Tuxum hujayralar oziq moddasining miqdori va joylashishi bo`yicha klassifikatsiyasi. Tuxum hujayralarning klassifikatsiyasi ooplazma tarkibidagi sariqlik miqdoriga asoslangan. Sariqlik miqdori esa homilaning hayot sharoitiga bog`liq. Tuxum hu-jayraning o`lchamlari oziq moddasining miqdoriga bog`liq, shuning uchun ham turli hayvonlarda tuxum hujayralarning kattaligi turlichadir. Masalan, tarkibida kam oziqa modda tutuvchi sut emizuvchilarning tuxum hujayrasi diametri 100-150 mkm ga teng. Tovuq tuxum hujayrasi esa 3,5 sm gacha boradi. Sariqlikning sitoplazmada tarqalishiga qarab tuxum hujayralarda 2 ta qutb farq qiladi. Sof sitoplazma bilan yadrodan tashkil top gan yuqori yoki animal qutb va oziqa kiritmalarini saqlovchi pastki yoki vegetativ qutb. Qutblarga ajralish sariqlikka boy bo`lgan tuxum hujayralarda, ayniqsa yaxshi ko`rinadi. Tuxum hujayralarini sariqlik moddasining miqdoriga qarab va sariqlik moddasining joylashishiga qarab klassifikatsiya qilish mumkin. Sariqlik moddasining miqdoriga qarab: a) sariqlik moddasini kam saqlovchi oligoletsital (oligos - kam, lekythos- sariqlik) tuxum hujayralar; b) sariqlik moddasi o`rtacha miqdordagi tuxum hujayralar - mezoletsital (meros - o`rtacha) hujayralar; v) sariqlik miqdori ko`p - poliletsital (poly - ko`p) tuxum hujayralarga bo`linadi. Oligoletsital hujayralar birlamchi va ikkilamchi turlarga bo`linadi. Birlamchi turlarga lantsetnikning tuxum hujayrasi misol bo`la oladi. Ikkilamchi turga sut emizuvchilarning tuxum hujayrasi misol bo`lib, bu tuxum hujayralar filogenetik taraqqiyot davomida politsetsital tuxum hujayralar o`rnida hosil bo`lgan. Embrion rivojlanishining ona qorniga o`tishi ko`p sariqlik moddasi bo`lishiga hojat qoldirmaydi. Sariqlik moddasining tarqalishiga (joylashishiga) qarab: a) i z o l e t s i t a l (isos - bir xil), ya’ni sariqlik moddasi kam va taxminan bir xil tarqalgan tuxum hujayralar; b) o`rta teloletsital (telos - chet, oxiri), ya’ni sariqlik moddasi miqdori o`rtacha, boshqa qismlarida ham bor, lekin ko`proq tuxum hujayraning vegetativ qutbida joylashgan va v) k e s k i n t e l o l e t s i t a l - sariqlik moddasi ko`p va asosan vegetativ qutbda joylashgan tuxum hujayralar tafovut qilinadi. Bu hujayralarda animal qutb tor bo`lib, u o`zida sariqlik tutmaydigan sitoplazma va yadrodan iborat. Bunday tuxum hujayralar qushlar (tuxum hujayralarning bu qutbi pushti hosil qilishda ishtirok etadi va uni pusht gardishi deb ataladi) va reptiliylarga xosdir