30 VOYAGA YETMAGANLAR JAVOBGARLIGINING XUSUSIYATLARI
3. Jinoyat sodir etishga suiqasd qilish Jinoyat kodeksi 25-moddasining 2-qismiga binoan, qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bо‘lmagan holatlarga kо‘ra oxiriga yetkazilmagan bо‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish deb topiladi.
Jinoyat huquqi nazariyasida jinoyatga suiqasd qilishning ikki turi mavjud.
Bular:
a) tamom bо‘lmagan suiqasd;
b) tamom bо‘lgan suiqasd.
Jinoyatga suiqasd qilishning subyektiv mezoni aybdorning о‘zining harakati bilan jinoyat oxiriga yetkazilmaydi (masalan, о‘ldirish maqsadida о‘q otar quroldan otmoqchi bо‘ladi, ammo qurol otilmaydi. Uyga о‘g‘rilik qilish maqsadida kirish uchun kalit yasaydi, ammo bu kalit bilan eshik ochilmaydi va hokazo). Suiqasd qilishning subyektiv mezoni shaxsning tajribasi yetishmasligi, puxga reja tuza olmaganligi, jinoyat qilish qurolini tekshirib kо‘rmaganligi, vaziyatni yaxshi bilmaganligi, jinoyat joyi haqida yetarli ma’lumotlarga ega emasligi va hokazo bо‘lishi mumkin. Demak, jinoyatning subyektiv mezonida aybdor о‘ziga bog‘liq bо‘lgan barcha harakatlarni bajarishga ulgurmaydi.
Jinoyatga suiqasd qilishning obyektiv mezonida shaxs о‘ziga bogliq bо‘lgan barcha harakatlarni qiladi, ammo boshqa shaxsning (jabrlanuvchining, har qanday uchinchi shaxsning) harakati yoki boshqa obyektiv sababga kо‘ra, jinoyat oxiriga yetkazilmaydi.
Shunday qilib, subyektiv mezoni tufayli oxiriga yetkazilmagan suiqasdni tamom bо‘lmagan suiqasd deb aytiladi.
Tamom bо‘lgan suiqasdda shaxs jinoyatni oxiriga yetkazish uchun о‘ziga bog‘liq bо‘lgan barcha harakatlarni bajargan hisoblaydi va jinoyatni oxiriga yetkazish uchun ana shu harakatlarning о‘zi yetarli deb hisoblaydi va yana biron-bir qо‘shimcha harakatlarni bajarish shart emas, deb hisoblaydi. Ammo obyektiv sabablarga kо‘ra, jinoyat oxiriga yetkazilmaydi. Masalan, о‘qotar quroldan otayotganida boshqa bir shaxs uning qо‘liga uradi va qurol uning qо‘lidan chiqib ketadi. Talonchilik qilish maqsadida mulkni tortib olmoqchi bо‘lgan shaxsni jabrlanuvchi ning о‘zi ushlab, ichki ishlar organiga topshiradi va hokazo.