U osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustidan oʻrar, kunduzni kechaning ustidan oʻrar. («Zumar» surasi, 5-oyat) Qurʻonda koinotni tasvirlash uchun ishlatilgan soʻzlar juda nodirdir. Yuqoridagi oyatda «oʻramoq» deb tarjima qilingan arabcha soʻz «yukavvir» dir. Oʻzbek tilida bu soʻz biror narsa ustidan boshqasini aylantirib oʻrash, atrofidan bir necha bor aylantirib joylash, bogʻlash degan maʻnolarni anglatadi. Arab tili lugʻatlarida esa bu soʻz xuddi sallani boshga oʻragandek, biror narsani boshqa narsa atrofida oʻrash faoliyatini ifodalash uchun ishlatilgan. Oyatda kun va tunning bir-birini oʻrashi haqida berilgan maʻlumot dunyoning shakli toʻgʻrisidagi aniq maʻlumotni oʻz ichiga oladi. Bu haqiqat Yer faqat sharsimon shaklda boʻlsagina haqdir. Bu shundan dalolat beradiki, VII asrda nozil qilingan Qurʻonda dunyoning aylana shaklda ekanligiga ishora qilingan.
Biroq shu narsani yoddan chiqarmasligimiz lozimki, oʻsha paytlarda astronomik tushunchalar dunyoni oʻzgacha talqin qilar edi. Oʻshanda hamma odamlar dunyoni yassi tekislik deb oʻylar va hamma ilmiy hisoblash va tushuntirishlar mana shu aqidaga asoslanar edi. Ammo muqaddas Qurʻon koinotni tasvirlashga kelganda eng aniq soʻzlarni topib ishlatgan. Faqatgina bizning asrimizda toʻgʻri idrok etiladigan bu faktlar Qurʻonda juda uzoq vaqtdan beri mavjud boʻlib kelgan.