5-
mavzu. Xiva xonligi: hududi, ma’muriy tuzilishi, markaziy va mahalliy
boshqaruv tartiblari
Reja
1.
Xiva xonligining tashkil topishi va siyosiy tarixi.
2.
Xiva qo‘ng‘irotlari sulolasi hukmronligining o‘rnatilishi
3.
Xiva xonligining xududi, ma’muriy tuzilishi va aholisi
4.
Xiva xonligida davlat tizimi. Mansablar va unvonlar.
Tayanch so‘z va iboralar.
Dashti Qipchoq, Vazir, Urganch, Xiva, Xazorasp
Shayboniylar, Berka sulton, Elbarsxon, Muhammad Amin inoq, naqib, shayx ul-islom,
mutavvalli, mirob, qozi, farmonchi, darg‘a, shig‘ovul, dasturxonchi, arbob, miroxo‘r,
inoq
1510 yilda SHayboniyxon vafotidan so‘ng Xorazm hududi Eron shohi Ismoil
tomonidan bo‘ysundirildi. 1510-1512 yillarda Xorazmni Eron shohining noiblari idora
qildilar. Ammo, 1512 yilda Xorazm hududlarida eroniylarga qarshi halq xarakatlari
boshlandi. Ushbu harakatga Vazir shahrining (Ustyurtda, Ko‘xna Urganchdan 60 km
uzoqlikda joylashgan bu shaharni XVasrda o‘zbek xonlardan bo‘lgan Mustafoxon barpo
etgan) qozisi Umar SHayx boshchilik qildi. Qo‘zg‘olonchilar Xorazmning Vazir,
Urganch, Xiva, Xazorasp shaharlaridagi eroniy noiblar va ularning qo‘shinlarini qirib
tashladilar. 1512 yilada Xorazmning obro‘li shayxlaridan bo‘lgan SHayx Ota avlodlari
ko‘chmanchi o‘zbeklarning Berka sulton avlodidan bo‘lgan Elbarsxonga maktub
yo‘llab, uni Xorazm taxtiga taklif qildilar. Elbarsxon taxtga o‘tirgach, eroniylarni
mamlakat hududidlaridan butunlay haydab chiqarib, amalda mustaqil xonlikka asos
soldi. U mamlakat hududlarini hozirgi Turkmanistonning janubiy qismi, Eronning
shimolidagi Seraxs viloyati, Mang‘ishloq, Abulxon, Durun hisobiga ancha kengaytirdi.
Ammo, o‘zbek sultonlari va shahzodalar o‘rtasida siyosiy birlik yo‘q edi. Tez orada ular
o‘rtasida hokimiyat uchun o‘zaro kurashlar avj olib ketdi. Ushbu kurashlardan
foydalangan Buxoro hukumdori shayboniy Ubaydullaxon 1537 – 1538 yillarda, qisqa
muddat Xorazmni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Mag‘lubiyatga uchragan Avanishxon
oilasi bilan shayboniylar tomonidan qatl etildi.
Ubaydullaxonning hukumronligi uzoqqa cho‘zilmadi. Ubaydullaxon zulmiga
chiday olmagan xorazmliklar Anushaxonning vorislari boshchiligida buxoroliklarga
qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Ubaydullaxon 1538 yilda yana Xorazmga qo‘shin tortdi.
Xazorasp bilan Xiva shaharlari oralig‘idagi Kardaronxos degan joyda Buxoro
qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. SHayboniylardan ozod bo‘lgan Xorazmda endi ichki
kurashlar avj olib ketdi. SHuningdek, Urganch, Kat, YAngi shahar, Xiva, Xazorasp kabi
shaharlar va viloyatlar hukmdorlarining markazdan qochuvchi harakatlari kuchayib,
ular amalda o‘zlarini mustaqil hisoblar edilar. Ayrim shaharlar bir vaqtning o‘zida ikkta
hukmdor tomonidan (mas., Xivada Po‘lat Sulton va Temir Sulton) boshqarildi. O‘zaro
kurashlar ayniqsa Elbarsxon va Anushaxon avlodlari o‘rtasida kuchayib ketdi. XVI
asrda Abdulg‘oziy ma’lumotlariga ko‘ra, bunday kurashlar natijasida qisqa muddatga
hokimiyatdan o‘nlab xonlar almashganlar. Natijada markaziy hokimiyat deyarli
inqirozga uchragan edi. O‘zaro kurashlar va siyosiy tanglik, o‘z navbatida iqtisodiy
hayotning ham izdan chiqishiga sabab bo‘lgan edi.
XVI asrning ikkinchi yarmida Xojimxon (Xoji Muhammadxon, 1558-1593,
1598-1602 yy.) hukmronligi davrida Xorazmdagi o‘zaro urushlarga biroz barham berilib
tinchlik va osoyishtalik o‘rnatildi. Sug‘orish va dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo
sodiq ishlariga jiddiy e’tibor qaratilib, tashqi savdo hamda munosabatlar rivoj topdi.
Xojimxon hukmronligi davrida poytaxt Urganchdan Xivaga ko‘chiriladi (ayrim
manbalarda XVI asrning 70-yillarida, ayrimlarda esa 90-yillarda). Bunga asosiy sabab
Amudaryo o‘zanining o‘zgarib Kasbiy dengizga oqmay qo‘yishi natijasida Urganch va
uning atroflaridagi suv tanqisligi bo‘lsa, ikkinchidan, Xivaning bu davrda siyosiy va
iqtisodiy mavqei ancha kuchayib, asosiy savdo markaziga aylanishi yana bir sabab edi.
Poytaxt Xivaga ko‘chirilganidan so‘ng davlat ham Xiva xonligi deb atala boshlandi.
Arab Muhammadxonning dastlabki hukmronligi yillarida toju-taxt uchun kurashlar
davom etdi. Xususan, 1605 yilda nayman urug‘i vakillari Elbarsxon avlodiga mansub
Xusrav Sultonni taxtga o‘tkazishni rejalashtiradilar. Ammo, bu fitna oshkor bo‘lib,
Xusrav Sulton qatl ettiriladi. Oradan ikki yil o‘tgach, uyg‘ur oqsoqollarining maslahati
bilan Solih Sulton degan kimsa taxtga davogar bo‘ladi, bu isyon ham bostirilib, Solih
Sulton o‘ldirildi.
1616 yilga kelib taxt va mansab talashish mojarolariga Arab Muhammadxonning
o‘g‘illari ham qo‘shildilar. Uning Isfandiyorxon, Habash, Elbars, Abdulg‘ozi, SHarif
Muxammad, Xorazmshoh va AFg‘on Sulton ismli 7 nafar o‘g‘li bor edi. Isfandiyor
Hazoraspda, Abdulg‘oziy Sulton Katda, Habash bilan Elbasr sultonlar Vazir va Urganch
hokimlari etib tayinlangan edilar. Xon farzandlarining har biri taxtga davogar edi.
Ayniqsa Habash sulton bilan Elbars sultonlarning harakatlari keskin edi. Ota – bolalar
o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchayib ohir - oqibatda qonli urushga aylandi. 1621 yilda Toshli
YOrilish arig‘i (Xiva yaqinida) yonida Arab
Muhammadxon va uning o‘g‘illari Habash hamda Elbars sulton qo‘shinlari o‘rtasida
jang bo‘ldi. Isfandiyor va Abdulg‘oziy sultonlar otasi tomondan turib kurashgan
bo‘lsalarda, bu jangda Arab Muhammadxon engildi. Arab Muhammadxon avval
ko‘zlari ko‘r qilinib Xivaga jo‘natildi. 1623 yilda esa Qum qa’lasi yaqinida Arab
Muxammadxon xotinlari, yosh o‘g‘illari va ikkita nabirasi bilan o‘g‘illari Xabash va
Elbars sulton tomonidan o‘ldirildi. Isfandiyor Eronga (garchi unga Makkaga borishga
ruhsat bergan bo‘lsada), Abdulg‘oziy esa Buxoroga qochib, jon saqladilar.
1623 yilda otasining qatl etirilganligini eshitgan Isfandiyorxon Durun shahri,
Abdulxon tog‘laridan, turkmanlarning taka, yovmut, sariq urug‘laridan qo‘shin to‘plab
Urganchga yurish boshladi. Urganch yaqinida Isfandiyorxon va Habash – Elbars
qo‘shinlari o‘rtasida 23 kun davom etgan jangda birlashgan aka – ukalar qo‘shinlari
Isfandiyor qo‘shini tomonidan tor – mor etildi. Elbars qo‘lga olinib qatl etildi. Habash
Sirdaryo bo‘ylaridagi qoraqalpoqlardan najot so‘radi. Ammo, u bu erdan boshpana
topolmadi va navkarlari bilan qo‘lga olinib, Isfandiyorxonga topshirildi hamda ularning
barchasi qatl etildi.
Xonlikdagi barcha lavozimlarga o‘zbek urg‘ularining boshliqlari qo‘yildi. Xiva
tarixchisi Munisning ma’lumot berishicha, Abulg‘ozixon ma’muriy islohot o‘tkazib,
xonlikning boshqaruv tizimini batamom yangitdan tashkil etdi. Xonlikning boshqaruv
tizimida o‘zbek urug‘larining mavqei ortib bordi hamda ularning 360 nafar vakili xon
saroyida turli lavozimlarga ko‘tarildi. Xon yangi amaldorlar orasidan eng obro‘li 32
nafarini o‘z yoniga oldi. Munis ta’biri bilan aytganda, “andoqkim ikki shayx ul-islom,
ikki qozi, bir rais Said ota avlodidan, bir mutavalli, bir naqib, to‘rt otaliq, to‘rt inoq, to‘rt
mirob, to‘rt parvonachi, ikki oqo, ikki arbob, to‘rt chig‘atoyi inoqi va bir vazirkim, holo
mehtar derlar va bir qushbegi, bu ikkovi o‘rinsiz xon huzurida oyoq ustida turadilar”.
Abulg‘ozixon o‘zbek qabilalarini o‘troqlashtirish siyosatini olib borish bilan birga,
ularni to‘rta guruhga bo‘lib, Buxoro bilan chegaradosh bo‘lgan Doyaxotun (Darg‘onota
yaqinida) dan tortib, to Orolgacha bo‘lgan hududlarga joylashtirdi. SHuningdek,
Abulg‘ozixon 1645-1650 yillarda Xuroson, Janubiy Turkmaniston, Tajan, Murg‘ob,
Artek, Gurlan, Abulxon va Mang‘ishloq atrofidagi turkmanlar ustiga yurishlar
uyushtirdi. Xonlik sarhadlarini kengaytirishga harakat qildi. Xonning topshirig‘i bilan
Vazir qal’asi aholisi Gurlan qal’asi yaqinida tiklangan Kichik Vazir qishlog‘iga
ko‘chirildi. 1646 yilda Abulg‘ozixonning buyrug‘iga binoan Urgancharna arig‘i qaziladi
va uning yaqinida yangi qal’a bunyod etilib, bu qal’aga YAngi Urganch deb nom
beriladi. Bu erga Ko‘hna Urganch aholisining bir qismi ko‘chirib keltiriladi. 1648 yilda
G‘oziobod kanali qazilib, uning yaqinda chegara istehkomi quriladi.
Davlat boshqaruvi va bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullangan Abulg‘ozixon
tarixchi tabib sifatida ham bebaho meros qoldirgan. Taxminan 1657 yilda Abdulg‘ozi
tabobatga oid “Manafi’ ul-inson” (“Insonga foydali narsalar”) nomli asarini yozgan
bo‘lsa, 1658-1664 yillarda “SHajarai turk” nomli tarixiy asarlarini yaratdi.
Abulg‘ozixon hali o‘zi hayotlik davrida Xiva xonligi taxtini o‘g‘li Anushaxon
(1663-1687yy)ga topshirdi va oradan olti oy o‘tib vafot etdi. Anushaxon Xiva xonligi
mavqei va qudratini oshirish maqsadida otasining ishlarini davom ettirdi. U Buxoro,
Samarqand va Xurosonga bir necha marta harbiy yurishlar uyushtirib xonlik
chegaralarini mustahkamlash hamda kengaytirish harakatida bo‘ldi. Anushaxonning
harbiy yurishlarida jasorat ko‘rsatgan turkmanlarga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Xon
turkmanlarga Xorazm vohasi hamda uning atroflariga ko‘chib kelishiga ruhsat berdi.
1687 yilda saroy a’yonlari tomonidan fitna uyushtirilib, Anushaxon o‘ldiriladi.
Taxtga esa uning o‘g‘li Xudoydod (1687-1688yy) o‘tkaziladi. Afsuski yangi
hukumdorning xonlik faoliyati uzoq davom etmadi. Ogahiy habarlariga ko‘ra, siyosatda
bilimdon va xalqa adolatli xon sifatida obro‘ orttira boshlagan Xudoydodni inisi
Arangxon shahid edi. Ammo, Arangxonning (1689-1690yy.) hukmronligi uzoq davom
etmadi. 1690 yilda u Orol o‘zbeklari bilan bo‘lgan janga halok bo‘ldi.
Arangxon vafotidan so‘ng Buxoro xoni Subhonqulixon Xiva taxtiga o‘z odami
SHohniyozni (1690-1707yy.) o‘tkazib, amalda Xiva xonligini Buxoroga vassal davlatga
aylantirdi. SHuning uchun ham SHohniyoz garchi o‘zini xon deb e’lon qilgan bo‘lsada,
o‘z faoliyati davomida Buxoro ta’siridan qutula olmadi. XVII asrning oxiri - XVIII
asrning boshlariga kelib, Xiva xonligida siyosiy tarqoqlik, taxt uchun kurashlar va
mahalliy hukmdorlarning mustaqillikka intilish harakatlari avj olib ketadi. Viloyatlar
hokimlari xonga itoat etmay qo‘yganliklari bois Xiva xoni saroy amaldorlari va
mahalliy hukmdorlar qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa aylanib qolgan edi. SHuning uchun ham
XVIII asrga oid ayrim yozma manbalarda Xiva xonligi “Besh qal’a” deb atalgan bo‘lsa
kerak. Uning tarkibidagi Xazorasp, Xonqa, Urganch, Kat va SHovot qal’alarining
markaziy hokimiyatga tobeligi yuzaki xususiyatga ega edi.
SHohniyoz Buxoro ta’siridan qutulish hamda markaziy hokimiyatni
mustahkamlash maqsadida 1703 yilda Rossiya hukumdori Pyotr I ga maktub yo‘llaydi.
Bu maktubda Xiva xonligini Rossiyaga qo‘shib olish so‘ralgan edi. Pyotr I ning Xivani
Rossiya tarkibiga qo‘shilganligi haqidagi yorlig‘i 1707 yilda Xivaning yangi hukmdori
Arab Muhammadga (1707-1715yy.) topshiriladi. Ammo, Xivada siyosiy kurashlar avj
olib turgan sharoitda ushbu yorliq hech kimning e’tiborini tortmadi. Umuman, Ogahiy
ma’lumotlariga ko‘ra, Arangxon davridan to SHerg‘ozixon davriga qadar Xivada o‘nlab
hukmdorlar almashganlar.
SHerg‘ozixon (1715-1728yy)ning hukumronligi davri siyosiy voqealarga boy
bo‘ldi. Uning hukmronligi davri o‘zbek, turkman, qoraqalpoq zodagonlarining
o‘zboshimchalik harakatlariga qarshi kurash bilan o‘tdi. Bu paytga kelib, Orol bo‘yi
o‘zbeklari orasida ham siyosiy vaziyat keskinlashib ketgan edi. Buning asosiy sababi –
Orol bo‘yida yashayotgan o‘zbeklarning Qo‘ng‘irot, Mang‘it, Xo‘jayli va Qipchoq
urug‘iga mansub aholisining mustaqillik uchun kurashlari edi. Bu kurashlarga
boshchilik qilgan, Mang‘it biylaridan bo‘lgan SHeralibiy Xiva xonligiga itoat etishdan
bosh tortib, Orol bo‘yini mustaqil hokimlik deb e’lon qildi. SHerg‘ozixon bu erdagi
harakatlarni bostirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, bu ishning butunlay uddasidan chiqa
olmadi.
XVIII
asrning boshlariga kelib Rossiya hukumatining Xiva xonligining ichki
ishlariga aralashuvi kuchaydi. Rossiya hukumron doiralari O‘rta Osiyo, jumladan Xiva
xonligini ham bosib olishni rejalashtira boshlagan edilar. Rossiya hukumdori Pyotr I
ning 1717 yilda Xivaga uyushtirgan Bekovich-CHerkasskiy boshchiligidagi
ekspeditsiyasi ham aynan shu maqsadda tashkil etilgan edi. Ammo, SHerg‘ozixonning
hiyla ishlatishi natijasida 6 ming kishidan iborat bu ekspeditsiya bir kechada qirib
tashlandi. SHunga qaramasdan to O‘rta Osiyo bosib olinmagunicha CHor Rossiyasi
hukumatining bunday harakatlari davom etdi.
1741 yilda Nodirshoh o‘g‘li Nasrullo boshchiligida yana Xivaga yurish qilib
Nuralixon va uning tarafdorlarini Xivadan haydab yubordi.Taxtga esa Elbarsxonning
o‘g‘li Abdulg‘ozi II xon qilib o‘tqazildi. Ammo, uning hukumronligi ham uzoq
cho‘zilmadi. 1746 yida Xivada Mang‘it inoqlari tomonidan uyutirilgan fitnada
Abdulg‘ozi II o‘ldirildi. SHundan so‘ng Nodirshohning roziligi bilan 1747 yilda qozoq
sultoni Abdulxayrning ukasi Taibxon (Kaipxon) (1747-1757yy) taxtga o‘tqazildi.
Manbalarda Taibxonning nihoyatda zolim hukmdor bo‘lganligi eslatiladi. U Xiva taxtiga
o‘tirgach avvalo, hokimiyatini inoqlar ta’siridan xalos qilish maqsadida Mang‘it
inoqlaridan bo‘lgan Huzurbekni tarafdorlari bilan qatl ettirdi. Davlatdagi yirik
mansablar esa qozoq beklariga bo‘lib berildi. Taibxon aholiga nisbatan jabr-zulmini
kuchaytirib, 1756 yilda Xiva aholisidan 40 ming tanga qo‘shimcha soliq yig‘ib oldi. Bu
esa Xivada xalq qo‘zg‘oloniga sabab bo‘ldi. Taibxon taxtni tashlab qozoq dashtlarga
qochib ketdi. Hokimiyatni esa qisqa muddat uning ukasi Abdullaxon egalladi.
Xivadagi ichki nizolardan foydalangan Buxoro hukumdori Muhammad Rahimbiy
Xivani o‘z ta’siriga o‘tkazish harakatini boshladi. SHu maqsadda o‘z odami Temur
G‘ozixon (1757-1763yy)ni Xiva taxtiga o‘tqazdi.Temur G‘ozixon ham Xivada etarli
darajada siyosiy barqarorlik o‘rnata olmagan bo‘lsada, uning hukmronligi davridan
boshlab xonlikda o‘zbeklarning qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan inoqlarning mavqei ortib
bordi. Temur G‘ozixon bir necha yil hukmronlik qilib, saroy fitnasi natijasida o‘ldirildi.
Uning o‘limidan so‘ng Xiva hokimiyati qozoq sultoni Tavkaxon (1463y.) qo‘liga o‘tdi.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmasdan u ham taxtdan mahrum bo‘ldi. 1763 yilda inoq
Muhammad Amin amalda Xivadagi oliy darajadagi hukumdorga aylandi.
1763 yildan boshlab Xivada amalda qo‘ng‘irot urug‘i inoqlari hokimiyat tepasiga kelgan
bo‘lsa-da, 1804 yilgacha Xiva xonlari hukmdor sifatida boshqa shahsni xon
qilib e’lon qilganlar. Qo‘ng‘irotlar sulolasi hukmdorlaridan Muhammad Amin inoq
(1763-1790yy.) Xivada hokimiyatni qo‘lga olgach saroydagi bir qancha lavozim va
amallarga o‘ziga sodiq va ishonchli odamlarni tayinladi. YAngi xon shu yo‘l bilan
xonlikdagi muhim siyosiy-ma’muriy, moliyaviy va harbiy hokimiyatni o‘z qo‘liga olib,
ayrim mustaqil beklarni o‘ziga itoat ettirdi.
Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, shaharlik savdogarlar, hunarmandlar va din
peshvolari yordamida o‘z hokimiyatini ancha mustahkamlagan Muhammad Amin inoq
1770 yilda turkmanlar hujumini, 1782 yilda Buxoroliklar tajovuzini muvaffaqiyatli
qaytardi. Uning hukumronligi davrida Xiva xonligida dehqonchilik, savdo – sotiq va
hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida ma’lum chora – tadbirlar amalga oshirildi.
Mahalliy hukumdorlarning o‘zaro nizomlari va kurashlariga chek qo‘yilishi natijasida
xonlikdagi iqtisodiy hayot yaxshilanib bordi.
Muhammad Aminning o‘g‘li Avaz inoq (1790-1804 yy.) otasining ishlarini
davom ettirgan bo‘lsa, Avazning o‘g‘li Elto‘zar inoq 1804 yilda Xiva taxtiga o‘tirib,
sohta xon Abdulg‘ozi V ni haydab yubordi va o‘zini rasmiy xon (1804-1806 yy.) deb
e’lon qildi. SHu tariqa Xivada qo‘ng‘irotlar sulolasi hukumronligi rasmiy qaror topdi.
Eltuzarxon xonlikdagi mustaqil hokimlarni birlashtirish siyosatini davom ettirdi.
Ammo, uning hukmronligi uzoq davom etmadi. 1806 yilda Eltuzarxon buxoroliklar
bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Taxtga uning ukasi Muhammad Rahimxon I o‘tirdi.
Muhammad Rahimxon I (1806-1825 yy.) markazlashtirish siyosatiga katta e’tibor
berib, Xiva xonligini birlashtirishni nihoyasiga etkazdi. Xiva tarixchilarining
ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammad Rahimxon I xonlikdagi vaziyatni to‘g‘ri tushunib,
shunga yarasha davlat siyosati ishlab chiqdi va ushbu siyosatni qat’iyatlik bilan amalga
oshirdi. Xususan, uning bevosita tashabbusi bilan xonlikda ma’muriy – siyosiy,
iqtisodiy va harbiy islohotlar o‘tkazildi.
Dushmanlariga, markazdan qochuvchi kuchlarga nihoyatda beshafqat bo‘lgan
Muhammad Rahimxon I o‘z atrofiga o‘zbek, turkman, qozoq va qoraqalpoqlarning
nufuzli vakillarini to‘plab, ularga amallar va unvonlar berdi. Xon saroyi qoshida doimiy
faoliyat ko‘rsatuvchi Kengash (Devon) ta’sis etildi. Ruhoniylarga ham alohida e’tibor
berilib, SHayxulislom Kengashning a’zosi va xonning eng yaqin masahatchisiga
aylandi. Muhammad Rahimxon I ning musulmon ruhoniylarining halq orasidagi
mavqeini hisobga olib sayidlardan bo‘lgan Sayid Pirmuhammad Xo‘janing qiziga
uylangani ham ma’lum.
Bu xon davrida mamlakatning iqtisodiy hayoti jonlanganligi haqida ham
ma’lumotlar talaygina. Uning davrida mahsus islohotlar o‘tkazilib, soliqlar tarkibiga
solindi. Bojxona tashkil etilib, ichki va tashqi savdodan keladigan daromadlar ko‘payib
bordi.
Muhammad Rahimxon I mamlakat sarhadlarini kengaytirish hamda bo‘ysunmas
qabilalarni itoat ettirish maqsadida qator harbiy harakatlar olib bordi. Juda qiyinchilik
bilan bo‘lsa-da, 1811 yilda Orol-Qo‘ng‘irot tobe ettirildi. 1812-1813 yillarda Sirdaryo
bo‘yidagi qozoq va qoraqalpoq ovullariga ketma-ket qo‘shin yuborilib, ular Xiva xoniga
bo‘ysundirildi. SHundan so‘ng xonlik hududlarini Janubiy Turkmaniston va Xuroson
viloyatlari hisobiga kengaytirish harakati boshlandi. Ammo, bu masalada Xiva bilan
Buxoro o‘rtasida kurash boshlanib ketdi. 1817 yilgi CHorjuy qal’asi yaqinidagi birinchi
to‘qnashuvda Xiva qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. SHunga qaramasdan Muhammad
Rahimxon I Buxoro hududlariga 1820, 1823, 1824 yillarda talonchilik urushlari qilib
turdi.
Janubiy
Turkmaniston
va
Xuroson
viloyatlariga
harbiy
yurishlar
Muhammadrahimxondan keyin taxtga o‘tirgan o‘g‘li Olloqulixon (1825-1842 yy.) va
nabirasi Rahimqulixon (1842-1845 yy.) davrida ham davom etdi. Olloqulixon Janubiy
Turkmaniston va Xuroson viloyatlarida o‘z hukmronligini mustahkamlash uchun ular
ustiga besh marotaba yurish qildi. 1826 yilda Xiva qo‘shinlari SHimoliy Xurosondagi
Oqdarband qal’asini zabt etdilar. 1828-1829 yillarda bu hududdagi Jalqon qal’asi
egallandi. Olloqulixon zamonida Buxoro va Xiva o‘rtasida Marv viloyati uchun
to‘qnashuvlar bo‘lib turdi.
Olloqulixon 1842 yilda vafot etgach taxtga uning o‘g‘li Rahmonqulixon (1842-
1845 yy.) o‘tirdi. Taxtni egallagan yangi xon ham Janubiy Turkmaniston erlariga hujum
boshladi. Bu yurishlarga hujum qilib, Xazoraspni qamal qildi. Ammo, mag‘lubiyatga
uchrab orqaga chekinishga majbur bo‘ldi. Bu orada Rahmonqulixon CHorjo‘yni qamal
qilib, uning atrofidagi qishloqlarni taladi. Rahimqulixon Xuroson uchun bo‘lgan
janglarning birida halok bo‘lgach taxtga uning ukasi Muhammad Aminxon (1845-1855
yy.) o‘tirdi.
Muhammad Aminxon hukmronligi davrida ham Janubiy Turkmaniston va
Xurosonda tinchlik hukm surmay, xonga qarshi isyonlar davom etdi. Ayniqsa, Marv
va Seraxs shaharlarida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar hokimiyatni larzaga keltirdi.
Qo‘zg‘olonchilar Xiva xoniga bo‘ysunishdan bosh tortib, xon amaldorlari va soliq
yig‘uvchilarni tutib qatl qildilar. Ogahiy ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammad Aminxon
Marv va Seraxs uchun o‘n marotaba yurish qilgan, faqatgina 1854 yilda Marv
qo‘zg‘oloni qiyinchilik bilan bostiriladi. 1855 yil Seraxs ostonasida turkmanlar bilan
Xiva lashkarlari o‘rtasida bo‘lgan jangda Xiva qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchrab,
Muhammad Aminxon, uning o‘n to‘rt nafar shahzodalari va saroy amaldorlari fojeali
halok bo‘ldilar.
1855 yil Said Abdullaxon (besh yarim oy – 1855 yil 20 mart – 27 avgust) Xiva
taxtiga o‘tirdi. Ammo, bir guruh saroy amaldorlari Said Abdullaxonni tan olmasdan
unga qarshi fitna uyushtirib, yovmut turkmanlari bilan aloqa o‘rnatdilar hamda ularni
isyonga chorladilar. YOvmutlar isyon ko‘tarib G‘ozovot va Ilonli atroflarida
qishloqlarni talay boshladilar. Said Abdullaxon Xivadagi fitnachilarni fosh qilib, uning
ishtiroqchilarini qatl ettirgach, isyonchilarga qarshi kurash boshladi. Dastavval, Xiva
qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda yovmutlar mag‘lubiyatga uchrab dasht ichkarisiga
chekingan bo‘lsalar-da, avgustning oxirida yovmutlar Xiva navkarlari qarorgohiga
(Ilonli yaqinida) to‘satdan tunda hujum qildilar. Bu hujumda Xiva navkarlari
mag‘lubiyatga uchrab, Said Abdullaxon o‘ldirildi.
Bu voqeadan keyin saroydagi vazir Muhammad YOqub mehtar boshchiligidagi
bir guruh amaldorlar Sayid Abdullaxonning o‘n etti yashar ukasi Qutlug‘ Murodni xon
qilib ko‘tardilar, YOqub mehtar va Ibrohim qo‘shbegi davlat boshqaruvida xonning
eng yaqin kishilari edilar. Bu orada xonlikdagi siyosiy vaziyat yana keskinlashib ketdi.
Qutlug‘ Murodxonga bo‘ysunmagan turkman yovmutlari Ota Murodni, qozoq va
qoraqalpoqlar Jorliq To‘rani o‘zlariga xon deb e’lon qildilar. Qutlug‘ Murodxon
ularning isyonlarini qiyinchilik bilan bostirdi. Ammo, uning hukmronligi ham uzoq
cho‘zilmadi (to‘rt yarim oy). Qutlug‘ Murodxon o‘z ukasi Niyozbek Muhammad
tomonidan hiyla ishlatilib uyushtirilgan fitna (yovmut turkmanlari yordamida) natijasida
o‘ldirildi.
Qutlug‘ Murodxon o‘limidan so‘ng Xiva taxtiga Sayid Muhammadxon (1856-
1864 yy.) xon qilib ko‘tarildi. U hokimiyatga kelgan paytda xonlikda siyosiy vaziyat
keskinlashgan, iqtisodiy ahvol nihoyatda og‘ir bo‘lib, ko‘pchilik viloyatlarda
ocharchilik hukm surgan, yuqumli kasalliklar tarqalgan edi. Vaziyatni to‘g‘ri baholay
olgan Sayid Muhammadxon yuz berayotgan isyonlarni tinch yo‘l bilan hal qilish,
tinchlikni qaror toptirish, iqtisodiyotni tiklash choralarini ko‘rdi. U avvalambor Buxoro
va Rossiya bilan savdo aloqalarini yaxshiladi. Dehqonchilik, obodonlashtirish va
qurilish ishlarida qator tadbirlar o‘tkazildi. Ammo, xonlikdagi ichki notinchlik
to‘xtamadi. Xonlikda faqat o‘zbek urug‘larigina emas balki, yarim ko‘chmanchi va
chorvador aholi bo‘lgan turkman, qozoq, qoraqalpoq va boshqa xalqlar og‘ir soliqlar
va turli to‘lov hamda majburiyatlarga tortilganligi bois xonlikning turli shahar va
viloyatlarida noroziliklar, isyonlar bo‘lib turdi.
Sayid Muhammadxon 1864 yil 10 sentyabrda kasallanib vafot etgach taxtga uning
o‘g‘li Sayid Muhammadxon Rahimxon II (1864-1910 yy.) o‘tirdi. Soniy va Feruz
nomlari bilan ham ma’lum bo‘lgan bu hukmdor Xiva xonlari orasida eng adolatparvar
va ma’rifatparvar hukmdor bo‘lganligi bois ham 47 yil davomida mamlakatni idora
qilgan.
Uning zamondoshlari bo‘lgan Ogahiy va Bayoniylar asarlarida Sayid
Muhammadxon Rahimxon II (Feruz) faoliyatida adolatparvarlik va haqgo‘ylik,
qattiqqo‘llik va talabchanlik bilan, ma’rifatparvarlik esa tashabbuskorlik bilan
uyg‘unlashib ketganligi haqida ma’lumotlar beradilar. Bu xon o‘zining butun
hukmronligi davrida el-yurt farovonligi, tinchlik-osiyishtaligi uchun kurashdi. Xonlikda
dehqonchilik, sug‘orish ishlari, savdo-sotiq va hunarmandchilik taraqqiy etdi. Bu davrda
Xorazmda ayniqsa ilm-fan, adabiyot va san’at, me’morchilik yuksaldi.
Xonning o‘zi “Feruz” taxallusi bilan ijod qilib o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojiga katta
hissa qo‘shdi.
Zamonaviy Xorazm tarixchilari Sayid Muhammadxon Rahimxon II
hukmronligini ikki bosqichga ajratadilar. Birinchi bosqich – 1864 – 1873 yillar, xon
hukmronligining dastlabki o‘n yilligi bo‘lib, bu davrda Muhammadxon Rahimxon II
davlatni mustaqil boshqarib, mamlakatda tinchlik va farovonlikni qaror toptirish,
qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq va hunarmandchilik, fan va madaniyatni yuksaltirish
yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Ikkinchi bosqich – 1873 yil avgustdan 1910
yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. 1873 yilda Xiva general Kaufman
boshchiligidagi rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, tuzilgan sulhga binoan Xiva
xonligi Rossiyaga qaram davlatga aylandi. Bu davrda Muhammadxon Rahimxon II ning
faoliyati Rossiya hukumati tomonidan qat’iy cheklandi va nazorat ostiga olindi. SHunga
qaramasdan xon o‘zining adolatparvarlik va bunyodkorlik faoliyatini davom ettirdi.
Muhammadxon Rahimxon II vafotidan so‘ng taxtga uning o‘g‘li Sayid Isfandiyor
(1910-1918 yy.) o‘tirdi. Isfandiyorxon xonlik davrini yangiliklardan boshladi. Uning
farmoni bilan xonlik aholisi qadimdan to‘lab kelayotgan soliqlarning bir necha turi
qisqartirildi. General-mayor unvoniga ega bo‘lgan Isfandiyorxon ham otasi kabi rus
hukumatiga tobe edi. Uning davrida xonlikda bir qancha qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tdi. Xon
bu qo‘zg‘olonlarni ruslar yordamida bostirdi. 1918 yil 1 oktyabrda turkman Qurbon
Muhammad Sardor (Junaidxon)ning buyrug‘i bilan Isfandiyorxon o‘ldirildi.
Hokimiyatni Junaidxon o‘z qo‘liga oldi. Ammo, u Xiva taxtiga o‘tira olmas edi. SHu
bois ham Isfandiyorxonning ukasi Said Abdullaxon (1918-1920 yy.) nomigagina xon
qilib ko‘tarildi. 1920 yil 2 fevralda Xivaga kirib kelgan qizil armiya qo‘shinlari
Junaidxon lashkarlarini tor-mor etib, hokimiyatni sovetlarga topshirdi.
Xiva xonligining xududi, ma’muriy tuzilishi va aholisi. Xonlikning aniq
chegaralari haqida ma’lumotlar saqlanmagan. CHunki xonlik paydo bo‘lgan dastlabki
davrlardan boshlab siyosiy vaziyat va harbiy harakatlarga qarab davlat chegaralari
doimiy ravishda o‘zgarib turgan. XIX asrga kelib xonlik tarkibiga turkman, qozoq,
qoraqalpoq va boshqa xalqlarning qo‘shilishi natijasida davlat sarhadlari ancha
kengaydi. Manbalarga ko‘ra, Eltuzarxon (1804-1806 yy.) davrida xonlikning xududi
uncha katta bo‘lmasdan, shimoliy chegarasi Orol-Qo‘ng‘irot hokimligi, janubiy
chegarasi esa Darg‘onota bilan chegaradosh bo‘lgan. XIX asr o‘rtalariga oid rus
manbalarida xonlikning g‘arbiy chegarasi Kaspiy dengizigacha, janubda esa Marv
vodiysi orqali Eronga tutashib ketganligi, shimolda esa Ural daryosigacha cho‘zilganligi
qayd etilgan.
Xiva xonligi ma’muriy jihatdan XVI-XVIII asrlarda viloyatlarga bo‘lingan
bo‘lsa, XVIII asr oxiri – XIX asr boshlaridan boshlab davlatdagi asosiy ma’muriy
hududlar beklik deb atalgan. Manbalarga ko‘ra, bu davrda xonlikda 16ta beklik va 2ta
noiblik mavjud edi. Ular Xazorasp, Gurlan, Xonqa, Kuhna Urganch, Qo‘shko‘prik,
Pitnak, Qiyot, SHobboz (SHohabboz), SHovot, Toshhovuz, Ambarmanak, Urganch,
Xo‘jayli, SHumanay va Qo‘ng‘irot bekliklari hamda Beshariq va Qiyot-Qo‘ng‘irot
noibliklaridir. Ularni xon tomonidan tayinlangan beklar va noiblar boshqarganlar. Xiva
shahri boshqaruvi xon va bosh vazir ixtiyorida bo‘lgan. Xonlikning poytaxti turli
davrlarda Vazir, Kat, Ko‘hna Urganch, Xiva shaharlari bo‘lgan.
Muhammadxon Rahimxon I (1806-1825 yy.) xonlikning ma’muriy boshqaruv
tizimini tubdan o‘zgartirdi. Bekliklarning markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasligini
hisobga olib, Muhammadxon Rahimxon I xonlik hududida kentlarga ajralishni bekor
qildi va manbalarga ko‘ra, xonlikda avval 15ta hamda keyinroq yana 11ta hokimlik
tashkil etdi. Bular quyidagilar edi: Xazorasp, Ostona, Urganch, Kat, Toshhovuz,
Qo‘shko‘prik, Oqdarband, Gurlan, Ko‘k qashqa, Qo‘ng‘irot, Ko‘hna Urganch, Ilonli,
Taxta, Xonqa, SHobboz, Manoq, G‘oziobod, SHayx, Mang‘it, Xo‘jayli, SHumanay,
To‘rchi, Oqtepa, Qorag‘on, Xitoy. Hokimliklar o‘z navbatida masjid-qavmlarga
bo‘lingan. Manbalar xonlikda jami 1537ta masjid-qavmlar bo‘lganligi haqida ma’lumot
beradi. Viloyat hokimlari xon tomonidan, masjid-qavmlarning qozi va oqsoqollari esa
viloyat hokimlari tomonidan tayinlangan.
SHunday qilib, Xiva xonligi ma’muriy jihatdan hozirgi Xorazm viloyati,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalarining bir
qismini o‘z ichiga olgan davlat edi.
Xiva xonligining o‘troq dehqonchilik vohalarida asosan o‘zbeklar yashab, ular
davlatdagi aholining katta ko‘pchiligini tashkil etganlar. Xonlikda shuningdek,
turkmanlar, qozoqlar, qoraqalpoqlar, kam miqdorda tojiklar, yahudiylar, hindlar,
eroniylar, ruslar, armanlar, nemislar ham yashaganlar. Xiva xonligidagi aholining
umumiy soni haqida ma’lumotlar deyarli yo‘q. Arxiv hujjatlari va rus sayyohlarining
ma’lumotlari bu masalaga qisman aniqlik kiritadi. Xususan, XIX asrning birinchi
choragiga oid ma’lumotlarda xonlik aholisi 300 ming, shu asrning 40-yillariga oid
ma’lumotlarda 300 mingga yaqin, so‘nggi choragiga oid manbalarda 700 mingga yaqin
deb berilsa, arxiv manbalarini chuqur o‘rgangan olim M. Yo‘ldoshev XIX asr o‘rtalarida
xonlikda 800 mingga yaqin odam istoqomat qilganligi qilganligi haqida ma’lumot
beradi.
XIX
asrning o‘rtalariga kelib xonlikda shahar hayotining rivojlanishi natijasida
shahar aholisining soni ko‘payib bordi. Xiva, Xazorasp, Xonqa, Urganch, Qo‘ng‘irot,
Ko‘hna Urganch kabi shaharlarda rus sayyohlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2
mingdan 5 minggacha xonadon yashagan. Xonlik poytaxti Xiva shahrida 21 mingdan
ortiq aholi yashagan.
Davlat tizimi. Mansablar va unvonlar. XVII asrda Xivada muayyan bir sulola
hukmdor emas edi. CHingiziylar sulolasiga mansub ba’zi shaxslar Xivaga chaqirilib
xonlik taxtiga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, amalda hokimiyat qo‘ng‘irot sulolasidan bo‘lgan
inoq qo‘lida bo‘lgan. 1804 yildan boshlab faqat Qo‘ng‘irotlar sulolasi vakillari Xivada
xon bo‘lganlar.
Xiva xonligida unvon va mansablarni saroy, harbiy va diniy unvon hamda va
amallarga bo‘lish mumkin. Tadqiqotchilarning fikricha (SH. Vohidov) bu tasnif sof
nazariy bo‘lib, aslida xonlik davrida muayyan unvon va mansablar sohalar bo‘yicha
berilmagan. O‘sha vaqtda amaldor va unvon egasi ko‘pincha xonga nisbatan shaxsiy
sadoqati, qavmi yaqinligidan bir mansabdan boshqa mansabga o‘tib, unvonlar sohibiga
aylangan. Xonlikda eng oliy unvon xon bo‘lib, u ma’muriy, siyosiy va harbiy
vakolatlarga ega bo‘lgan.
Xiva xonligi davlat tizimida Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligidan farqli o‘laroq,
xon huzurida Oliy Kengash amal qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Oliy Kengashni
Muhammad Rahimxon I “o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun ilgari inoq va otaliqlar
boshliq bo‘lgan urug‘ oqsoqollari kengashi o‘rniga ta’sis etgan edi. Bu Oliy Kengashga
turli da’vo va jinoiy ishlarni ko‘rish va qaror chiqarish huquqini berdi.” Bu Kengashning
vakolati chegaralangan bo‘lib, maslahat beruvchi organga o‘xshar, uning a’zolari eng
yuqori mansab va unvondagi amaldorlar bo‘lgan. Kengash majlisida boshqa
amaldorlarga qaraganda qo‘proq inoq, shayx ul-islom, devonbegi va yasuvulboshi hal
etuvchi ovozga ega bo‘lganlar. Kengash majlislari masalaning muhimligiga qarab, xon
tomonidan chaqirilar edi. Oliy Kengash oqsoqollardan, ya’ni, ma’lum mansab va unvon
egalaridan, chunonchi, naqib, shayx ul-islom, mutavvalli, mirob, qozi, farmonchi,
darg‘a, shig‘ovul, dasturxonchi, arbob, miroxo‘r kabilardan iborat edi. SHuningdek,
xonning qarindosh urug‘laridan bo‘lgan beklar, otaliq, inoq va biylar ham bu kengashga
kirganlar.
Bu tor doiradagi Kengash garchi davlat tashkiloti sifatida rasmiylashtirilmagan
bo‘lsa-da, uning qarori xonning qaroridek ko‘rsatilsa-da, amalda yuqori qonun
chiqaruvchi ma’muriy va sud hokimiyati edi. Kengash xonlikning ichki ishlariga doir
hamma masalalar bo‘yicha qaror qabul qilar va xonlikning boshqa davlatlar bilan
bo‘lgan tashqi munosabalariga doir muammolarni hal etar edi. Garchi Kengash
davlatning turli-tuman ichki va tashqi ishlarini muhokama qila olsa-da, muhokama
qilingan masalalar bo‘yicha qaror chiqarish avvalo xonning xohish – irodasiga bog‘liq
bo‘lgan.
Xon saroyidagi unvon va mansablar. Unvonlar orasida eng kattasi inoq edi.
Odatda inoqlar eng qudratli o‘zbek urug‘laridan tayinlangan hamda hamda ular xonning
eng yaqin maslahatchilari bo‘lgan. Inoqlar yirik amaldor, ya’ni urug‘ boshlig‘i
hisoblangan. Abulg‘ozixon tantanali marosimlarda o‘tirish uchun inoqlarga o‘z yonidan
to‘rtta joy ajratgan. Inoqlar biy, sulton, mingboshi kabi unvonlarni ham olganlar. XX
asr boshlariga kelib inoqlar bek martabasiga tushib, oliy saroy amaldorlaridan ma’muriy
mansab egalariga aylanadilar.
Otaliq – urug‘ oqsoqoli. Inoq boshliq to‘pa (guruh) ga birlashgan urug‘ boshlig‘i.
Xonning eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan. Otaliq qilich va pichoq taqib yurgan.
Biy – saroy unvoni. Inoq va otaliqdan keyingi martaba. Biy qabila va urug‘ning
boshlig‘i hisoblanib, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi turkiy xalqlarning, jumladan
o‘zbeklarning urug‘ oqsoqollariga beriladigan unvon edi. XVII-XIX asrlarda biylar yirik
o‘zbek qabila va urug‘lariga boshchilik qilib, faqat markaziy hokimiyatga itoat etganlar.
Biy unvoni avloddan avlodga meros qilib qoldirilgan.
Amir ul-umaro – Amirlarning amiri, Xiva xonligida XIX asrning o‘rtalarida ta’sis
etilgan. Sayid Muhammadxon bu unvonni birinchi marta o‘zining akasi Sayid Mahmud
to‘raga bergan edi. Muhammad Amin inoq hukmronligi davrida amir ul- umaro uning
akasi Fozilbiy edi. O‘shandan keyin amir ul-umaro unvoni hech kimga berilmagan.
Qo‘shbegi – Xiva xonligida saroyning oliy mansablaridan biri bo‘lib, moliya va
soliq yig‘ish ishlarini bajargan. Qo‘shbegining maxsus devoni hamda unga tobe etuvchi
amaldorlari bo‘lgan.
Mehtar – katta, ulug‘ degan ma’noni beradi. Mehtar saroy xizmatkorlarining
boshlig‘i vazifasini bajarib, xonga yaqin kishilardan va xon urug‘iga mansub
a’yonlardan tayinlangan. Mehtarning ham o‘z devoni bo‘lib, er solig‘i “solg‘ut” to‘plash
ham uning xizmatiga kirgan.
Beklarbegi – Qoraqalpoq va ko‘chmanchi xalqlarning oqsoqollariga beriladigan
faxriy unvon. Beklarbegining vazifasi ularning o‘z urug‘laridan yig‘iladigan
xarajatlarning to‘g‘riligini tekshirib turish va ularni to‘la ravishda xazinaga topshirish
ustidan nazorat qilishdan iborat bo‘lgan. Bu lavozimga amaldorlar odatda xonning
qarindosh-urug‘laridan tayinlangan.
Bek - XIX asrda Xiva xonligining ijtimoiy-siyosiy hayotida beklar ancha katta rol
o‘ynaganlar. Bek – xon va davlat arboblarining qarindoshlariga, farzandlariga
beriladigan faxriy unvondir.
Parvonachi – xon saroyidagi oliy vazirlardan biri. Parvonachi saroyning ichki va
tashqi ishlarida ham faol qatnashishi mumkin bo‘lgan. U arzu-shikoyatlarni xonning
huzuriga olib kirib, javobini qaytargan. SHuningdek, parvonachi xonning formonlarini
saroy a’yonlariga etkazib turgan.
Eshikoqosi – saroy darvozalarini qo‘riqlash ishlarini boshqargan. Oybolta uning
mansab alomati bo‘lgan. Hukmdor saroyda bo‘lgan vaqtda eshikoqosi uni qo‘riqlash
bilan shug‘ullangan. Eshikoqosi arzgo‘ylarning nima xususda kelganlarini surishtirib,
ularni saroydagi tegishli amaldorlar tomoniga jo‘natar edi. Faqat juda muhim xabarlar
bilan kelgan kishilargina xon huzuriga kiritilgan.
Saroyda darvoza ortida turadigan qorovullar va maxsus darvoza qo‘riqchilaridan
tashqari xonni qo‘riqlaydigan tunqator yoki tunotarlar, ya’ni, kechasi bilan xonni
qo‘riqlab chiqadigan xizmatchilar ham bo‘lgan.
Mahram – ishonchli xizmatkor, sidqidildan xizmat qiluvchi saroy ichkarisidagi
xodim ma’nolarini anglatadi. Mahramlar xonga yaqin kishilar hisoblangan. Davlat
boshqaruvida ular bevosita xonning maslahatchilari bo‘lishgan. Mahramlar xonning
oromxonasiga kirish huquqiga ega bo‘lganlar.
Xiva xoni saroyida yana quyidagi unvon, mansab va vazifalar mavjud bo‘lgan:
oftobachi, buxchabardor, soatbardor, kitobdor, mo‘zabardor (xon poyabzalini beruvchi),
sharbatdor, mahram boshi (yuqori lavozim hisoblangan), to‘shakchi, karnaychi,
surnaychi, jarchi, oshmehtar (xon va saroy oshxonasi boshlig‘i), sorbon (tuyachilar),
kamon xalfa (ovchi, qushchi), merganlar, sayis (ot boquvchi), ko‘mirchi, kuchanchi
(egar-jabduqchi), tamakisoz, loykash, kulol, xodimchi, ro‘molchi, selobchi (jom ushlab
turuvchi), poyaki (chilimchi), aravachi, noschi, qilichkor (qilich va shamshir yasovchi),
oshpaz, tovoqchi, darakchi (otchopar), jirchi (ashulachi), yo‘nuvchi (duradgor), devon
(mirza), mushrif (ozuqa yig‘uvchi), bojbon (zakotchi) va boshq. Ularning barchasi saroy
xazinasidan maosh olganliklari haqida ma’lumotlar bor. Saroydagi umumiy tartibni arbob
nazorat qilgan.
Dostları ilə paylaş: |