Musobaqalarning turlari Musobaqalar qo‘yilgan vazifalarga qarab:birinchiliklar yoki chempionatlar, kubok musobaqalari, qisqartirilgan, baravarlashtirilgan, klassifikasiya va saralash musobaqalari, match va o‘rtoqlik uchrashuvlar kabi turlarga bo‘linadi.
Birinchiliklar yoki chempionatlar eng katta musobaqalardan bo‘lib, ularda kollektiv, tuman, shahar, respublika chempioni degan faxriy unvon beriladi. Ular yilda bir marta o‘tkaziladi. Birinchilik g‘oliblari oltin, kumush va bronza medallari bilan mukofotlanadilar.
Kubok musobaqalari “yutkazgan chiqib ketish” prinsipida o‘tkaziladi. Bu musobaqa ko‘p vaqt talab qilmaydi, ko‘p qatnashuvchilar jalb qilish imkonini beradi.
Qisqartirilgan musobaqalar (blis turnirlar)da ko‘p jamoalar qatnashganlari holda bir kunda o‘tkaziladi. Buning uchun o‘yin vaqti 30 daqiqagacha qisqartiriladi. Musobaqalar mavsumning ochilishiga yoki bayramlarga bag‘ishlab o‘tkaziladi.
Baravarlashtirilgan musobaqalar tayyorgarligi har xil bo‘lgan jamoalar orasida o‘tkaziladi. Jamoalarning qiziqishini saqlab qolish uchun kuchsizrok jamoaga oldindan yoki uchrashuv tamom bo‘lgandan so‘ng qo‘shimcha ochkolar beriladi.
Klassifikatsiya musobaqalari jamoalarning tayyorgarligini aniqlash, sport klassifikasiyasining razryad talablarini bajarish maqsadida o‘tkaziladi.
Saralash musobaqalari tayyorgarligi eng yaxshi jamoalarni (o‘yinchilarni) aniqlab, keyingi yirik musobaqalarda qatnashtirish uchun o‘tkaziladi.
Match uchrashuvlari musobaqalar kalendarida ko‘zda tutilgan va an’anaviy hisoblanadi. Uchrashuvlarda ikki va undan ortiq jamoalar qatnashishi mumkin. Musobaqalarning bunday turlari alohida shaharlar, viloyatlar hamda chet davlatlar orasida do‘stlik munosabatlarining rivojlanishiga yordam beradi.
O‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘lajak musobaqalarga va sport trenirovkasining ba’zi bir bo‘limlari bo‘yicha tayyorgarlikni aniqlash maqsadida ayrim jamoalar o‘rtasida o‘tkaziladi.