8-MA’RUZA. XX-XXI ASRLAR TILSHUNOSLIGINING ASOSIY YO‘NALISHLARI VA ZAMONAVIY TAHLIL METODLARI. KOGNITIV TILSHUNOSLIK
Reja:
1. Ssenariy.
2. Skript.
3. Freym.
4. Geshtalt.
5. Prototip va kategoriyalashtirish.
1. Ssenariy.
Ssenariy biror bir tipik hodisaga xos o‘zaro bog‘liq faktlarning ularning uzviyligini aks ettiruvchi namunaviy shakl misolida yoritilishidir. Ushbu namunaviy struktura ma’lum voqelik bo‘lagiga oid harakatlar, holatlar uzviy munosabatlaridan iborat (masalan, restoranda tushlik, dars jarayoni, institutga qabul, muzey ziyorati va hokazo).
Ssenariy (scenarios) tushunchasini kognitologiyaga oid tadqiqotlar doirasiga birinchilardan bo‘lib sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar R.SHenk va R.Abelsonlar kiritishgan (Schank et al. 1975) va ularning talqinicha, ushbu tushuncha voqealar ketma-ketligini, ularning o‘zaro bog‘lanishini ko‘rsatish uchun zarur.
Har bir ssenariy tarkibida slotlar (kichik mazmundagi qismlar) ajratiladi va bu slotlarda voqea ishtirokchilarining roli, maqsadi kabilar o‘z aksini topadi.
«Oziq-ovqat do‘koni» ssenariysi taqdimiga misol keltiramiz:
Ssenariy: do‘kon Rollar: mijoz, sotuvchi, xazinachi.
Maqsad: oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun do‘konga borish.
1-sahna: do‘konga kirish: Mahsulotlarni ko‘zdan kechirish, Mahsulotlar narxi bilan tanishish, Sotuvchi bilan maslahatlashish, Mahsulotlarni tanlash.
2-sahna: tanlangan mahsulotlarni aravachaga solish, xazinachi tomon yurish.
3-sahna: xazinachidan hisob-kitobni so‘rash, Pulni to‘lash, CHekni olish, Do‘kondan chiqib ketish.
Ko‘rinib turibdiki, har bir harakat bir-biri bilan sabab bog‘lanishiga ega, ya’ni oldingi harakat keyingisiga shart-sharoit tayyorlaydi.
Odatda, kompyuter tilshunosligida ssenariylarga ajratish uslubi asosan matn qurilishi tahlilida qo‘llaniladi. Ssenariy tarkibidagi «sahna» - atrof - muhit, voqelikning alohida bir qismi. Bir paytning o‘zida qabul qilinayotgan axborotning miqdori chegaralangan bo‘lishi kerak. Bu hissiyot va idrok organlarining imkoniyati va talabidir. Aks holda, inson o‘z diqqatini alohida bir ob’ektga yo‘naltira olmaydi, parishonxotirlik yuzaga keladi. Alohida diqqat paytida yuzaga keladigan obraz kechayotgan voqelikning ma’lum bir sahnasi uchun asos bo‘ladi. Ajratilayotgan har bir sahna («do‘konga kirish», «mahsulot tanlash», «hisob-kitob» kabilar) umumlashgan kognitiv strukturalar (ssenariy, skript, konsept kabilar) uchun o‘ziga xos «qurilish materiali» vazifasini o‘taydi.
Dostları ilə paylaş: |