Birinchidan, sobiq sho‘rolar hukmronligi sharoitida kommunistik mafkura, mintaqa xalqlari azaldan qon-qardosh bo‘lishlariga qaramasdan, ularni zo‘rma-zo‘raki «birlashtirib» turgan edi. U mintaqa xalqlari ongiga zo‘ravonlik bilan “SSSR – yagona Vatan” va Sovet xalqi – yangi tarixiy “birlik” degan tushunchalarni singdirishga zo‘r berib urinar edi. Mintaqa xalqlari bundan qanchalik norozi bo‘lmasin, o‘zlarining tarixiy va ma’naviy yaqinligiga intilmasin, ammo bu intilishlarga nisbatan mafkuraviy tazyiq benihoya kuchli edi.
Mintaqadagi sobiq ittifoqdosh respublikalar o‘zlarining mustaqilligini qo‘lga kiritishi bilan bu mafkura barbod bo‘ldi. Ularning har biri oldida o‘zlarining ichki hayoti va istiqlolini mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlash va o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini belgilab olishdek juda murakkab vazifalar yuzaga keldi. Bu jarayonning mintaqa mamlakatlarining o‘zaro munosabatlarini uyg‘unlashtirib turishga xizmat qiladigan ma’naviy-mafkuraviy omillar shakllanishiga ta’sir o‘tkazishi tabiiydir.
Ikkinchidan, mintaqadagi mamlakatlar o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan bo‘lishiga qaramasdan, 1991 yil o‘rtalarigacha sobiq markaz hali o‘z hukmronligini qaytadan tiklashga moyil edi. SHuning uchun ham u mintaqa mamlakatlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, millatlararo ziddiyatlarni keltirib chiqarish kabi siyosatni davom ettirdi. Bu o‘z navbatida, o‘sha davrda, ma’lum darajada, mintaqa xalqlarining o‘zaro munosabatlariga ham muayyan ta’sir ko‘rsatdi.
Uchinchidan, mustaqillikni qo‘lga kiritgan mintaqamiz mamlakatlarini o‘z ta’sir doirasiga o‘tkazish uchun yana boshqa bir qator mamlakatlar ham harakatni boshlab yubordilar. Ularning ko‘pchiligi tashqaridan beg‘araz yordam ko‘rsatayotganday bo‘lib ko‘rinsalarda, aslida har bir ko‘rsatayotgan “yordamlari” evaziga mintaqada o‘z mavqeini mustahkamlashga harakat qildilar. Aslida bunday harakatlarning bo‘lishi tabiiy holdek ko‘rinadi. Ammo, ularda ham mintaqa davlatlari va xalqlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga intilishlar yo‘q emas. Demak, ana shu intilishlar ham mintaqa mamlakatlarining mustaqillik sharoitida yuzaga kelgan muammolarni o‘zaro yakdillik bilan hal qilishga xizmat qiladigan umumiy omilning yuzaga kelishiga o‘zining ta’sirini o‘tkazdi.