Karimqulova Gulshanoy Akmaljon qizi Endokrinologiya va gospital terapiya kafedrasi, Gematologiya va transfuziologiya yo‘nalishi 3-kurs magistranti Annotatsiya: Hozirgi vaqtda anemiya kasalligi respublikamiz miqyosida juda ko’p uchramoqda. Ushbu maqolada aynan ayollarda turli xil hollarda uchraydigan
anemiyalar, ularning oldini olish haqida so’z yuritilgan.
Kalit so’zlar:Anemiya, qon, ayol, gemoglobin, saraton, temir, homila, vegetarian.
Anemiya yoki kamqonlik – qonning birlik hajmida gemoglobinning past kontsentratsiyasi bilan xarakterlanadi va shu bilan birga, inson tanasida, qizil qon hujayralari (eritrotsit) sonining kamayishi bilan bog’liqdir. Anemiya holati ikkinchi darajali bo’lib, turli kasalliklarning belgisi hisoblanadi. Ko’p kasalliklar, yuqumli va parazitar etiologiyali va saraton oldi holatlari va saraton mavjudligi kamqonlik bilan birga kechadi. Biroq, anemiya birlamchi holat sifatida organizmning gaz almashinuvi buzilishini keltirib chiqaradi va oqibatda surunkali charchoq, uyquchanlik, bosh aylanishi, holsizlik, asabiylashish rivojlanadi. Og’ir hollarda anemiya shok holatlariga, gipotoniyaga (qon bosimining pasayishi), yurak toj tomirlari va o’pka yetishmovchiligiga, gemorragik shok holatiga olib kelishi mumkin. Anemiya aniqlangach, davolash alomatlarni va kamqonlikka sabab bo’lgan asosiy kasalliklarni bartaraf etishga qaratiladi.
Anemiya dunyo aholisi orasida eng keng tarqalgan patologik holatlardan biri hisoblanadi. Anemiya turlari orasida, kamqonlik rivojlanishi sabablari bo’yicha ularni tasniflashda bir nechta asosiy shartlar ajratiladi:
Temir tanqisligi anemiyasi;
Gemolitik anemiya;
Aplastik anemiya;
Sideroblastik anemiya;
B12 vitamini yetishmovchiligi natijasida B12-tanqislik anemiyasi;
Postgemorragik anemiya;
O’roqsimon hujayrali anemiya va boshqa shakllar.
Mutaxassislarning fikriga, ko’ra sayyoramizdagi har to’rtinchi odam temir tanqisligi anemiyasidan aziyat chekadi. Bu holatning xavfliligi — temir tanqisligi anemiyasi sezilmas klinik ko’rinishida bo’ladi. Alomatlar temir miqdori, demakki gemoglobin miqdori juda past darajalarga tushganda seziladi. Kattalar orasida quyidagi toifadagi kishilarda kamqonlik rivojlanishi xavfi
yuqori bo’lishi mumkin:
• Vegetarian oziq-ovqat tamoyillariga rioya qiladiganlar;
• Muntazam ravishda qon yo’qotadiganlar, masalan fiziologik sabablarga ko’ra (hayz natijasida ayollarda qon yo’qotishi), kasalliklar tufayli (ichki qon ketish, gemorroyning oxirgi bosqichlari va hokazo) va donorlarning doimiy ravishda qon va plazma berishi;
• Homilador va emizikli ayollar;
• Professional sportchilar;
• Ayrim kasalliklarning surunkali yoki o’tkir shakllari bo’lgan bemorlar;
• Aholining oziq-ovqat yetishmaydigan yoki cheklangan ovqatlanuvchi toifalari.
Kamqonlikning eng keng tarqalgan temir tanqisligi anemiyasi shakli o’z navbatida temir yetishmasligi tufayli yuzaga keladi va bunga quyidagi omillardan biri sabab bo’lishi mumkin:
• Oziq-ovqat bilan temir mikroelementini qilmaslik;
• Sharoitli yetarlicha iste’mol va individual xususiyatlarga ko’ra temirga bo’lgan yuqori ehtiyoj (rivojlanish patologiyalari, quvvatsizlik, kasalliklarning rivojlanishi, homiladorlik, emizish, mehnat faoliyati va
hokazo);
• Temirning kuchli yo’qotilishi. Anemiyaning yengil shakllarini odatda ovqat ratsionini to’g’irlash, vitaminmineral komplekslar, temir saqlovchi preparatlarni qabul qilish orqali davolasa bo’ladi. O’rta va og’ir darajadagi anemiya mutaxassis maslahati va tegishli davolash kursini talab qiladi. Ayollarda kamqonlik qondagi gemoglobin 120 g / l (homiladorlik vaqtida 110 g / l) ko’rsatkichidan past bo’lganda tashxislanadi. Fiziologik tomondan ayollar kamqonlikka ko’proq moyil bo’ladi. Ayol organizmini oylik qon ketishlarida eritrositlarini yo’qotishga sabab bo’ladi. Hayzda yo’qotilgan qonning o’rtacha hajmi 40-50 ml, lekin og’ir hayz ko’rganda bu miqdor 5-7 kun davomida 100 ml va undan ko’p bo’lishi mumkin. Bir nechta bunday qon yo’qotishlar kamqonlikka olib kelishi ehtimoli mavjud. Ayollar orasida yashirin kamoqnlikning yana bir keng tarqalgan (20% ayollarda) shakli ferritin oqsili kontsentratsiyasi kamayganda yuzaga keladi. U oqsil qonda temirni jamlab boorish va gemoglobin darajasi kamayganda temirni ajratish vazifasini bajaradi.
Homilador ayollar anemiyasi turli omillar ta’sirida yuzaga keladi. Rivojlanayotgan homila o’sishi uchun kerakli moddalarni onaning qonidan oladi, ularga gemoglobin sintezi uchun kerak bo’lgan temir, vitamin B12, foliy kislotasi ham kiradi. Oziq-ovqatlarda vitaminlar va minerallarning yetishmasligi, surunkali
kasalliklar (gepatit, pielonefrit), homiladorlikning birinchi uch oyligida kuchli toksikozlar va bir necha homila mavjudligida bo’lajak onada anemiya
rivojlanishi mumkin.
Homilador ayollardagi fiziologik anemiya gidremiya, ya’ni qonning suyuqlashishi sabab rivojlanadi: homiladorlikning ikkinchi yarmida qonning suyuq qismi ortib ketadi, bu esa tabiiy ravishda eritrositlar va ular tashuvchi temirning kamayishiga olib keladi. Bu holat normal hisoblanadi, agarda gemoglobin miqdori 110 g / l dan past bo’lmasa, vitamin va mikroelementlar yetishmovchiligi belgilari sezilmasa; bunday holat patologik kamqonlikni anglatmaydi va qisqa vaqt ichida o’tib ketadi. Homilador ayollarning og’ir anemiyasi homila tashlash, muddatidan oldin tug’ruq, uchinchi trimestrdagi toksikoz, tug’ruq jarayonidagi qiyinchiliklar va tug’ilgan chaqaloqning anemiyasi kabi xavf tug’diradi. Homilador ayollardagi kamqonlikning belgilariga anemiyaning umumiy klinik ko’rinishlari (charchoq, uyquchanlik, asabiylashish, ko’ngil aynishi, bosh aylanishi, terining quruqligi, sochlarning sinuvchanligi) va hid va ta’m istagining o’zgarishlari (bo’r, kesak, xom go’sht yeyishni, o’tkir hidli moddalarni hidlashni xohlash) kiradi. Homilador va emizikli ayollarning yengil anemiyasi tug’ruq va emizish davridan keyin tiklanadi. Biroq, ko’p vaqt o’tmasdan kuzatiladigan takroriy homiladorlikda organizm o’z kuchlarini tiklashga ulgurmaydi va anemiya yanada og’irroq va kuchliroq kechadi, ayniqsa bu vaqt oralig’i 2 yildan kam bo’lsa. Ayol organizmining tug’ruqdan keyingi optimal tiklanish muddati 3-4 yilni tashkil etadi. Emizish davridagi anemiya Mutaxassislar tomonidan o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, laktatsion anemiya ko’pincha kasallikning og’ir bosqichlarida tashxis qilinadi. Kamqonlikning rivojlanishi tug’ruq jarayonidagi qon yo’qotishlar va gipoallergik ovqat ratsioni tufayli yuz beradi. O’z-o’zidan ko’krak suti ishlab chiqarish kamqonlikka sabab bo’lmaydi, balki ovqat ratsionidan ba’zi muhim mahsulotlarni chiqarib tashlash, masalan dukkaklilar (bola qorni damlanmasligi uchun), go’sht va sut mahsulotlari (bolada allergik reaktsiyalarni oldini olish) kamqonlik rivojlanishi ehtimolini sezilarli darajada oshiradi. Tug’ruqdan keyingi kamqonlikning kech tashxislanishi sababi, onalar o’z salomatligiga e’tibor bermasdan, ko’proq bolaga e’tiborli bo’lishidir, ayniqsa, yosh onalar. Bolaning salomatligi onaning o’z salomatligidan ko’ra ko’proq o’ylantiradi, kamqonlikning alomatlari — bosh aylanishi, charchoq, uyquchanlik, diqqatning yo’qolishi, terining rangi xiralashgani — ko’pincha chaqaloqqa qarash bilan bog’liq charchoq tufayli yuzaga kelgan deb qabul qilinadi. Emizikli onalarning temir tanqisligi anemiyasining yana bir keng tarqalgan sababi, temir qo’shimchalarining sutga kirishi va bola oshoqozon-ichak sistemasiga nojo’ya ta’sir qilishi mumkin degan no’tog’ri fikrning mavjudligidir. Bu holat mutaxassislar tomonidan tasdiq topmagan va temir tanqisligi anemiyasi tashxislanganda shifokor buyurgan dori darmonlar, vitaminlar va minerallarning qabul qilinishi qoldirilmasligi kerak.