Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va
indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli
ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi Farmoni ana shu saʼy-
harakatlarni yangi pogʻonaga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Oqibat natijada mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi
jozibadorligini oshirish mezoni boʻlib xizmat qiladigan xalqaro reyting va indekslarni
oshirish jarayonida parlamentning oʻrni qanday boʻladi? Oliy Majlis Qonunchilik
palatasida 4-iyun kuni “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi
oʻrnini yaxshilash borasida parlamentning, xususan, Qonunchilik palatasining roli”
mavzusida oʻtkazilgan seminar ana shu mavzuga qaratildi va Prezident farmoni mazmuni
va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda parlament oldida turgan masalalar
atroflicha muhokama qilindi.
Jahon banki, Birlashgan millatlar tashkiloti, Birlashgan millatlar tashkilotining
Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon iqtisodiy forumi,
Xalqaro byudjet hamkorligi, INSEAD xalqaro biznes-maktabi va Economist Intelligence
Unit kabi xalqaro reyting agentliklari va tashkilotlari bilan rasmiy aloqalar yoʻlga qoʻyildi.
Oʻtgan davr mobaynida xalqaro reyting agentliklarining 2019-2020-yillarda chop
etilgan hisobotlariga binoan respublikaning iqtisodiy reytinglardagi oʻrni sezilarli darajada
oʻsdi. Xususan “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklarining
bahosiga koʻra 2019-yilda mamlakatning suveren kredit reytingi “BB–” barqaror darajada
saqlanib qolmoqda.
Jahon banki “Biznes yuritish 2020” yangi yillik hisobotida (Doing Business 2020)
soʻnggi bir yilda Oʻzbekiston Respublikasi biznes islohotini amalga oshirishda eng katta
yutuqlarga erishgan 20 ta mamlakat qatoriga kirishga imkon bergan toʻrtta islohotni
amalga oshirgani toʻgʻrisidagi axborotni tarqatdi. Shuningdek, 2019-yilda Oʻzbekiston
ushbu reyting hisobotida dunyoning 190 mamlakati orasida 69-oʻrinni egallab, 7
pogʻonaga koʻtarildi.
2019-yilning sentyabr oyida Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarining
2018-yil uchun eʼlon qilgan hisobotida Oʻzbekiston Respublikasi bir qator indikatorlardan
yaxshilanganligini maʼlum boʻldi. Xususan, “Korrupsiyani nazorat qilish” indeksida 1
pogʻonaga, “Hukumat samaradorligi” indeksida 3 pogʻonaga, “Normativ sifat” indeksida
7 pogʻonaga, “Qonun ustuvorligi” indeksida 4 pogʻonaga, “Soʻz erkinligi va hisobdorlik”
indeksida 5 pogʻonaga koʻtarildi.
Seminarda Prezidentimizning 2020-yil 2-iyundagi Farmoni bilan xalqaro reyting va
indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etilayotgani, davlat
organlarining birinchi rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va
indekslardagi oʻrnini yaxshilash uchun masʼul qilib belgilangani alohida qayd etib oʻtildi.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasining tashkil etilishi mazkur
yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borish imkoniyatini yaratishi,
bu esa oʻz navbatida koʻzlangan natijaga erishishda ayni muddao boʻlishi qayd etildi.
Tadbirda soʻnggi toʻrt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamgʻarmasining
“Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pogʻonaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi”
indeksida 19 pogʻonaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pogʻonaga koʻtarilganligi eʼtirof
etilib, ushbu yoʻnalishdagi ishlarning natijasini aks ettirishga moʻljallangan 2020-yil 1-
oktyabrga qadar Internet tarmogʻida ishga tushirilishi belgilangan “Oʻzbekiston
Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali haqida maʼlumot berildi.
Bu borada mamlakatimizda reytinglar boʻyicha tizimli ishlar amalga
oshirilayotganligi va mazkur sohada soʻnggi yillarda 10 ga yaqin qonunosti normativ-
huquqiy hujjatlari qabul qilingani, biroq mazkur yoʻnalishning ahamiyatini hisobga olgan
holda parlamentning shu maqsadlarga yoʻnaltirilgan faoliyatini sezilarli darajada
takomillashtirish lozimligi qayd etildi.
Xalqaro
reyting
va
indekslarni
belgilashda
qanday
faktorlar,
koʻrsatgichlar mezon boʻlib xizmat qiladi? Mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat
oʻrtasidagi imidjini yaxshilash uchun, investorlar uchun jozibadorlikni koʻtarish uchun
qanday omillarga eʼtiborni kuchaytirish kerak? Aynan shunday maqsadlarga erishilishini
huquqiy jihatdan toʻliq taʼminlash uchun parlament qanday hujjatlar qabul qilinishiga
eʼtiborni oshirishi talab etiladi? Seminarda tegishli masʼul vazirlik va idoralarning
mutaxassislari deputatlar tomonidan koʻtarilgan shunday masalalarni atroflicha va toʻliq
yoritganliklari iliq qabul qilindi. Parlament aʼzolari oʻzlarining qimmatli takliflarini
bildirish barobarida ushbu yoʻnalish uchun xos boʻlgan oʻta nozik jihatlarni,
koʻnikmalarni oʻrganganliklarini eʼtirof etdilar.
Shu bilan birga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot
darajasini tizimli tahlil qilib borish, amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning xalqaro
reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini
taʼminlashda parlamentning nazorat va qonun ijodkorligi funksiyalarini takomillashtirish
lozimligi taʼkidlandi.
Seminarda deputatlar xalqaro reytinglar nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlar, balki
muayyan mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, jumladan inson
huquqlarini, siyosiy hayotda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash sohasidagi amaliy
ishlarga ham baho berishi haqida toʻxtalib, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning
beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli
iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 4-bandida
belgilangan “qonun loyihalarining Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini
yaxshilash boʻyicha tavsiyalarga mosligini oʻrganish amaliyotini yoʻlga qoʻyish” boʻyicha
parlament tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldilar.
Seminar yakunida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi oʻrnini
yaxshilashda parlamentning rolini yana-da oshirishga qaratilgan zarur vazifa va chora-
tadbirlar belgilab olindi.