Uslubiyat haqida ma’lumot
(10-amaliy mashg‘ulot, 2 soat)
Reja:
Uslubiyat haqida umumiy ma’lumot.
Adabiy til uslubi.
Leksik uslubiyat.
Fonetik uslubiyat.
Grammatik uslubiyat.
Tayanch so‘z va iboralar: uslub, stilistika, adabiy til, kitobiy uslub, uslubiy xoslangan so‘zlar, leksik uslubiyat, fonetik uslubiyat, grammatik uslubiyat, uslubiy betaraf so‘zlar
U s l u b i y a t tilshunoslik fanining bir bo`limi bo`lib, nutq jarayonida til hodisalarining maqsadga, sharoitga va muhitga mos ravishda foydalanish qonuniyatlari bilan tanishtiradi. Uslubiyatda uslublar, til vositalarining nutqda qo`llanish yo`llari, fonetik, lug`aviy, frazeologik va grammatik birliklarning qo`llanish xususiyatlari o`rganiladi.
Adabiy tilning ijtimoiy hayotdagi ma’lum bir sohada qo`llanadigan, bir qancha o`ziga xos xususiyatlarga ega bo`lgan ko`rinishi adabiy til uslubi deyiladi. Uslub orqali so`zlovchi shaxs narsalarga, voqealarga shaxsiy munosabatini aks ettiradi.
O`zbek adabiy tilida quyidagi asosiy nutq uslublari bor: so`zlashuv uslubi, badiiy uslub, rasmiy uslub, ommabop uslub, ilmiy uslub (Ayrim darsliklarda so`zlashuv uslubidan boshqa barcha uslublar kitobiy uslub degan umumiy nom ostida beriladi): durust, metro, ko`k, tuzuk (so`zlashuv uslubi); moviy, metropoliten (kitobiy).
Har bir uslubni yaratuvchi vositalar mavjud. Bularni quyidagi turlarga bo`lish mumkin:
1. Leksik vositalar: Sinonim, omonim, antonim, paronim, ko`p ma’nolilik, tag ma’no (gapning tagida yashiringan ma’no), sifatlash, o`xshatishlar, frazeologik birlik, sheva, noadabiy so`zlar (jargon, argo, so`kish, qarg`ish kabilar) kasb-hunar so`zlari, mubolag`a (giperbola), arxaik va tarixiy so`zlar, atamalar.
2.Fonetik vositalar: nutq tovushlari, ohang, urg`u.
3. Grammatik vositalar: a) morfologik vositalar: har bir so`z turkumi; b) sintaktik vositalar: gap bo`laklari, ritorik so`roq gaplar, undalma, kirish so`z, kirish birikma, sodda va qo`shma gaplar, ko`chirma va o`zlashtirma gaplar.
Ma’lum bir uslubga tegishli bo`lgan so`zlar uslubiy xoslangan so`zlar deb yuritiladi: yanglig` so`zi badiiy uslubga, omonim, sinonim so`zlari ilmiy uslubga, balli, ketvorgan kabi so`zlar so`zlashuv uslubiga, faollar yig`ilishi, siyosiy maydon kabi so`z birikmalari ommabop uslubga xosdir. So`zlashuv uslubida ham, kitobiy uslubda ham ishlatilaveradigan so`zlar uslubiy betaraf so`zlar hisoblanadi: suv, tog`, bola, xat. Bu so`zlar ko`chma ma’noda qo`llansa, ma’lum bir uslubga tegishli bo`lishi mumkin.
Takrorlash uchun savollar:
1. Uslubiyat nima va bu bo`limda nimalar o`rganiladi? 2. Adabiy til uslubining ta’rifini ayting. 3. So`zlashuv uslubi haqida gapiring.
4. So`zlashuv uslubida ko`proq qanday gaplardan foydalaniladi?
5. Ilmiy uslub haqida gapiring. 6. Ilmiy uslubda ko`proq qanday til vositalaridan foydalaniladi? 7. Rasmiy-idoraviy uslubda nimalar yoziladi? 8. Rasmiy-idoraviy uslubda qanday gaplardan foydalaniladi? 9. Ommabop uslub haqida gapiring. 10. Ommabop uslubda qanday gap va til vositalaridan foydalaniladi? 11. Badiiy uslubning xususiyatlari haqida gapiring. 12. Badiiy uslub nega aralash uslub deyiladi? 13. Nima uchun ma’nodoshlik uslubiyatning asosi deyiladi? 14. To`liq sinonimlar haqida gapiring. 15. Ma’noviy sinonimlar haqida so`zlang. 16. Uslubiy sinonimlar haqida gapiring. 17. Frazeologik sinonimlar haqida gapiring. 18. Grammatik sinonimlar haqida so`zlang. 19. Qanday me’yorlar adabiy tilning hamma ko`rinishlari uchun xos? 20. Qanday me’yorlar adabiy tilning hamma ko`rinishlari uchun xos emas? 21. Nutq madaniyati haqida so`zlang.
Mavzuni mustahkmlash uchun test topshiriqlari:
1.Uslubiy bo‘yoq, ta’sirchanlik mavjud bo‘lgan so‘zlarni aniqlang.
A) qizgina, qizcha, onajon B) kitobcha, suv, gazetxon
C) bolagina, o‘quvchi, qushcha D) onajon, ko‘zim, bosh
2. Tilning uslubiy vositalari to‘g‘ri ko‘rsatilgan javobni toping.
A) sinonimlar, omonimlar B) polisemiya, metafora
C) epitet, metonimiya, sinekdoxa D) barchasi to‘g‘ri.
3. Quyidagi sinonimik so‘zlarning qaysi biri so‘zlashuv uslubiga xos?
A) qadrdon B) ahil C) totuv D) qalin
4. Quyidagi so‘zlarning qaysi biri faqat yozma nutqqa xos?
A) ichmoq B) no‘sh etmoq C) ko‘tarmoq D) tortmoq
5. Quyidagi sinonimlardan rasmiy uslubga tegishli so‘zni belgilang?
A) ketmoq B) tushmoq C) olinmoq D) ozod qilinmoq
6. So‘zlashuv uslubida qo‘llanadigan so‘zlar qatorini aniqlang.
A) bashar, mozor, yaxshi, kasal B) ado etmoq, behuda, yopiq
C) rostdan, bo‘ldi, mayli D) voqea, barvasta, chiroyli
7. Quyidagi gaplardan ilmiy uslubga tegishlisini belgilang.
A) Qani endi, barcha ham senga o‘xshasa.
B) Mayin shamol daraxt yaproqlarini asta tortqilaydi.
C) Mushfiq onaning hasratlari bir dunyo edi.
D)Yonishning tashqi belgisi issiqlik va yorug‘lik chiqishidir.
8. Quyidagi sinonim so‘zlarning ko‘proq so‘zlashuv uslubiga tegishlisini belgilang.
A) rohat B) huzur C) mazza D) lazzat
9. Quyidagi rang bildirgan so‘zlardan badiiy uslubga tegishlisini toping.
A) ko‘k B) zangor C) moviy D) havo rang
10. Rasmiy uslubga xos xususiyatni belgilang.
A) Ko‘p ma’noli so‘zlar ishlatiladi. B) Terminlar qo‘llanadi C) Ibora va jumlalar ma’lum qolipda bo‘ladi D) shevaga xos so‘zlar faol qo‘llanadi
Dostları ilə paylaş: |