22-mavzu: Sezgilar.
Reja: 1.Bolalarda sezgilarning rivojlanishi.
2.Sezgilar haqida umumiy tushuncha.
3.Sezgining inson hayoti va faoliyatidagi o`rni.
Tayanch tushunchalar:Sezgining nervfiziologik asoslari, analizatorlar va uning tuzilishi. Sezgi turlari: Sezgi xususiyatlari: Sezgilarnirivojlantirish shart-sharoitlari. Sezgirlikning rivojlanishida mashqlarning o`rni. Bolalarda sezgilarning rivojlanishi.Sensor taraqqiyot bosqichlari va ularning bola faoliyati bilan aloqasi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda sezgi a’zolarining rivojlanishi xususiyatlari. Ko’rish, eshitish, hid, ta’m, teri sezgilari takomollashuvining bola psixik taraqqiyotiga ta’siri. Bolalarda sezgi va idrokning rivojlanishi Sensor taraqqiyot bosqichlari va ularning bola faoliyati bilan aloqasi. Bolaning bog‘cha yoshidagi davri sezgi a’zolari va idrokining intensiv rivojlanish davri hisoblanadi. Bolalar sezgi va idroklarining yordami bilan tevarak-atrofdagi narsalarning shaklan katta-kichikligini va ranglarini bilib oladilar. Ularning sezgi a’zolari (ko‘rish, eshitish, hid, ta’m-teri, taktil) va idroklari dunyoni bilish qurolidir. Shuning uchun bolalarning psixik taraqqiyotlari asosan ana shu yuqoridagi sezgi a’zolari va idroklarining taraqqiyotiga bog‘liq. Ana shuning uchun ham hozirgi kunda bog‘chada bolalarga beriladigan sensor tarbiyaning roli nihoyat darajada ortib bormoqda. Bu yerda shunday bir savol tug‘iladi. Sensor tarbiya deganda nimani tushunamiz? Sensor tarbiya aqliy tarbiyaning bir bo‘lagi bo‘lib, biz bunda sezgi a’zolari va idrokni maqsadga muvofiq ravishda rivojlantirish va mukammallashtirishni tushunamiz. Bolalar tarbiyachining rahbarligi ostida turli mashg‘ulotlarda narsalarning har xil xususiyatlarini, qattiq-yumshoqligini, rangini, shaklini qayta-qayta idrok qilar ekanlar, ularning ongida narsalarning turli xususiyatlariga doir etalonlar (andaza, obrazlar) yuzaga keladi. Keyinchalik bolalar narsalarning xususiyatlarini, belgilarini idrok qilganlarida o‘z tasavvurlaridagi etalonlarga taqqoslab, solishtirib ko‘radilar. Shuning uchun bog‘chada bolalarga sensor tarbiya berish orqali ularda etalon tasavvurlarni hosil qilish katta ahamiyatga egadir. Sezgi a’zolari hissiy yo‘l bilan egallanadi. Ana shuning uchun sezgi a’zolarini yoshlik davridan boshlab o‘tkirlashtirish, ya’ni sensor tarbiya nihoyatda zarurdir. Odamlargagina xos bo‘lgan musiqa tovushlariga nisbatan sezgirlik, tovushlarning nozik tomonlarini anglay bilish sezgirligi, biron narsaning tekkanini seza bilish kabi nihoyatda muhim xususiyatlar bog‘chada amalga oshiriladigan sensor tarbiya orqali rivojlantiriladi. Bog‘cha yoshidagi bolalar narsalarni o‘z qo‘llari bilan bevosita ushlamasalar ham, ko‘rish va eshitish bilan qanoatlanadigan bo‘ladilar. Bolaning ko‘rish sezgisi bog‘cha yoshigacha bo‘lgan davrda juda tez takomillashadi. Shuning uchun bolaning ko‘zi katta yoshdagi odamlar ko‘ziga nisbatan uzoqni ko‘ra oladi. Agarda bolaning ko‘zi biron kasallikka uchramay, normal va sog‘lom taraqqiy etsa, ko‘rish o‘tkirligi katta yoshdagi odamlarnikiga nisbatan ikki-uch barobar ortiq bo‘ladi. Bog‘cha yoshidagi bolalar sezgisini o‘stirishda tarbiyachining roli juda kattadir. Tarbiyachi turli qiziqarli mashg‘ulotlar orqali bolalar sezgi a’zolarining sezgirlik darajasini o‘stirishga yordam berishi kerak. Bunda bolalar sezgi a’zolarini rivojlan- tirishga qaratilgan mashqlarni aniq va mazmunli o‘yinlar bilan bog‘lab o‘tkazish yaxshi natija beradi. Masalan, bolalarda uzoqdagi narsalarning farqini ajrata olish sezgirligini takomillashtirish uchun rangli va har xil kattalikdagi qutichalar yoki kubiklarni ma’lum uzoqlikka qo‘yib, farqini ajrata olish o‘yinini o‘tkazish mumkin. Bunda bolalarning ko‘rish sezgirliklari darajasiga qarab, kubiklar qo‘yilgan masofalarni ayrim bolalarga nisbatan uzoqlashtirish va boshqa bolalarga nisbatan esa yaqinlashtirish mumkin. Har bir tarbiyachi o‘z qo‘l ostidagi bolalar sezgi a’zolarining holatini, sezgirlik darajasini yaxshi bilishi kerak. Turli mashg‘ulotlarni tashkil qilishda buning ahamiyati juda kattadir. Ba’zi bolalarda kamqonlik yoki boshqa bir sabab tufayli ko‘rish sezgirligi zaif bo‘ladi. Ayrim tarbiyachilar esa buni o‘z vaqtida aniqlamaydilar, natijada bola aybsiz bo‘lsa ham tarbiyachidan tez-tez dakki yeb turadi. Masalan, tarbiyachi rasm bilan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda (rasmga qarab so‘zlab berish) ko‘rish sezgirligi zaif bolani orqaroqqa o‘tqazib qo‘yishi mumkin. Natijada bola rasmdagi ayrim detallarni mutlaqo ko‘rmaydi yoki g‘ira-shira ko‘rsa ham, ajrata olmaydi. Tarbiyachi esa, bolada ko‘rish sezgirligining zaifligini bilmay, uni diqqatsizlikda ayblab, uri sha boshlaydi. Bolalar bog‘cha yoshida ranglarning farqini yaxshi ajrata oladigan bo‘ladilar. Biroq ular faqat asosiy ranglarni yaxshi biladilar, murakkab ranglar, masalan, sarg‘ish, ko‘kimtir, pushti, jigarrang, to‘q qizil, och havo rang, zangori, binaf-sha rang, oqimtir, timqora kabilarni esa yaxshi bilmaydilar. Bog‘cha yoshidagi bolalar bu murakkab ranglarning nomini ham to‘g‘ri ayta olmaydi. Shuning uchun bolalar gaplarning bunday murakkab nomlarini tarbiyachilardan eshitish orqali o‘zlashtiradilar. Ba’zi paytlarda esa o‘zlari bilganlaricha ayta boshlaydilar. Masalan, timqorani — ja qora, pushti rangni — sal qizil, yashil, zangori, binafsha ranglarni umumiy ravishda «ko‘k» deb ataydilar. Har bir tarbiyachi o‘z ish tajribasidan biladiki, kichik guruh bolalariga nisbatan katta guruh bolalari ranglarning o‘zini ham, nomlarini ham yaxshi farqlay oladilar. Bu, albatta, mashq qilish va turmush tajribasining ortishi natijasidir. Bolalar yor- qin (juda yaltiroq) ranglarni yoqtiradilar. Yorqin ranglar ularga qandaydir zavq bag‘ishlaydi. Bola ranglarni hali bir-biridan yaxshi farqlay olmaydi. Unga ranglarning farqini bilishga yordam qiladigan o‘yinchoqlar berish lozim. Bolalar rasmli kitobchalar va o‘yinchoqlar bilan shug‘ullanganlarida ularni ko‘zlariga juda yaqin tutadilar. Mana shunday paytlarda bolalarga rasmli kitob va o‘yinchoqlarni ko‘zlaridan birmuncha uzoqroq masofada tutishni o‘rgatish lozim. Bolalarni ta’limiy mashg‘ulotlardan so‘ng kengroq joyga olib chiqib, ochiq havoda o‘ynatish kerak. Bunda bolalar uzoq masofa va manzaralarni tomosha qiladilar hamda shuning bilan birga mashg‘ulotda toliqqan ko‘zlariga dam beradilar. Shunday qilib, bog‘chada bolaning tasavvuri, xotirasi, tafakkuri va xayolining taraqqiyoti uchun turli-tuman yorqin obrazlar beruvchi ko‘rish sezgisining faoliyatini har xil mashqlar orqali izchil ravishda oshirib borish kerak. Bog‘cha yoshidagi bolalarning psixik jihatdan taraqqiy etishlarida eshitish sezgisining ham roli juda kattadir. Bola eshitish orqali nutqni egallaydi. Nutq esa inson taraqqiyotining eng muhim manbalaridan biridir. Eshitish sezgisi, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bolalarda yildan yilga tez rivojlanadi. Agar bog‘cha yoshidagi bolaning eshitish a’zosi (qulog‘i) biron kasallikka uchramay, normal rivojlanib borsa, tez orada kamolotga erishadi va natijada eshitish sezgirligi kuchayadi. Bolalarning eshitish a’zolari anatomik jihatdan katta odamlarnikiga nisbatan birmuncha nozik va zaif bo‘ladi. Ayrim bolalarning ko‘rish sezgilari zaifroq bo‘lgani singari boshqa bir bolalarning eshitish sezgilari zaifroq bo‘lishi mumkin. Tarbiyachi bog‘cha yoshidagi bolalar eshitish sezgilari sezgirligini tekshirib ko‘rishi kerak. Yaxshi eshitmaydigan bolalar odatda anqov va hadiksiraydigan bo‘ladilar. Bunday bolalar «kar», «karquloq», «anqov» degan laqab olishdan qo‘rqib, o‘zlarining ayblarini hech kimga, hatto tarbiyachiga ham bildirmaslikka tirishadilar. Eshitish sezgisi zaif bo‘lgan bolalar nutqi o‘zlashtirishdan orqada qoladi. Bu esa ularning umuman psixik taraqqiyotdan orqada qolishlariga olib kelishi mumkin. Tarbiyachi eshitish sezgisi zaif bo‘lgan bolalarni aniqlab ol-gandan so‘ng ularga nisbatan individual munosabatda bo‘lishi kerak. Bunday bolalarni hikoya o‘qib berish yoki suhbatlashish kabi mashg‘ulotlarda eng oldingi qatorga o‘tkazish lozim. Bun- dan tashqari, eshitish sezgisi zaif bolalar ayrim narsalarni qayta- qayta so‘raganlarida ularni jerkib tashlamay, osoyishtalik bilan aniq javob berish lozim. Ba’zi bir ota-onalar va tarbiyachilar bunday bolalarning qayta-qayta so‘roqlariga osoyishtalik bilan javob berish o‘rniga «Ha, nima, karquloqmisan eshitib o‘tir, ovsar!» deb urishib beradilar. Natijada bola o‘z tengdoshlari o‘rtasida mulzam bo‘lib, ikkinchi marta so‘rashga yuragi bezillaydigan bo‘lib qoladi. Mana shunday g‘ayripedagogik munosabatda bo‘lish bolaning umumiy psixik taraqqiyotiga juda salbiy ta’sir etadi. Chunki bola eshita olmagan va, binobarin, tushuna olmagan narsalarni kattalardan so‘rab olish o‘rniga, o‘zi bilganicha talqin qilishga odatlanib qoladi. Ana shularni nazarda tutib, bog‘cha yoshidagi bolalarning asosiy bilish qu- rollari bo‘lgan ko‘rish va eshitish sezgilarini normal rivojlantirish ishiga zo‘r mas’uliyat bilan qarash lozim. Bog‘cha yoshidagi bolalar umuman ta’mni emas, balki ta’mning barcha turlarini deyarli ajrata oladilar. Hidlarga nibatan ham xuddi shunday. Biroq bu ishdagi bolalarning turmush tajribalari juda ozligi tufayli ayrim hidlarning nomini to‘g‘ri ayta olmasliklari mumkin. Bog‘cha yoshidagi bolalarning hid va ta’m bilish a’zolari anatomik tuzilishi jihatidan katta odamlarning hid va ta’m bilish a’zolaridan deyarli farq qilmasada, lekin funksiyasi, ya’ni o‘z vazifasini qay darajada bajarishi jihatdan biroz farq qiladi. Bu farq hid va ta’m bil ish sezgirligining o‘tkirligida namoyon bo‘ladi. Katta odamlarda hid va ta’m bilish sezgirligi bolalarga nisbatan o‘tkirroq bo‘ladi. Shu narsa diqqatga sazovorki, boshqa sezgilarga nisbatan hid va ta’m bilish sezgilarini bog‘cha yoshidagi bolalarda qandaydir yo‘l bilan mashq qildirish orqali rivojlantirish birmuncha qiyin. Teri sezgirligi bog‘cha yoshidagi bolalarda ham xuddi katta odamlardagi kabi organizmning ayrim joylarida kuchli, ayrim joylarida esa kuchsizroq joylashgan bo‘ladi. Bolalarda qo‘l barmoqlarining uchi va yuz qismlari boshqa joylariga nisbatan g‘oyat sezgirdir. Teri sezgirligini turli mashg‘ulotlar va mashqlar orqali rivojlantirish mumkin. Masalan, ko‘zni bog‘lab, turli narsalarni qo‘l bilan paypaslab aniqlash, har xil taxtachalarning silliqlik darajasini aniqlash, bog‘chalarda keng qo‘llaniladigan «Ajoyib xaltacha» va hokazo o‘yinlarni o‘tkazish mumkin. Teri sezgirligini rivojlantirish mumkinligining isboti sifatida ko‘r tug‘ilgan bolalarni ko‘rsatish mumkin. Chunki, tug‘ma ko‘r tug‘ilgan bolalar tevarak-atrofdagi narsalarni bilishda asosiy qurol hisoblangan teri sezgirligini kishini hayratda qoldiradigan daraj ada rivojlantira oladilar. Shunday qilib, bolaning butun bog‘cha yoshidagi davrida hamma sezgi a’zolari jadal rivojlnib boradi. Normal sharoitda tarbiyalangan sog‘lom bola yaxshi takomillashgan ko‘rish, eshitish, hid bilish, ta’m va teri sezgilariga ega bo‘ladi. Mana shu sezgi a’zolari tashqi olamdagi narsa va hodisalarni aks ettirishda birdan-bir vositadir. Mashhur chex pedagoglaridan Yan Amos Komenskiy bilish jarayonida sezgi a’zolarining (analizatorlarning) rolini juda obrazli qilib tasvirlab bergan edi. Yan Amos Komenskiyning fikricha: «Sezgi a’zolarimiz ongimizdan (miyadan) tashqi olamga qarata ochilgan darchalardir. Biz ongimizda aks ettirayotgan hamma narsa va hodisalar faqat mana shu darchalar orqali ongimizga kiradi». Bu haqiqatan ham juda to‘g‘ri o‘xshatishdir. Chunonchi, bironta darcha bekilib qolgan bo‘lsa (ya’ni bironta sezgi a’zolarimiz ishdan chiqqan bo‘lsa) u payt- da biz shu sezgi a’zoyimiz bilan bog‘liq bo‘lgan narsalarni to‘la aks ettira olmaymiz. Ongimizdan tashqari olamga qarata ochilgan mana shu darchalar qanchalik keng va ravon ochilgan bo‘lsa, atrofimizdagi narsa va hodisalarni shunchalik chuqur hamda atroflicha aks ettiramiz. Mana shuning uchun bog‘chada ham, oilada ham bolalarning sensor tarbiyalariga, ya’ni sezgi a’zolarini takomillashtirishga alohida ahamiyat bilan qarash kerak.