Sinxron momentlar. Asinxron mashinalarda maydon yuqori garmonikalaridan birontasining aylanish chastotasi rotor aylanish chastotasi bilan mos tushsa sinxron moment paydo bo‘ladi. Agar bu moment nisbatan katta bo‘lsa asinxron motorni ishga tushirish jarayonida rotor sinxron chastotada aylanayotgan yuqori garmonika maydoni bilan ta’sirlashib aylanish chastotasi nominalga yetmagan chastotada «tutilib» turg‘un ishlab qolishi mumkin. Sinxron moment elektromagnit momentning o‘zgarish shaklida rotor aylanish chastotasining kichik oralig’ida chuqur «o‘pirilish»lar yaratadi, lekin rotorning kinetik energiyasi tufayli bu to‘siqlar yengib o‘tiladi. Stator va rotor tish garmonikalari hosil qilgan sinxron momentlar 1) Z1 = Z2 va 2) Z2 –Z1= 2p bo‘lgan shartlarda eng noqulay (yomon) hisoblanadi. Z1 = Z2 da bir tomonga aylanadigan garmonikalarning chastotalari mos tushsa, 2-holda esa qarama-qarshi tomonlarga aylanadigan garmonikalarning chastotalari mos tushadi. Birinchi holda rotor qo‘zg‘almas bo‘lib, yukning qarshilik momenti katta, asosiy moment esa kichik bo‘lganda motorning rotori aylanmay qoladi.
Reaktiv momentlar. Stator va rotorda tishlarning mavjudligidan har xil magnit o‘tkazuvchanlikning hosil bo‘lishi tufayli reaktiv momentlar vujudga keladi. Ferromagnit jism magnit maydonda magnit qarshiligi eng kam bo‘lgan holatni egallashga intiladi. Eng katta reaktiv moment Z1 = Z2 da bo‘ladi. Reaktiv moment: chulg‘am faqat statorda yoki rotorda bo‘lsa; tish garmonikasining qutb bo‘linmasi rotor tish bo‘linmasi tz2 = 2R / Z2 bilan stator yoki rotor yuzasi silliq bo‘lganda mos tushgan hollarda paydo bo‘ladi. Reaktiv momentlar zararli ta’sir ko‘satishi mumkin, lekin bu momentlardan ijobiy texnik effektlarni olish uchun ham foydalanish mumkin (masalan, reaktiv sinxron mashinalarda).
Nazorat savollari
1. Asinxron motorda elektromagnit kuch va moment qanday hosil bo‘ladi? 2. Asinxron motorning turg‘un ishlash shartlari nimalardan iborat? 3. Faza rotorli asinxron motorning afzalligi va kamchiligi nimalardan iborat?