Muammoli o’qitishning asosida amerikalik psixolog, faylasuf va pedagog Dj. Dyui (1859-1952) g’oyalari yotadi.
U 1894 yilda Chikago shaxrida o’qitish asosini o’quv rejasi emas, balki o'yinlar va mehnat faoliyati tashkil etgan tajriba maktabini tashkil qilgan.
O’qish, hisoblash, yozish bo'yicha mashg’ulotlar bolalarning fiziologik baloqatiga qarab o'z- o'zidan paydo bo'lgan ehtiyojlariga muvofiq o'tkazilgan.
Bugungi kunda, muammoli o’qitish deganda mashg’ulotlarda pedagog tomonidan yaratiladigan muammoli vaziyatlar va ularni echishga qaratilgan talabalarning faol mustaqil faoliyati tushuniladi. Buning natijasida talabalar kasbiy bilim, ko'nikma va malakalarga ega bo'ladilar hamda fikrlash qobiliyatlari rivojlanadi.
Muammoli ta'lim o’qitishning eng samarali usulidir. Pedagog muammoli vaziyat yaratadi, talabani uni echishga yo'naltiradi, yechimni izlashni tashkil etadi. Muammoli o’qitishni boshqarish, pedagogik mahoratni talab etadi, chunki muammoli vaziyatning paydo bo'lishi-individual holat bo'lib, tabaqalashtirilgan va individuallashtirilgan yondashuvni talab etadi.
Muammoli ta'lim nazariyasi talaba intellektual kuchining rivojlantiruvchi ta'limni tashkil qilishning psixologik-pedagogik yo'llari va usullarini tushuntiradi.
Shunday qilib, muammoli ta'lim deyilganda, o’qituvchi (pedagog) rag’barligida muammoli vaziyat yuzaga keltirilib, mazkur muammo talabalarning faol mustaqil faoliyati natijasida bilim, ko'nikma va malakalarni ijodiy o'zlashtirish va aqliy faoliyatni rivojlantirishga imkon beradigan ta'lim jarayonini tashkil etish nazarda tutiladi. Shuningdek, muammoli o’qitishning mohiyatini o’qituvchi (pedagog) tomonidan talabalarning o’quv ishlarida muammoli vaziyatni vujudga keltirish va o’quv vazifalarini, muammolarini va savollarini hal qilish orqali yangi bilimlarni o'zlashtirish bo'yicha ularning bilish faoliyatini boshqarish tashkil etadi. Bu esa bilimlarni o'zlashtirishning ilmiy-tadqiqot usulini yuzaga keltiradi.
Muammoli ta'limning muvaffaqiyati quyidagi omillarga bog’liq:
1. O’quv materialini muammolashtirish;
2. Talabalarning bilish faoliyatini faollashtirish;
3. Ta'lim jarayonini o'yin, mehnat faoliyati bilan uyg’unlashtirish;
4. O’qituvchi (pedagog) tomonidan muammoli metodlardan o'z o'rnida samarali foydalanish ko'nikmasiga ega bo'lish;
5. Muammoli vaziyatni hal etish yuzasidan muammoli savollar zanjirini tuzish va mantiqiy ketma-ketlikda talabalarga bayon etish.
Muammoli ta'lim – bu talabalar ilmiy dunyoqarashini shakllantirishning asosiy usuli bo'lib, insonning bilish va amaliy faoliyatini boshqaruvchi muayyan shaxsiy sub'ektiv yo'llanma sifatida tushuniladi.
Dunyoqarashni shakllantirish – bu birinchi navbatda shaxsning intellektual – faolligini shakllantirishdir. Ilmiy dunyoqarashni samarali shakllantirishning ikkita muhim sharti mavjud:
talabalarning tushunchalar tizimini o'zlashtirishga oid faol intellektual fikrlash faoliyati.
Insonning his-tuyg’usi va emotsiyasiga ta'sir etish, uning bilimini e'tiqodga aylantirish.