12-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert kengashlari Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert kengashlari umumiy va maxsus texnik reglamentlarni, texnik reglamentlarga o‘zgartish va qo‘shimchalarni ishlab chiqish, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari huzurida tuziladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert kengashlarining faoliyati O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar davlat fondi Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar davlat fondi O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan hamda o‘z vakolatlari doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan shakllantiriladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar davlat fondi umumiy va maxsus texnik reglamentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari, davlat boshqaruvi organlari o‘zlari tasdiqlagan maxsus texnik reglamentlarni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar davlat fondiga belgilangan tartibda taqdim etadi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar davlat fondini shakllantirish va yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
14-modda. Texnik reglamentlar to‘g‘risidagi axborot Amaldagi, ishlab chiqilayotgan va qabul qilingan texnik reglamentlar to‘g‘risidagi axborot yuridik va jismoniy shaxslar erkin foydalana oladigan bo‘lishi kerak. Davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar tarqatilmasligi kerak.
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi yuridik va jismoniy shaxslarning so‘rovlariga ko‘ra:
amaldagi, ishlab chiqilayotgan va qabul qilingan texnik reglamentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
mahsulotlar va xizmatlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash tartib-taomili to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi xalqaro tashkilotlarga a’zoligi va xalqaro shartnomalardagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
ishlab chiqilayotgan, qabul qilingan texnik reglamentlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarni e’lon qilishning rasmiy manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.