2. Iqtisodiy tahlilni mazmuni bo’yicha turlari. Iqtisodiy tahlilni faqatgina bir belgi bo‘yicha turlarga ajratib o‘rganish murakkab tavsif kasb etadi. Chunki boshqaruv funksiyasi turlarining ko‘pligi iqtisodiy tahlilning ham turlicha bo‘lishiga ta’sir etadi. Shu sababli iqtisodiy tahlilning muhim jihatlaridan kelib chiqadigan umumiy belgi asosida tahlilni tasniflash mumkin.
Iqtisodiy tahlil maqsad, vazifalar, mazmun, shakl, makon va zamonga ko‘ra, foydalaniladigan manbalar, kim tomonidan o‘tkazilishidagi uyg‘unlik va yaxlitlik bo‘yicha turlarga ajratilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu jihatdan:
– moliyaviy tahlil;
– boshqaruv tahlili;
– tezkor tahlil;
– joriy tahlil;
– istiqbolli tahlil;
– kompleks tahlil;
– tizimli tahlil;
– funksional qiymatli tahlil;
– mavzuga oid tahlil;
– stoxastik tahlil;
– determinallashgan tahlil;
– marjinal tahlil;
– solishtirma tahlil;
– xo‘jalik faoliyati tahlili;
– texnik-iqtisodiy;
– ijtimoiy-iqtisodiy;
– iqtisodiy-ekologik;
– diagnostik tahlil;
– ichki tahlil;
– tashqi tahlil va boshqalar farqlanadi.
Qayd etib o‘tilgan tahlil turlari korxona faoliyatini o‘rganish va boshqarishda o‘z ahamiyatiga ega.
5.2. Moliyaviy tahlil
Dialektika tushunchasidan ma’lumki, borliqdagi har bir obyekt garchanda alohida mavjuddek bo‘lib ko‘rinsada, u son-sanoqsiz jihatlari bilan boshqa obyektlar bilan chambarchas bog‘liqlikda harakat qiladi yoki yashaydi. Iqtisodiy obyekt sifatida korxonalar ham ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda boshqa obyektlar bilan o‘zaro aloqada va doimo birgalikda faoliyat yuritadi. Demak, korxona bilan birgalikda faoliyat olib borayotgan, u bilan hamkorlik qilayotgan yoki qilmoqchi bo‘lgan, raqobatdosh bo‘lgan va shu kabi turli obyektlar fikrimizga misol bo‘la oladi.
5.3. Boshqaruv tahlili
Korxonani to‘g‘ri boshqarish belgilangan maqsadga erishishning ilmiy asoslangan yo‘lidir. Obyektlarda boshqaruv ta’sirini oshirish, uning samaradorligini ta’minlashda ko‘p turdagi vositalar bilan birgalikda iqtisodiy tahlil ham o‘zining o‘rni va ahamiyatiga ega. Xususan, hisob tizimida tahlil vositasida ma’lumotlar yig‘ilib, qayta ishlanadi hamda ularning foydaliligi oshirilib, qaror qabul qilish uchun ichki boshqaruvchilarga, menejerlarga, xodimlarga va boshqa shu kabilarga yetkazib beriladi. Boshqaruv subyektlari foydali ma’lumotlar asosida tegishli qarorlar qabul qilib faoliyatni davom ettiradilar.
5.4. Tezkor tahlil
Korxona faoliyati doimo tezkor boshqarishni talab etadi. Bu bilan uzluksiz davom etayotgan jarayon davrning har bir soatida, kunida yoki dekadasida kuzatiladi, o‘rganiladi, nazorat qilinadi hamda obyektlarga zarur ta’sirlar ko‘rsatiladi. Demak, tezkor tahlil xo‘jalik faoliyati va uning qismlarini qisqa muddatda o‘rganib, ishlab chiqarishni operativ boshqarishga tayinlanganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Tezkor tahlilning boshqa tahlil turlaridan (ayniqsa, joriy tahlildan) farqli tomoni shundaki, korxona faoliyati hamda undagi o‘rganilayotgan jarayonlar bilan tezkor tahlil ketma-ket, ya’ni o‘ta yaqin oraliqda amalga oshiriladi.
5.5. Joriy tahlil
Joriy (retrospektiv) tahlil doimo qo‘llaniladigan tahlil turi bo‘lib, korxonalarning o‘tgan hisobot davri faoliyatini batafsil o‘rganishga qaratiladi. Demak, u hisobot yili yakunlangandan so‘ng amalga oshiriladi. Rejaning bajarilish holatini batafsil tadqiq etish tahlildagi asosiy va markaziy jihat sanaladi. Bunda korxonaning faoliyatini tashkil etgan barcha bosqichlar hamda obyektlar keng ko‘lamda o‘rganiladi.
5.6. Istiqbolli tahlil
Istiqbolli tahlil kelajakni mo‘ljallab o‘tkaziladigan tahlil hisoblanadi va u korxonaning kelgusi bir-ikki va hokazo uzoq yillarga mo‘ljallangan ish faoliyatini qanday tashkil etishni belgilash maqsadida amalga oshiriladi. Istiqbolli tahlil joriy tahlilning natijalari va ma’lumotlariga asoslanib, korxonaning kelgusidagi faoliyatini bashoratlash va mo‘ljallash vazifasini bajarishga qaratilgan.
5.7. Kompleks tahlil
Korxona faoliyatidagi yo‘nalishlarga ko‘ra bugungi kunda operatsion tahlil, investitsiya tahlili, innovatsiya tahlili, moliyaviy tahlil kabi tahlil turlari yuzaga chiqib, tabora rivojlanib bormoqda. Bu esa har bir alohida ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha tahlilni batafsil o‘tkazishni talab qiladi. Shu bilan birgalikda korxona faoliyatining barcha yo‘nalishlari, obyektlari va mablag‘ aylanish bosqichlarini bir-birlari bilan uzviy bog‘liqlikda o‘rganish boshqaruv ehtiyojlari uchun zarur.
5.8. Funksional qiymat tahlili
Funksional qiymatli tahlil – ishlab chiqarish sikli davomida sodir bo‘ladigan xarajatlar to‘g‘risida ma’lumotlarni jamlab, sodir bo‘lgan sarflarni kamaytirish yoki uni maqbul darajalarini ko‘rsatishdan iborat. Ushbu tahlilning obyekti muayyan mahsulot, uning ishlab chiqarish jarayoni hamda texnik-texnologik tizimi hisoblanadi. Misol uchun, korxona traktor ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan. Demak, traktor uning obyekti bo‘lib hisoblanadi.
5.9. Diagnostik tahlil
Jahon moliyaviy-iqtsodiy inqirozining sabab-oqibatlarini o‘rganishdan olingan saboqlardan biri korxona faoliyatini iqtisodiy jihatdan o‘rganishda voqeliklarning yuzaga kelayotgan belgilari hamda simtoplari orqali, ularni tavsiflash asosida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar va ularning natijalarini oldindan ilmiy asosda bashoratlash zarurat ekanligidir.
5.10. Ichki xo‘jalik va korxonalararo tahlil
Xo‘jalik faoliyatini o‘rganishga qaratilgan tahlil vositasida korxonadagi muayyan ish joyi, smena, zveno, brigada yoki sex faoliyatini alohida-alohida o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Har bir elementni alohida o‘rganish obyektga taalluqli bo‘lgan hodisa va jarayonlarni aniq bilishga hamda ko‘rsatkichlarni korxonaning umumiy faoliyatiga qay tartibda, qanchalik ta’sir qilayotganini ko‘rsatib beradi.
5.12. Tahlilning boshqa turlari
Mavzuga oid tahlil. Xo‘jalik faoliyatida muayyan mavzuga oid bo‘lgan jarayonlar va ularga tegishli bo‘lgan obyektlarni alohida tarzda, batafsil va tizimli o‘rganishga ehtiyoj mavjud bo‘ladi.
Marjinal tahlil. Xarajatlarning doimiy va o‘zgaruvchan turlarga ajratib foyda hajmini aniqlash va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan tahlil.
Texnik-iqtisodiy tahlil. Ushbu tahlil turi aniq mehnat bilan mahsulotning belgilangan sifatlarini saqlab qolgan holda, natural ko‘rinishida amalga oshiriladigan ishlab chiqarish jarayonlarini sabab-oqibat asosida o‘rganadi. Bunga misol qilib mehnat resurslari, asosiy vositalar, xom-ashyolar, texnologiyalar va shu kabilarning moddiy ko‘rinishdagi o‘zaro uzviy faoliyatini ko‘rsatish mumkin.