2. Nutq a`zolarining fiziologiyasi deyilganda shu a`zolarning hayotiy kechimlari, muhit bilan bo‘ladigan munosabatlari nazarda tutiladi. Bunday kechim bosh miya qobig‘ining cho‘zinchoq miya qismida joylashgan markaziy nerv sistemasi tomonidan boshqariladi. Bu sistema maxsus funktsiyalarni bajaradigan nerv hujayralari to‘plamidan iboratdir. Uning brok markazi deb nomlanuvchi turi nutqning yuzaga chiqishida qatnashadigan mushaklarni harakatga keltiradigan nerv markazi hisoblanadi. Eshituv markazi nomli turi esa eshitish a`zolaridan keladigan ta`sirni idrok etadigan nerv markazi sanaladi. Bu markaz faoliyatini o‘rganish fonetikaning pertseptiv (eshitib his etish) aspekti deb ham qaraladi. Demak, til vositasida amalga oshiriladigan nutqiy aloqa bevosita shu markazlar ishtirokida yuz beradi.
3.Nutq a`zolarining ijro kechimi-nutq a`zolarining nutq tovushlarini hosil qilishdagi ishtiroki (harakati va holati). Bunday kechim, yuqorida aytib o‘tilganidek, nutq a`zolarining fiziologiyasi bilan bog‘liqdir. Odatda, nutq a`zolarining harakati va holati artikulyatsiyani shakllantiradi. Artikulyatsiya esa har bir millat vakillarida psixologik va fiziologik ko‘nikmalarga tayanadi. Bu holat o‘sha millat tilining artikulyatsiya bazasi hisoblanadi. Shuning uchun bir millat vakilida boshqa millat tiliga xos artikulyatsiya bazasi (psixologik va fiziologik ko‘nikmalar) bo‘lmasligi mumkin. Demak, tillar bir-biridan artikulyatsiya bazalaridagi ba`zi belgilari bilan o‘zaro farq qiladi. Har qanday nutq tovushining artikulyatsiyasi uch bosqichdan tarkib topadi: birinchi bosqich-ekskursiya (hozirlanish), ikkinchi bosqich – to‘xtam (ish holati), uchinchi bosqichrekursiya (talaffuzning qaytishi). Nutq jarayonida bu bosqichlarning chegarasi mavhumlashadi: odatda, bir tovushning artikulyatsiyasi nihoyasiga etmay, ikkinchi tovush ekskursiyasi boshlanadi, natijada tovushlar bir-biriga dinamik ravishda ulanib, ular orasidagi talaffuz chegaralari sezilmas holga keladi. Bunday chegaralarni yozuvda (harflar misolida) aniq sezish mumkin.