Koʻzlari... Yoki Yoʻldoshboy bilan doʻstligimiz boshlangan kunlar edi. U meni saroylariga ergashtirib borib, bir echkini koʻrsatdi. Qip-qizil.
Ajratilgan izohlovchilar. Odatda, egaga (ba’zan undalmaga) oid boʻlib, uning ma’nosini aniqlashtiradi, izohlaydi, “izohlovchi ajratilganda, izohlanmish qanday mavqeda boʻlsa, u ham shunday mavqega ega boʻladi”2. Ajratilgan izohlovchilar izohlanmishdan keyin keladi va undan maxsus pauza bilan ajratiladi. Masalan: Biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorongʻilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qoʻzgʻalgan har xil afsonalarni – toshqasrlar-u jodugarlarning bir “suf”i bilan toshqotgan odamlarni eslab, ayni chogʻda xaykalning qizil koʻzlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib oʻtirardik. Ayrim oʻrinlarda “ma'nosi ochiq ifodalanmagan soʻzlarning ma'nosini ochiqroq ifodalash”3 ajratilgan izohlovchiga yuklatiladi:
Ular rais boboning uyi tepasiga yetgach, sekinlab aylanishga tushdilar. Ular balandda. Tutqin – oyogʻida kapron zanjiri bor burgut esa pastda...
Ajratilgan toʻldaruvchilar oʻzidan oldin kelgan toʻldiruvchining ma’nosini aniqlashtiradi: Bu kishining ana shu zerikarli nigohi menga yoqmas, aytish mumkinki, bu shaxsan mendan boshqalarga, kolxozchilarga ham shunday nigoh bilan qarar, tabiiyki, ularni oʻzidan yuz chandon yaxshi koʻrardi. Yoki Men ham unga, ya’ni burgutga ichim achishini aytdim-da, keyin qaysi goʻrdan ham ogʻzimga kelgan gapni qaytarmadim. Ajratilgan hol.Ajratilgan hol oʻzidan oldin kelgan holning ma’nosini izohlaydi. Oddiy gap boʻlagi, soʻz birikmasi shaklida boʻladi: -Ha, bezovta boʻlayotgan boʻlsa, birdan tinchib qoladi,... U ba’zan kechalari oʻzini har tomonga uradi, joʻra. Ayniqsa, tong otayotganda... Oʻzingiz oʻylab koʻring: yam-yashil qir ostidagi zumraddek oʻtloq oʻrtasida qad koʻtargan oppoq imorat ustida- tepasida bir bahaybat qush aylanayotir.
Ajratilgan ikkinchi darajali boʻlaklarning soʻrogʻi va vazifasi, odatda, oʻzlari aloqador boʻlgan gap boʻlagining soʻrogʻi va vazifasiga teng keladi.
Adabiy tilimiz oʻsib borayotgan jamiyat talabiga toʻla javob berishi, aloqa quroli sifatida, hozirgi hayotimizni toʻliq, atroflicha bayon etib berishi lozim. Bu esa hayotni soʻz bilan aks ettirayotgan yozuvchi va shoirlarimiz zimmasiga tilning ichki imkoniyatlaridan toʻliq va unumli foydalanish mas’uliyatini yuklaydi. Ular gap tarkibida hayotni aks ettiruvchi soʻzlarni topib, ta’sirli, aniq joylashtira bilishlari lozim.
Bir soʻz bilan aytganda, soʻz bilan jonli, qoʻlingiz bilan ushlagingiz keladigan chiroyli obrazni bezash yozuvchi va shoirlarimizning yuksak mahoratiga bogʻliqdir. Yozuvchi va shoirlarimiz shunday obrazni oʻzida ifodalovchi nutq formalarini, shunday gap boʻlaklarini topa bilishlari, ularni gap tarkibida oʻrinli joylashtirishlari va shu asosda oʻquvchida yuksak sezgi va hayajonni uygʻota olishlari lozim boʻladi. Har bir soʻzni gap tarkibida oʻrinli ishlata olish, ta’sirli joylashtira bilish juda ham muhim ahamiyatga egadir. Chunki har qanday soʻz qimmatini gap tarkibida ifodalash mumkin. Boshqacha qilib aytganda, har qanday soʻz va soʻz birikmasining toʻla ma’nosi gapning boʻlagini tashkil etgandagina ochiladi. Chunki u gap tarkibida fikrni reallashtiruvchi boshqa soʻzlar bilan grammatik munosabatga kirishadi. Shunga koʻra, tilning grammatik qurlishi uning asosini tashkil etib, juda sekinlik bilan oʻzgaradi. Hozirgi adabiy tilimizning grammatik qurilishida ham xilma-xil oʻzgarishlarni, sintaktik hodisalarni koʻrish mumkin. Bu, birinchidan, yozuvchi shoirlarimiz tilning xilma-xil ichki imkoniyatlaridan keng foydalanishlarining natijasi boʻlsa, ikkinchidan tilimizning talabga binoan rivojlanishidir. Ajratilgan boʻlaklar ekspressiv sintaksisda ana shunday xususiyatga egadir: Biz bolalar ham beixtiyor oʻrnimizdan turgan edik: oʻzimiz qoʻlga tushirgan qarchigʻayni, yoʻq – shunqorni, bas, burgutni oʻz qoʻlimiz bilan havoga uchirib tomosha qilishni istardik. Hozir tilimizda xilma-xil grammatik hodisalar juda koʻp: qoʻshma gaplarning xilma-xil koʻrinishlari, koʻchirma va oʻzlashtirma gaplarning, atov va bir sostavli gaplarning xilma-xil koʻrinishlari va ayniqsa, oʻziga xos murakkablashgan sodda gap boʻlaklarining tilimizda koʻpayishi, ularning stilistik rolining koʻp qirraliligi bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Adabiyotimizda ijod etayotgan buyuk san’atkorlarimiz hayotni haqqoniy, toʻliq, ifodali, obrazli, jonli qilib tasvirlashda oʻziga xos grammatik qurilishni, oʻzlariga xos gap boʻlaklarini koʻplab qoʻllaydilar va shu tufayli oz soʻz bilan keng ma’nolarni bayon etadilar. Asosiy obrazning muhim belgilarini ajratish orqali fikr qisqa, aniq ifodalanadi: He, qoʻshnichilik yaxshi boʻlar ekan-da. Ayniqsa, mahalla ahil boʻlsa, undan ham yaxshisi – mahalla oqsoqoli tadbirkor-u mehribon inson boʻlsa! (Oʻzbek bobo)
Nihoyat gap boʻlaklarini ajratish personaj nutqi uchun tipik boʻlib, soʻzlovchining diqqati qaratilgan tushunchani aniqroq tasvirlaydi. Ajratilgan boʻlakdagi qisqa toʻxtam shu soʻzdan anglashilgan ma’noga diqqatni toʻla qaratadi. Shunday qilib, boshqa lingvistik vositalar kabi mazkur sintaktik vosita ekspressivlikni ifodalashga xizmat qiladi, fikrning ta’sir etish kuchini ifodalaydi. Ajratilgan boʻlaklarda mavhum, umumlashgan ma’noni aniqlashtirish asosiy semantik vazifalardan biridir: Haqiqatan ham shunday edi: biz – toʻqqiz bola, taraflar esa toʻrttadan boʻlar, demak, bir “kishi” ortib qolar, oʻsha “ortiq” – Rahmat aka boʻlardi. Uyushiq boʻlaklar stilistikada tasviriy vositalar guruhiga kiradi. Bunday boʻlaklar yordamida umumiy tasvirlarning detallari, personajlarning harakat dinamikasi, voqelik tasvirlanadi . Sh.Xolmirzayev asarlari tilida uslubiy vazifa bajarishga xizmat qiluvchi uyushiq boʻlaklar asarning oʻziga xosligini, mavqeini belgilovchi eng muhim vositalardan biri sanaladi.
Odatda, gaplarda birdan ortiq sintaktik jihatdan teng boʻlak ketma-ket kelishi mumkin. Bunday boʻlaklar bir-biridan toʻxtam bilan ajralib, sanash ohangida aytiladi. Badiiy uslubdagi nutqda esa uyushiq boʻlaklari tabiat manzarasi, vaziyat va shaxsni obrazli tavsiflash maqsadida qoʻllanadi. Uyushiq boʻlaklar tasvirning yana ham toʻlaroq, yaqqolroq va ifodaliroq qilishda yozuvchiga yordam beradi .
Uyushiq boʻlaklar quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi:
1. Uyushiq boʻlak gapda bir xil sintaktik vazifani bajaradi.
2. Uyushiq boʻlak komponentlari oʻzaro teng aloqada boʻladi va teng bogʻlovchilar yordamida bogʻlanadi.
3. Uyushiq boʻlak oʻzi uchun umumiy hisoblangan boʻlak bilan bir xil munosabatda boʻladi.
4. Uyushiq boʻlaklar sanash intonatsiyasi orqali talaffuz qilinadi.
5. Uyushiq boʻlaklar, odatda, bir xil soʻz turkumlaridan ifodalanadi.
Gap tarkibida ega yakka holda qoʻllanishi bilan bir qatorda, uyushib ham keladi. Bunday egalar grammatik tomondan bir-biri bilan teng boʻladi. Uyushib kelgan egalarning biri ikkinchisini ergashtirmaydi, ulardan birini aniqlash uchun ikkinchisiga savol berish ham mumkin emas. Uyushiq egalar grammatik jihatdan teng boʻlib, gapda gapning ikkinchi darajali boʻlagi – aniqlovchini ergashtiradi va kesimga bogʻlanadi. Bunda aniqlovchi uyushib kelgan egalarning hammasiga ergashishi yoki ulardan biriga ergashib kelishi yoki ergashmasligi mumkin. Ammo uyushib kelgan egalarning barchasi kesimga bogʻlanadi. Badiiy asarda uyushiq egalar gaplarda ketma-ket qoʻllanganini koʻrish mumkin: Biz, ayniqsa, koʻklam kezlarida toʻrt-beshta boʻlvolib, poliz paykallarida izgʻib yurardik. Oʻtgan yildan qolib ketgan sabzi bormi, lavlagi, kartoshka bormi – kavlab olib, qishloqning chetidagi bir gʻarib dala shiyponiga borib, oʻt yoqib, uning qoʻriga topgan-tutganimizni koʻmib-pishirib yer edik. Qoʻllarimiz, ogʻzi-burnimiz qorayib, bir-birimizdan kulib, maza qilib oʻtirardik.
Uyushiq egalar gapda barcha nisbatdagi fe`llarga bogʻlana oladi. Majhul nisbatdagi fe`l bilan bogʻlangan uyushiq egalar gapda obyektni ifodalasa, qolgan nisbatdagi fe`llar bilan bogʻlangan uyushiq egalar esa subektni tasvirlaydi. Asosan ot yoki otlashgan soʻzlar uyushiq ega vazifasida keladi. Ayrim holda uyushiq egalar ot, harakat nomi bilan aralash holda ifodalanishi mumkin. Uyushiq egalardan qahramonning xarakterini, shaxsini koʻrsatishda foydalaniladi: O, Tohirning haybati, salobati, salmoq bilan oʻylab gapirishi menga juda yoqdi-da, doʻstlar. (Kuzda bahor havosi)
Grammatik shakliga qarab, uyushiq egalarga beriladigan savollar shaklining oʻzgarishi, ya`ni egalik va koʻplik qoʻshimchalarini qabul qilishi mumkin. Bu holat oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlaridan biridir.
Tuzilish jihatdan uyushiq egalar bitta soʻzdan yoki soʻz birikmasidan iborat boʻlishi mumkin:
1.Uyushiq egalarning har biri bitta soʻzdan iborat boʻladi: - He, bolam-e, koʻp azob chekkan ekanmiz-da, - dedi opa piqillab. – Ishton bilan nima ishing bor de... Erimmisan? Pirqa, partiya, kamunis... (Qushlar qishlovdan qaytdi).
2.Uyushib kelgan egalarning biri bitta soʻzdan, ayrimlari esa soʻz birikmasidan iborat boʻladi: O, Tohirning haybati, salobati, salmoq bilan oʻylab gapirishi menga juda yoqdi-da, doʻstlar. (Kuzda bahor havosi)
3.Soʻz birikmalari ham ega vazifasida kelganda uyushib kelishi mumkin: - Qani, kattalar, kelinglar, - deydi hakam shunda. Va gugurt choʻpmi, bir tiyinlik sariq chaqami qisilgan mushtlarini uzatib turadi. (Toʻp oʻyin)
Bunday hollarda uyushiq boʻlak boʻlib kelayotgan soʻz birikmalari tarkibida bir xil soʻz takrorlanishi mumkin. Bu holat she’riyatda musiqiylikni ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Gapda takror qoʻllangan egalar uyushib kelgan ega hisoblanmaydi. Shuningdek, uyushib kelgan egalar bogʻlangan kesimlar ayrim hollarda tushib qoladi, grammatik tomondan ifodalanmasa-da, kesim gapning umumiy mazmunidan anglashiladi. Masalan: : - He, bolam-e, koʻp azob chekkan ekanmiz-da, - dedi opa piqillab. – Ishton bilan nima ishing bor de... Erimmisan? Pirqa, partiya, kamunis... (Qushlar qishlovdan qaytdi); Uzun bu imoratning orqa tomoni oq devor bilan oʻralgan saroy edi: sigir, qoʻy, pichan... .
Ushbu parchada keltirilgan misolda kesim ifodalanmagan, lekin gapning umumiy mazmunidan kesimni anglash mumkin.
Uyushiq boʻlak qismlari dastlab, ikki qismdan iborat boʻladi. Harakat yoki holatning bajarilishida, ifodalanishida suby ektning ishtiroki, narsa-predmetning belgisi, harakat-holat obektining miqdori kabilarning mavjudligiga qarab uyushib kelgan boʻlak qismlari safi ortishi mumkin: Nimagaki, uning nigohida bizga nisbatanmi – bir yovuzlik, yotlik bor edi. .
Agar uyushiq boʻlak uchdan ortiq boʻlsa fikrni boʻrttiradi, aslan, uyushgan boʻlak uchdan ortiq boʻlgan oʻrinlarda fikr aniq va kuchli ifodalanadi: Mehmonxonaga billur idishlar, anvoyi ichimliklar saqlanadigan bufet boʻlishi, suyanchigʻi baland – taxtmonand kursilar-u uzun stol ham boʻlishi, chetda yumshoq divan-u kreslolar turishi, devorlarda tabiat manzaralari tasvirlangan yiriy-yirik romlarda rasmlar turishi mumkinligini ont ichaman, ont ichaman, shu yerda koʻrdim.
Shuningdek, mumkinligini soʻzi yaxlitlovchi sifatida qoʻllangan va fikr ixchamlangan. Bu soʻz har bir uyushiq boʻlakka qoʻshilsa, talaffuz birmuncha qiyinlashadi: Mehmonxonaga billur idishlar, anvoyi ichimliklar saqlanadigan bufet boʻlishi, suyanchigʻi baland – taxtmonand kursilar-u uzun stol ham boʻlishi, chetda yumshoq divan-u kreslolar turishi, devorlarda tabiat manzaralari tasvirlangan yiriy-yirik romlarda rasmlar turishi mumkinligini ont ichaman ont ichaman, shu yerda koʻrdim - Mehmonxonaga billur idishlar, anvoyi ichimliklar saqlanadigan bufet boʻlishi mumkinligini, suyanchigʻi baland – taxtmonand kursilar-u uzun stol ham boʻlishi mumkinligini, chetda yumshoq divan-u kreslolar turishi mumkinligini, devorlarda tabiat manzaralari tasvirlangan yiriy-yirik romlarda rasmlar turishi mumkinligini ont ichaman ont ichaman, shu yerda koʻrdim tarzida.