1.2Mavzuning tarixshunoslik tahlili. 1533-yilgacha mamlakat markazi Samarqand boʻlgan. Ubaydullaxon davrida (1533—39) poytaxt Buxoroga koʻchirilgan va xonlik Buxoro xonligi nomini olgan. 1510-yil Marv yaqinida Shayboniyxon shoh Ismoil I Safaviy qoʻshinlaridan yengilib halok boʻlgandan keyin Movarounnahr temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur qoʻliga oʻtadi. Lekin, koʻp oʻtmay shayboniylar yana Movarounnahrni egallaganlar. Shu vaqtdan boshlab Movarounnahr butunlay shayboniylarga tobe boʻlgan. Oʻsha vaqtlarda xonlikka hozirgi Oʻzbekiston va Tojikistonning katta qismi, Balx va Badaxshon kirgan. Ubaydullaxon vafotidan keyin Buxoro xonligi mayda boʻlaklarga boʻlinib ketgan. Buxoroda Ubaydullaxonning oʻgʻli Abdulazizxon, Samarqandda esa Koʻchkunchixonning oʻgʻli Abdullatifxon mustaqillik eʼlon qilgan. Balx va Badaxshonda shayboniylardan Pirmuhammadxon mustaqil hukmronlik qilgan. Shu yillari shayboniy sultonlari va mahalliy mulkdorlarning hokimiyat uchun kurashi kuchaygan. Toshkent va Turkistonda Navroʻz Ahmadxon (Baroqxon), Karmana va Miyonqolda Iskandarxon, Balxda Pirmuhammadxon va boshqa kichikkichik hukmdorlar mustaqil boʻlib olganlar. 1551—56 yillarda shayboniylar oʻrtasidagi Movarounnahr uchun kurashda Iskandarxonning oʻgʻli Abdullaxon gʻolib chiqib, Buxoro xonligi da oʻz hokimiyatini oʻrnatgan. 1557-yildan boshlab Buxoro uzilkesil xonlik poytaxtiga aylangan. Iskandarxon (1563—83) va uning oʻgʻli Abdullaxon II davrida Buxoro xonligi ning siyosiy mavqei ortgan. Abdullah Xon II Balx (1573), Samarqand (1578), Toshkent (1582), Fargʻona (1583), Badaxshon (1584), Koʻlob (1585), Xuroson (1588), Xorazm (1595—96) ustidan oʻz hukmronligini oʻrnatgan; markaziy davlat boshqaruv devonini mustahkamlagan. Shunday qilib 16-asr oxiriga kelib Buxoro xonligi markazlashgan ulkan davlatga aylangan. Sharqda Qashqar bilan chegaradosh boʻlgan, gʻarbiy chekkasi Orol va Kaspiy dengizi sohillarigacha borib tutashgan. Xonlikning shim.dagi chegaralari Turkiston va Sayramgacha yetib, jan.da Xurosonning sharqiy qismini oʻz ichiga olgan. Shayboniylar hukmronligi yillarida, ayniqsa Abdullaxon II zamonida Buxoro xonligi da dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan, madaniy hayot ancha yuksalgan. Juda kup sugʻorish inshootlari: Abdullaxon bandi, Tuyatortar kanali, Oqchopsoy toʻgʻoni va suv ombori, Vaxshdan chiqarilgan koʻplab ariqdarning qurilishi dehqonchilikni rivojlantirdi. Bu vaqtlarda Buxoro xonligi da bugʻdoyning 10 xil turi, suli, qoʻnoq, joʻxori, mosh, noʻxat, makkajoʻxori, loviya, sholi, paxta, kunjut, beda, arpa, sabzavot va poliz ekinlari ekilgan, bogʻdorchilik, chorvachilik va ipakchilik rivojlangan. Samarqand, Buxoro, Margʻilon, Xoʻjand, Andijon, Toshkent, Jizzax, Oʻratepa, Shaxrisabz va boshqa yirik shaharlarda hunarmandchilik taraqqiy qilgan. Samarqand qozi kalonining hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, 16-asrda Samarqandda hunarning 61 turi mavjud boʻlgan. Movarounnahrlik kosiblar zoʻr sanʼat bilan turli tuman metall buyumlar, ip va ipak matolar, aʼlo navli qogʻozlar ishlab chiqarganlar. Buxoro shahri bir muncha kengaytirilgan, devor va harbiy istehkomlar qaytadan qurilgan. Shaharda madrasalar, xonaqoh va karvonsaroylar, yangi rastalar barpo qilingan. Shaharlar oʻrtasidagi savdo yoʻllarida tim (Abdullaxon timi), koʻchalar chorrahasi ustiga gumbaztoqlar, hammomlar, karvon yoʻllarida sardobalar, karvonsaroylar, koʻpriklar qurilgan. Shayboniylar zamonida Buxoro xonligi ningHindiston, Turkiya, Rossiya bilan savdo va diplomatik munosabatlari rivojlangan. Tarixiy manbalardan maʼlum boʻlishicha, 1572—78 yillari Hindistonda Buxoro xonining elchilari, Buxoroda esa Hindiston podshohi Akbarntt elchilari boʻlgan. Abdullaxon davrida boshlangan ichki siyosiy nizolar natijasida 1598-yilda Abdullaxonning oʻzi va shu yilda uning oʻgʻli Abdulmoʻmin oʻldirilgan. Taxtga Pirmuhammadxon II chiqqan. Ammo uning hukmronligi ham uzoqqa bormay, 1601-yil taxtdan agʻdarilgan. Shu bilan qariyb 100 yil hukm surgan shayboniylar sulolasi barham topib, Movarounnaxrda Joʻjixon naslidan boʻlgan ashtarxonjlar (joniylar) sulolasi hukmronligi boshlangan. Buxoro xonligi Ashtarxoniylar davrida[tahrir | manbasini tahrirlash] Ashtarxoniylar davrida xonlikda siyosiy nizo va beboshliklar deyarli toʻxtamagan. Dastlab asli ashtarxonlik, Buxoroda qoʻnim topgan shahzoda Jonibekning oʻgʻli Boqi Muhammad (1601— 05), soʻngra uning ukasi Vali Muhammad (1605—11) taxtga oʻtqazilgan. Imomqulixon davrida (1611—42) qozoq biylari va boshqa koʻchmanchilarning Buxoro xonligi yerlari ga talonchilik yurishlari kuchaygan. Chunonchi Imomqulixon 1612-yil Toshkentni egallab, oʻgʻli Iskandarni hokim etib tayinlaydi, ammo shaharda qoʻzgʻolon koʻtarilib Iskandar oʻldiriladi. Imomqulixon Toshkentni xonlikka qoʻshib oladi. Uning davrida xonlik ancha mustahkamlanadi. Imomqulixon koʻr boʻlib qolgach, taxtni egallagan ukasi Nadr Muhammadxon (1642—45) ham shafqatsizligi va zolimligi bilan norozilik chiqaradi. Natijada muxolif kuchlar tazyiqi bilan taxtdan voz kechadi. Hokimiyat uning oʻgʻli Abdulaziz II (1645— 81) qoʻliga oʻtadi. U markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qiladi, lekin tobora kuchayib borayotgan tarqoqlikni bartaraf qilolmaydi. Bu vaqtda Eron shohi Abbos /Balxni egallaydi, keyinroq Balx Erondan qaytarib olingan. Abdulaziz II bilan uning ukasi Subhonqulixon oʻrtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi. Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxon va undan keyin oʻgʻli Anushaxon Buxoro va Samarqand atrofiga tez-tez hujum qilib turgan. Taxtni egallab olgan Subhonqulixon (1681 — 1702) oʻz raqiblariga qarshi shafqatsiz kurashgan. U Balx va Xurosonga harbiy yurishlar qilgan. Uning oʻgʻli Ubaydullaxon (1702—11) hukmronligi davrida Balx, Termiz, Shahrisabz hokimlari mustaqil boʻlib olishga harakat qilganlar. Xon ularga qarshi harbiy yurishlar qilishga majbur boʻlgan. Samarqand va Hisorda bosh koʻtargan qabilalarga qarshi qoʻshin yuborgan. Oʻzaro toʻxtovsiz urushlar, harbiy yurishlardan keyin xazina boʻshab, iqtisodiy ahvol mushkullashgan. 1708—09 yillarda oʻtkazilgan pul islohoti natijasida pul qiymati toʻrt marta tushib ketgan. Islohotdan zarar koʻrgan aholi gʻalayon koʻtargan, biroq qoʻzgʻolon shafqatsizlarcha bostirilgan. Xonlikda siyosiy va iqtisodiy ahvolning yomonlashishi ichki ziddiyatlarni kuchaytirib yuboradi. Ayrim nufuzli amirlar uyushtirgan fitna natijasida Ubaydullaxon 1711-yil da oʻldiriladi. Taxtga marhum xonning ukasi Abulfayzxon (1711—47) nomigagina xon qilib oʻtqaziladi. Hokimiyatdagi muhim lavozimlar nufuzli amirlar qoʻliga oʻtib qoladi. Markaziy hokimiyat zaiflashgach, 1711-yilda Balx, 1723-yilda Samarqand viloyati Buxoro xonligidan ajralib chiqadi. 1720-yillarda Toshkent viloyatini qalmoqlar bosib oladi. Shu asnoda Xiva xoni Shergʻozixon ham Buxoro xonligiga daʼvogar boʻladi, ammo uning harakatlari samarasiz yakunlanadi. 1723-yilda qalmoqlar qozoq dashtlariga bostirib kirib qozoqlarni Movarounnahrga qochishga majbur qilgan. Qozoqlar chorva mollari bilan Zarafshon vodiysiga kirib bogʻ va ekinzorlarni payhon qilganlar. Buxoro xonligi da iqtisodiy va siyosiy tanglik kuchaya borib xonlik tanazzulga yuz tutgan. Movarounnahr parchalanib, uchta xonlikka (Buxoro, Qoʻqon va Xiva) boʻlinib ketgan. Bundan foydalangan Eron hukmdori Nodirshoh 1740-yil bahorida Balxni egalladi va oʻsha yili kuzda katta qoʻshin bilan Amudaryodan oʻtib Buxoro xonligini boʻysundiradi. U mangʻit qabilasidan boʻlgan Muhammad Hakim otaliqni ishonchli vakili sifatida taxtga oʻtqazadi. Abulfayzxonning nufuzi pasayib ketadi. Xonlik Nodirshohning oʻlimidan keyin (1747) Eronga tobelikdan qutulib, oʻz mustaqilligini tikladi. 1747-yilda otasi oʻrniga otaliq tayinlangan Muhammad Rahim boshliq fitnachilar Abulfayzxonni oʻldirdilar. Bundan norozi boʻlgan viloyat hokimlari isyon koʻtardilar. Qoʻzgʻolonlar shafqatsiz bostirilgach, Muhammad Rahim arkoni davlat va ruhoniylar fatvosi bilan 1753-yilda Buxoro taxtini egalladi va oʻzini „amir“ deb eʼlon qildi. Shundan keyin ashtarxoniylar sulolasi barham topib mangʻitlar sulolasi hukmronligi boshlandi. Buxoro amirligi. Muhammad Rahim vaqtida (1753—58) Buxoro amirligiga qarashli yerlar ancha qisqargan. Uning tarkibiga Buxoro, Samarqand, Miyonqol, Karmana, Qarshi, Gʻuzor, Karki, Chorjoʻy, Shahrisabz viloyatlari kirib, Toshkent va Fargʻona viloyatlari xonlik tasarrufidan chiqib ketgan. Doniyolbiy otaliq vaqtida (1758—85) ham oʻzaro urushlar davom etib, Karmana, Oʻratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh koʻtarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qilganlar. Doniyolbiyning katta oʻgʻli Amir Shohmurod hukmronligi davri (1785—1800)da Doniyolbiy joriy etgan soliqlardan bir qanchasi bekor qilindi, iqtisodiy hayot birmuncha yaxshilandi. Ruhoniylarning mavqei oshdi. Mangʻitlar sulolasi markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qanchalik urinmasin, viloyat hokimlarining mustaqillikka intilishi davom etaverdi. Ayniqsa Buxoroga muxolif boʻlgan Shahrisabz va Kitob beklari bilan kurash shiddatli boʻldi. Faqat 1853-yildagina bu bekliklarni Buxoroga boʻysundirishga muvaffaq boʻlindi. Amir Haydar davri (1800—26) ham ichki va tashki urushlardan xoli boʻlmadi. Ayniqsa Oʻratepa bir necha marta qoʻldanqoʻlga oʻtib turdi. 19-asr 1choragida Buxoro bilan Xiva va Qoʻqon xonliklari oʻrtasida Oʻrta Osiyoda ustunlikka erishish uchun qirgʻinbarot va talontaroj urushlari boʻldi. Toshkent, Turkiston, Chimkent va ularning atrofi Qoʻqon xonligi tasarrufiga oʻtdi. 1825-yilda Xiva xonligi Buxoroga qarashli Marvni egalladi. Toʻxtovsiz urushlar, soliqlar miqdorining ortishi qoʻzgʻolonlarga, jumladan 1821— 25 yillarda Buxoro va Samarqand oraligʻida istiqomat qiluvchi xitoyqipchoq qabilalari qoʻzgʻoloniga sabab boʻldi (qarang Miyonqol koʻzyuloni). Amir Haydarning vorisi Nasrullaxon (1827—60) amirlik yerlarini kengaytirishga muvaffaq boʻldi. U taxtga daʼvogar boʻlish mumkin boʻlgan barcha shaxslarni qirib tashladi. Nasrullaxon 1839, 1841 va 1858-yillarda Qoʻqon xonligiga bostirib kelib, aholini qirgʻin qildi va boyliklarini taladi. 1842 va 1843-yillarda Buxoro bilan Xiva xonliklari oʻrtasida harbiy toʻqnashuvlar boʻldi. Podsho Rossiyasi Oʻrta Osiyoni mol sotish bozori, xom ashyo manbai deb bilar edi. 1866-yil rus qoʻshinlari Buxoro amirligi chegaralariga bostirib kirdi va Xoʻjand (24-may), Oʻratepa (2 okt.), Jizzax (18 okt.) shaharlarini ishgʻol qildi. Istilo etilgan yerlarni boshqarish uchun 1867-yil Turkiston generalgubernatbrligi tashkil etildi. 1868-yil 2-may kuni general Kaufman boshchiligidagi rus qoʻshinlari Samarqandni ishgʻol qildi. Iyun oy i da Buxoro amiri Muzaffar qoʻshinlariga Zirabuloq yaqinida soʻnggi qatʼiy zarba beriddi. Amir generalgubernatorga murojaat qilib, sulh tuzishni soʻradi. 1868-yil 23-iyunida ikki oʻrtada shartnoma imzolandi. Rus qoʻshinlari bosib olgan yerlar podsho Rossiyasi ixtiyoriga oʻtdi; Buxoro amirligi mustaqil tashqi siyosat yurgizishdan mahrum boʻldi; amir rus podshosiga 500 ming soʻm tovon toʻladi. 1873-yil 28-sentabrda mazkur shartnomaga qoʻshimchalar kiritilib, amirlikning Rossiyaga qaramligi yanada kuchaydi. Natijada amirlik yerlarining uchdan bir qismi podsho Rossiyasi ixtiyoriga oʻtdi; Xoʻjand, Oʻratepa, Panjikent, Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlaridan tortib Zirabuloqqacha boʻlgan yerlar, Sharqiy Buxoroda esa Shugʻnon, Vohon, Roʻshon viloyatlari, ayniqsa Zarafshon daryosi yuqori havzasining qoʻldan ketishi amirlikdagi xalqlarni asosiy hayot manbai — suvdan mahrum etdi, bu hol Buxoro amirligini Rossiyaga iqgisodiy jihatdan qaramligini yanada oshirdi. Buxoro amiri huquqiy jihatdan mustaqil hukmdor sanalsa ham, haqiqatda rus podshosiga qaram edi. Amir va uning amaldorlariga qarshi xalq harakatlari podsho Rossiyasi qoʻshinlari yordamida bostirilar edi. Amir Abdulaxad rus podshosining generaladʼyutanti hisoblangan. Uning davrida rus maʼmurlari amirlikda katta imtiyozlarga ega boʻlgan. Amirlik yerlaridan oʻtgan temir yoʻl boʻylariga rus aholisi keltirilib joylashtirildi. BuxoroAfgoniston chegarasining muhofazasi bilan ham rus qoʻshinlari shugʻullangan. Buxoro amirligining podsho Rossiyasiga tobeligi amir Olimxon zamonida (1910—20) yanada ortdi. Amirlikda yettita rus xususiy bankining shuʼbasi ish olib borardi. Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan amirlik aholisining ahvoli yanada ogʻirlashdi. Xuddi shu davrga kelib jadidlik harakati asosida yosh buxoroliklar partiyasi faoliyati kuchaydi. 1917-yil Fevral inqilobi munosabati bilan bu partiya amirlikni podsho Rossiyasi boʻyinturugʻidan qutqazish, baʼzi islohotlar oʻtkazish ishiga kirishdi. Yosh buxoroliklar rus bolsheviklari bilan hamkorlikda 1918-yil martida amir hukumatini agʻdarishga urindilar. Ammo bu harakat muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1920-yil 2-sentabrda Buxoro bosqini natijasida amirlik tugatildi. Buxoro xonligi da davlatni boshqarish boshqa xonliklardan deyarli farq qilmagan. 16—17-asrlarda otaliq lavozimidagi shaxs xonning oʻng qoʻli hisoblanib, u butun mamlakatni boshqargan. Naqib harbiy ishlar va tashqi siyosat bilan shugʻullangan. Vaqf yerlarni nazorat qilish sadrlar zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, qoʻshin uchun alohida qozi (qoziaskar) tayinlangan. Qonunshunoslikka va umuman shariatga doir muhim masalani yechish va hayotga tatbiq etish alam zimmasida boʻlgan. Devonbegi otaliq mansabidan keyin turgan. U urush va sulh ishlari, ayrim viloyat boshliqlarini tayinlash va boshqa masalalar bilan shugʻullangan. Larvonachi xon yorliqlarini topshirish va harbiy qismlarga boshchilik qilish kabi vazifalarni ado etgan. Shuningdek, xonlikda yasovul, eshikogʻaboshi, miroxur, shigʻovul, amiri lashkar, toʻpchiboshi, mirzaboshi, xazinachi, mehtar, mirob, kushbegi va boshqa lavozimlar bor edi. Mangʻitlar sulolasi davrida ham mustabid hokimiyat shakli mavjud boʻlib, amir huquqi chegaralanmagan oliy hukmdor edi. Ijro etuvchi hokimiyatni bosh vazir — qushbegi boshqargan. U xon bilan bamaslahat ish yuritgan. Jamiyat hayoti shariat qonunlariga asoslangan. Mamlakat murakkab davlat apparati orqali idora qilingan. Maye, moliya ishlari devonbegiyi kalonga, davlat xavfsizligi koʻkaltoshga, ichki tartibni saqlash va nazorat qilib turish raisp topshirilgan. Buxoro qozi kaloni huzurida aʼlam va 12 muftiyayan iborat rivoyatlar tuzuvchi muftiylar devoni boʻlgan. Amirlikda musulmon ruhoniylari yuqori mavqega ega edi. Ular katta yerlarga egalik qilardi. Shayxulislom bosh ruhoniy va adliya ishlarining sardori hisoblangan. U jamiyat maʼnaviy hayotini boshqargan. Sud hokimiyati ruhoniylar qoʻlida boʻlgan. Barcha qozilar qozi kalonga boʻysungan. Davlat boshqaruvida u yoki bu lavozim vazifasiga qarab oʻzgarib turgan. Xonlikda oʻrtaasrchilik boshqaruv tizimining uzoq saqlanishi taraqqiyot va qoʻshin kuchqudratiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Qoʻshinda dastlab misdan, 19-asr boshlarida choʻyandan quyilgan bir necha toʻp boʻlgan. Sarbozlar oʻqyoy, nayza, qilich, oybolta kabi ibtidoiy qurollar bilan qurollangan. Xonlikda qoʻshin asosan otliklardan tashkil topgan. 18-asr oxiridagi maʼlumotga koʻra, xon 10 ming kishilik qoʻshin toʻplash imkoniga ega boʻlgan. 19-asr 30- yillarida yollanma askarlar soni 19 ming kishi boʻlib, ular xizmatini turli shahar va harbiy istehkomlarda oʻtaganlar. 19-asr oʻrtalarida harbiy qismlar, shuningdek toʻp va miltiqlar soni ortgan. Umumiy qoʻmondonlik amiri lashkar zimmasida boʻlgan. Umuman xonlikda qoʻshin har jihatdan zamon talabidan ancha orqada edi. Mamlakat iqtisodiy hayotida dehqonchilik, xunarmandchilik, ichki va tashqi savdo asosiy oʻrinni egallagan. Ichki nizolar boʻlib turishiga karamay iqtisodiyotning bu sohalari rivojlanishda davom etdi. Dehqonchilik sugʻorish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan. Sugʻorish tarmoqlari Zarafshon va Amudaryodan chiqarilgan. Abdullaxon II ning 1583-yilda Nurota togʻlari shim. yon bagʻirlaridagi Eski Oqchob qishlogʻi yaqinida qurdirgan suv ombori qoldiqlari hozirgacha saqlangan. Shuningdek, Zarafshon daryosida Puli Karmana, Puli Mehtar Qosim va Puli Chahorminor kabi suv taqsimlagichlar qurilgan. Zarafshondan Jizzaxga Tuyatortar arigʻi chiqarilgan. Sugʻorish tarmoqlari Amir Shohmurod va Amir Haydar davrlarida ham ancha koʻpaydi, koʻchmanchilarning oʻtroqlashuvi kuchaydi. Xonlikda yer egaligining asosan 3 turi — amlok (amir .boshchiligidagi mulkdorlar guruhi ixtiyoridagi yerlar), mulk (xususiy yer egalariga qarashli) va vaqf (musulmon ruhrniylari, Madrasa, masjid va mozorlarga qarashli) yerlari mavjud boʻlgan. Xonlikda dehqonlar yerni asosan, ijaraga olib ishlar edi. Soliq turi va toʻlovlarning koʻpligidan, begor majburiyatidan bezor boʻlgan mehnatkash xalq tez-tez gʻalayon qilib turardi. Dehqonchilikda asosan gʻalla, paxta ekilgan. Ipakchilik koʻproq Zarafshon vodiysida rivojlaigan. Chorvachilikda ot, tuya, qoramol, qoʻy boqilgan. Hunarmandchilikning koʻp turlari ravnaq topgan. Xususan, toʻqimachilik, tikuvchilik, misgarlik, zargarlik buyumlari xonlikdan tashqarida ham haridorgir boʻlgan. Shahar va yirik qishloklar aholisining talay qismini hunarmandlar tashkil etar edi. Toʻqimachilik mahsulotlari Yaqin Sharq (mas, Zandana qishlogʻida toʻqilgan zandaniychi matosi butun Sharqda mashhur boʻlgan) mamlakatlariga chiqarilgan. Hayotni tebratuvchi bu ikki yoʻnalish ichki va tashqi savdo takdirini ham belgilagan. Dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlari ichki va tashqi bozor talablarini qondirib turgan. Xonliklar oʻrtasida savdo uzluksiz davom etgan. Ayniqsa Buxoro shahri Oʻrta Osiyoning eng yirik savdo markazi sifatida mashhur boʻlib, koʻplab karvonsaroylarga va savdo rastalariga ega boʻlgan. Buxoro islom dini markazlaridan biri sifatida mashhur edi: Abdulazizxon va Abdullaxon saroyida badiiy bezakli nodir asarlar toʻplangan kutubxona mavjud boʻlgan. Bu yerda mohir xattotlar va miniatyurachi rassomlar ishlab, qoʻlyozma, adabiyot, tarix va boshqa fanlar sohasida yaratilgan asarlarni koʻchirish, bezash va kitob holiga keltirish bilan mashgʻul boʻlganlar.