Х. FANDA ЕCHIMINI KUTAYOTGAN ILMIY MUAMMOLAR VA MASALALAR:
Mustaqillik yillari ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tezkorligi, voqea va hodisalarning shiddatliligi, olam-u odam taqdiriga daxldor bo'lgan dunyoviy muammolar-u serqirra hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan umumiy qarashlarimizdan tortib, eng kichik, eng shaxsiy yumushlarimizgacha bo'lgan barcha hodisalarni o'zida mujassam etdi. Mudroq bosgan tuyg'ularimizni junbushga keltirdi. Boshqacha qilib aytganda, hayotga tiyrakroq qaraydigan bo'ldik. O'zligimizni anglay boshladik.
Tabiiyki, bunday hayotiy zaruriyat barcha ijtimoiy-gumanitar fanlar qatori tarix fani oldiga ham yangi vazifalar qo'yadi. Tadqiqotchilar birinchi navbatda xalqning istiqlolga erishish yo'lidagi fidoyi mehnatini, milliy mustaqillikka erishish yo'llari va vositalarini, milliy davlatchilik qurilishiga doir tajribani, istiqlolni mustahkamlashning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma'naviy omillarini o'rganish va milliy istiqlol mafkurasini yaratish kabi bir qator muhim muammolarni har tomonlama mushohada qilmoqlari lozim. Darhaqiqat, o'rganishga, tadqiq etishga, dastlabki ilmiy-nazariy xulosalarni o'rtaga tashlashga asos bor.
2000-yil 6-aprel kuni Oq saroyda mamlakat Prezidenti bir guruh olimlar, faylasuflar, tarixchilar va mutaxassislar bilan uchrashib, milliy mafkura, milliy ong taraqqiyoti, uning zarurati haqida gapirdi.
«Tarixiy xotirasiz kelajak yo'q», - degan edi I.Karimov. Darhaqiqat, tarix xotirasi inson taraqqiyotiga kuchli ta'sir o'tkazadi, milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi. Milliy ong, milliy tafakkur xalq tarixi, uning rivqjlanish bosqichlarini nechog'lik o'rganish, undan saboq chiqarish bilan bog'liq. Ulug' allomalar aytganidek, tarix insonni istiqbolga da'vat etadi. Ulkan yaratuvchilikni rag'batlantiradi. Zotan, uning murabbiylik, tarbiyachilik, yo'naltiruvchilik kuchi xuddi ana shunda.
Shu ma'noda mamlakatimiz rahbarining O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi qoshida «0'zbekistonning yangi tarixi» Markazini tashkil qilish to'g'risida chiqargan Farmoyishi katta tarixiy va siyosiy ahamiyatga ega.
O'zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi, yangi jamiyatga o'tish davrida siyosiy islohotlarning amalga oshirilishi, O'zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurilishi, fuqarolik jamiyatining shakllantirilishi, iqtisodiy islohatlarni chuqurlashtirishga doir tadbirlar, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning ta'minlash omillari, ma'naviy-ruhiy poklanish va milliy qadriyatlarning tiklanishi hamda O'zbekistonning jahon hamjamiyatidan munosib o'rin olishi manbalarda aks etgan.
Xullas, hayot mustaqillik davrida o'tgan kunlarimizni manbalar asosida alohida o'rganishni, tadqiq etishni, ilmiy va nazariy xulosalar chiqarishni taqozo etmoqda. Buning o'ziga xos asoslari bor.
Dostları ilə paylaş: |