Qonunchilik palatasi – O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyi palatasi.
Qonunchilik palatasi saylov okruglari bo`yicha ko`ppartiyaviylik asosida saylanadigan bir yuz
ellikta deputatdan iborat. Qonunchilik palatasining ishi palata barcha deputatlarining professional,
doimiy faoliyat ko`rsatishiga asoslanadi.
Kredit – jismoniy va yuridik shaxslarning vaqtinchalik bo`sh mablag`larlarini muayyan
tamoyillar asosida qaytarish sharti bilan foydalanishga berish jarayonida vujudga kelgan iqtisodiy
munosabatlar majmui.
Kutilayotgan inflyatsiya darajasi – mavjud ijtimoiy-iqtisodiy axborotlar, ma`lumotlar
asosida alohida shaxs va korxonalar tomonidan kutiladigan bo`lg`usi davrdagi inflyatsiya darajasi.
Kuchli davlat – omma faoliyatiga asoslangan kuchli boshqaruv tizimiga, rivojlangan
iqtisodiyot, yuksak ma`naviyatga ega bo`lgan davlat. Bunday davlat mustahkam iqtisodiy,
huquqiy va ma`naviy asosga ega bo`ladi. Uning qudrati fuqarolar hamjihatligi, jamiyatdagi
do`stlik va bag`rikenglik, har bir fuqaroning onglilik darajasi, davlat boshqaruvidagi faol
ishtirokiga asoslanadi.
Kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari – mustahkam iqtisodiy asosga ega bo`lgan,
demokratik qadriyatlar qaror topgan, ma`naviy
– ma`rifiy yuksaklikka erishgan va boshqaruvning
demokratik uslublari shakllangan davlatdan jamoat va nodavlat tashkilotlari hal qiluvchi o`rin
tutadigan jamoatchilik fikri, tashabbusi va davlat idoralari ustidan nazorati ustuvor ahamiyat kasb
etadigan, fuqarolar o`zini-o`zi boshqarish idoralarining roli muttasil ortib boradigan jamiyatga
o`tish kontseptsiyasi.
Kuchli jamiyat – mustahkam negizning barqarorligi ta`minlangan, davlatning
boshqaruvchilik faoliyati qisqarib, jamoat tashkilotlarining roli kuchaygan, fuqarolarning qonun
asosida, ularning huquq va erkinliklari oliy qadriyatlarga aylangan jamiyat.