Gapni aktual bo‘laklarga bo‘lish (gapning funksional istiqboli). Ushbu lingvistik tahlil gapni ma’no jihatidan tarkibiy qismlarga bo‘lish metodi bo‘lib, mazkur xususiyati bilan gapni formal belgilari (grammatik elementlar)ga ko‘ra qismlarga bo‘lish metodidan farqlanadi. Ya’ni, gapning mazmun plani tekshirish ob’ekti darajasiga ko‘tariladi. Gapni formal bo‘laklarga bo‘lishda ega va kesim asosiy elementlar sanalsa, gapni aktual bo‘laklarga ajratishda ifoda asos (tema) va ifoda yadro (rema) kabi komponentlar muhim rol o‘ynaydi. Bunda ifoda asos fikrning ma’lum qismi hisoblansa, ifoda yadro fikrning noma’lum qismi sanaladi. Fikrning harakatlanish tarzi quyidagicha bo‘ladi: ma’lumdan noma’lumga (temadan-remaga). Demak, ma’lum bo‘ladiki ushbu tahlilda gap ifoda asos (tema) va ifoda yadro (rema)lar kabi ikki komponentga bo‘lib tahlil qilinadi.