sayillarida kuylab yurdi. O’zi ham qo’shiqlar to’qiy boshladi. Bu qo’shiqlar turli mavzularda yozilgan bo’lib, ularda xalqning orzu-umidlari, dardi va quvonchlari kuylanar edi. Bu iste’dodli ijodkorni yuqori doira aristokratlari ham o’z o’tirishlariga taklif qila boshladi. Lekin u do’sti sevgan qizni bekning saroyidan olib qochishda ko’maklashgani uchun uch yil Sibirga surgun qilinadi. Qamoqdan keyin unga o’z yurtida yashashga ruxsat berilmaydi. U Oqsoy degan joyda umr o’tkaza boshlaydi. Bu yurtning boshlig’i Bommat biy shoirni o’z to’yiga taklif qiladi. Shoir bir hafta davomida mehmonlarga qo’shiq aytib xizmat qiladi. Shu yerda Qo’miq xalqining ma’rifatparvar shoiri va davlat arbobi M.E.Osmanov bilan tanishadi.
Shoir ijodi ayni gullagan paytda, ya’ni 1879 yilda dushmanlari tomonidan yovuzlarcha o’ldiriladi. Shoir she’rlarining kattagina qismi bizgacha yetib kelmagan. Chunki u to’qigan qo’shiqlarini yozib qoldirmagan. Faqat qo’miq ma’rifatparvari Efendi Osmonov shoirning asarlarini yozib olgan, xolos. Keyinchalik ham xalq orasida mashhur bo’lgan ayrim she’rlari tadqiqotchi olimlar tomonidan to’plandi. Shoir she’rlari turli mavzularda yozilgan bo’lib, qo’miq xalqining ayanchli qismati, jamiyatdagi adolatsizlik, zulm, kambag’al xalq ahvolini tasvirlash birinchi planda turar edi. Shu bilan birga, shoir she’riyatida ishq-muhabbat haqidagi lirik qo’shiqlar ham anchagina.
Bu she’rlarning ko’pchiligi yetti baytdan iborat bo’lib, masnaviy she’riy shaklda yozilgan. Shoir she’rlarida xalq og’zaki ijodi an’analari katta rol o’ynaydi. Shoirning «Aqlli esini yo’qotmas», «Erenlar degan bulan er bolmas», «Joy og’alar, sizga duo omonat» asarlarida esa didaktika, pand-nasihat yetakchi o’ringa ko’tarilgan. Shoir she’rlarida ijtimoiy-publisistik xarakterdagi asarlar ham ko’plab uchraydi. Uning «Nasip», «Zamon bizga shunday boqqan», «Muhammad Efendi Osmonovga» nomli asarlari bunga misol bo’la oladi.
Xullas, shoir ijodi qo’miq xalq yozma adabiyotini boshlab berdi. Bu ijod folklor va yozma adabiyotning sintezidan iborat bo’lib, keyingi davr qo’miq adabiyotiga ijobiy ta’sir etdi.
M.E.Osmonov (1840-1904) qo’miq xalqining ma’rifatparvar yozuvchisi, iste’dodli olimi hisoblanadi. U badavlat xonadonda tug’ilib, musulmoncha va yevropacha maktablarda o’qib savodini chiqardi. Uning otasi rus imperatorini qo’riqlab yuruvchi askarlar rotasining boshlig’i bo’lgan. U umrining anchagina qismini Peterburgda o’tkazdi. Podshoh qarorgohida otasining vazifasini bajardi. Keyinchalik Peterburg universitetining sharq fakultetida turkiy tillardan va musulmon qonunchiligidan talabalarga saboq berdi. Umrining oxirgi yillarida o’z yurtiga kelib yashadi. U 1904 yilda vafot etdi.
M.E.Osmonov ijodida epostolyar janr, ya’ni noma janri katta o’rin tutadi. U ko’pgina do’stlariga va qorindoshlariga she’riy xatlar yozgan. Bu xatlarda katta ijtimoiy masalalar haqida fikr yuritilgan. Ana shunday xatlardan biri uning ukasi Jamoliddinga yozgan xati katta falsafiy ma’nolar bilan to’ldirilgan. Bunda yolg’onchilik, ikki yuzlamachilik, adolatsizlik qattiq tanqid qilingan. Shoirning «Gulqiz» nomli asarida esa qo’miq ayollarining huquqi paymol etilgani, ularning taqdiri nihoyatda ayanchli va og’ir ekanligi afsus va nadomadlar bilan, chuqur achinish dardi bilan kuylanadi. Bu tanqidiy fikr uning «Shamxal» nomli she’rida yanada aniqroq aks ettirilgan. Ma’lumki, qo’miq xalqini shamxallar, xonlar, beklar boshqargan. Agar bular adolatli bo’lsa, el-yurt ulardan ozor chekib, jabr ko’rgan, qiynalgan. Yuqoridagi she’rda shoir ana shunday noinsof shamxallarni ayovsiz tanqid qiladi, ularning ochko’zliklarini fosh etadi. Shoirning «Mutoviga xat», «Shariat qozilari haqida», «Pristav va oqsoyliklar», «Ichkilikning zararlari» kabi asarlari ham tanqidiy ruxda yozilgan bo’lib, ularda ham shoir jaholatni, yangilikka to’siq bo’layotgan turli yaramas urf-odatlarni qoraladi.
XX asr boshlarida bir qancha talantli ijodkorlar yashab o’tdi. Manay Alibekov, No’g’ay Botirmirzayev, Zaynalabiddin Botirmirzayevlar ijodi qo’miq adabiyotining rivojiga katta hissa bo’lib qo’shildi.
Manay Alibekov (1859-1920) Oqsoy viloyatida tug’ilgan. Uning «Qo’miqlar odati» nomli etnografik asari juda mashhur bo’ldi. U shoir sifatida ma’rifatparvarlik va tanqidiy realizm tradisiyalarini davom ettirdi. Shoir «Yoshlarni o’qiting» nomli shaye’rida o’z zamondoshlariga murojaat qilib, eski odatlaringizni tashlab, yang matkablar quring, bolalaringizni zamonaviy maktablarda o’qiting deydi:
Oldingi eski odatlar
Qoldi hyech zotga yaramay
Yoshlarni o’qitingiz
Ari-beri qaramay
Madrasalar qurib
O’qimoqqa boshlangiz!
Ulardan foyda olib
Johillikni tashlangiz!
Shoir «Oqsoylik qo’miq qizlarining arizalari» nomli she’rida xotin-qizlarni ham o’qitib, savodli qilish g’oyasini ko’tarib chiqdi.
Alibekov o’zining ko’pgina asarlarida jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlikni, mansabdorlarning poraxo’rligini, tovlamachi amaldorlarni qattiq tanqid qildi. Uning «Hokimlar to’g’risida», «Hokimlarning ishlari», «Hokimlarning jarima o’ndirish usullari» nomli she’rlarda johil, tarbiyasiz, ochko’z hokimlarni qattiq tanqid qildi.
U «Kavkaz tog’lari nidosi», «Xurriyat» kabi she’rlarida kelajakka umid bilan qaradi. Qachonlardir haqiqat tantana qiladi degan fikrlarni bayon etdi.
Qo’miq xalqining yana bir ma’rifatparvar shoiri No’g’ay Botirmirzayev (1865-1919) bo’lib, u o’z ustozlarining an’anasini yangi davrda davom ettirdi. Bu yozuvchi qo’miq adabiyotida prozaning rivojlanishiga katta hissa qo’shdi. Yozuvchining «Bechora Habiybat», «Dovud bilan Laylo», «Xorun bilan Zubayda va baxtsiz Jonibeka» kabi qissalari faqat qo’miq adabiyotida emas, balki butun Dog’iston xalqlari adabiyotida badiiy tarjimaning ham asoschisidir. U «Jahonshoh», «Dengizchi Sindbod», «Mullo Nasriddin latifalari» nomli mashhur asarlarni qo’miq tiliga tarjima qildi.
Yozuvchi «Bechora Habibat» nomli qissasida ikkita qo’miq oilasini tasvirlaydi. Habibat boyning qizi, lekin uni otasi o’qitmaydi. Asarda uning dugonasi Abibat obrazi ham bor. Uning otasi esa kambag’al bo’lishiga qaramay qizini o’qitadi. Oxir-oqibat, kelajakda Abibat baxtli bo’lib ketadi. Habibat esa otasi vafot etgach savodsizlikligi, o’qimaganligi tufayli juda qiynaladi. Dugonasi maslahati bilan bu ham ilm olib baxtga erishadi. Yozuvchining boshqa asarlarida ham ilm – hunar o’rganish, savodli bo’lish g’oyasi olg’a surilgan. Bu albatta o’sha davrdagi Kavkaz va O’rta Osiyodagi yashovchi turkiy xalqlar orasida jadidchilik g’oyalarining keng tarqalgani bilan bog’liq hodisa edi.
N.Botirmirzayevning she’rlarida ham jadidchilik g’oyalari ilgari surildi. U jaholatga, ilmsizlikka qarshi satirik she’rlar yozdi. O’z xalqini savodli, ma’rifatli bo’lishga chorladi.
N.Botirmirzayevning o’g’li Zeynalabidan Botirmirzayev ham talantli yozuvchi, teatrshunos, tarjimon sifatida qo’miq adabiyotida o’chmas iz qoldirgan. U «Tong Cho’lpon» nomli jurnal tashkil etdi. ana shu jurnal tevaragida birinchi dramatik truppalar tashkil etildi. Zeynalibidin «Doniyolbek», «Johil mullolar», «Madrasaga mullo keldi» nomli dastlabki qo’miq dramalarini yozdi. U safdoshlari bilan birgalikda qo’miq tilida «Ishchi xalq» nomli birinchi gazeta tashkil etdi. «Teatr nima degani» nomli maqolasida dramaturgiya janrining xalq orasida keng yoyilishiga yo’l ochib berdi. U A.Pushkinning «Kavkaz asiri» asarini ona tiliga tarjima qildi. Ana shunday talantli ijodkor 1919 yilda endigina 22 bahorni ko’rgan chog’ida oq gvardiyachilar tomonidan otib tashlandi. Undan ikki kun o’tgach, shoirning otasi mashhur ma’rifatparvar No’g’ay Botirmirzayevni ham oq gvardiyachilar otib tashladi. Qo’miq xalqining asl farzandlari bo’lgan bu ota=bola ijodkorlar nomi el-yurt ozodligi uchun kurashgan ajoyib ma’rifatparvarlar sifatida hurmat bilan tilga olinadi.
Bu tolmas kurashchilarning an’anasi XX asr qo’miq adabiyotida A.Salovatov, A.Ashkol, K.Sultonov, M.Yaxyoyev singari ijodkorlar davom ettirdilar.
Dostları ilə paylaş: |