Qisqartma so‘zlar imlosi.So‘zlarning birinchi harflarini biriktirish yo‘li bilan yasalgan qisqartma so‘zlar bosh harf bilan yoziladi: BMT, MDH. Qisqartmalardagi harflar o‘rtasiga nuqta qo‘yilmaydi. Insholar matnida B.M.T., A.Q.Sh. tarzida xato yozishlar ko‘p uchraydi. Shaxs ismi va otasining ismi, familiyalari yoki ularning bir qismi qisqartirilishi mumkin: H.O., A.O.; N.Jumayev, G.Jahonova. Mumtoz ijodkorlarimiz ismi-sharifi, taxallusini qisqartirmay yozgan ma’qul: Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur. Negaki hozirgi ism-shariflar qisqartmasi shaxs ismi va otasining ismini bildiradi: F.X.Arziqulov. Mumtoz ijodkorlarimiz ismi-sharifi, taxallusi har doim ham bu mezonga mos kelavermaydi. Odatda, taxalluslar ham qisqartirilmaydi: Cho‘lpon, Sakkokiy, Julqunboy, Hijron, Nihoniy. Bosh harflar imlosiga doir qoidalarni ham yaxshi o‘zlashtirish lozim. Hurmat ma’nosida qo‘llangan olmoshlar, ta’kidlab aytilgan so‘zlar bosh harf bilan yozilishi mumkin: Siz va O‘zingiz, Birinchi Prezident, Prezident, Vatan, Respublika. Bayramlar va tarixiy kunni ifodalagan birikmalarning birinchi so‘zi: Navro‘z bayrami, Mustaqillik kuni, Xotira va qadrlash kuni;
oliy tashkilotlar va faxriy unvonlar, mamlakat nomlarining har bir so‘zi bosh harf bilan yoziladi: Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Qahramoni. Orden va medallarning nomi bosh harf bilan orden va medall so‘zlari kichik harf bilan yoziladi: «Mustaqillik» ordeni, «Do‘stlik» medali.
Universitet, institut, fakultet, kafedra nomlarining birinchi so‘zi bosh harf bilan, qolganlari kichik harf bilan yoziladi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbek filologiyasi fakulteti, Til nazariyasi va amaliyoti kafedrasi. Bu tipdagi nomlanishlarda “atab qo‘yish”ga nisbatan “umumning bir qismi” semasi ko‘proq aks etgani bois qo‘shtirnoqqa olinmaydi.
Nomlar tarkibidagi Milliy sifatlovchisi bosh harf bilan yoziladi: O‘zbekiston Milliy universiteti. Mashhur shaxslar ismi bilan yuritiladigan muassasalar nomidagi (nomli emas) izohlovchisi bilan qo‘llanadi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti. SH, CH, NG harfiy birikmalarining bosh shakllari qisqartma so‘zlarda standart shaklni ta’minlashda qo‘llanadi: masalan, “TONG” ishlab chiqarish birlashmasi. Oddiy hollarda harfiy birikmalarning ikkinchisi kichik shaklda yoziladi: Shohruh, Charos.