Suhbat metodi. Bu metod tadqiqotning turli bosqichlarida qo‘llaniladi: masalan, dastlabki tanishish bosqichida ham boshqa metodlar, ayniqsa, kuzatish metodi orqali qo‘lga kiritilgan xulosalarni aniqlashda qo‘llaniladi. Suhbat metodidan mohirlik bilan foydalanish juda qimmatli natijalarga erishishga yordam berishi mumkin.
Intervyu metodi. Psixologiya fanidagi bu metod sotsiologiyada keng qo‘llaniladigan anketa metodidan farq qiladi. Xuddi suhbat metodi kabi intervyu metodi ham so‘roq-javob metodiga tegishlidir. Ko‘pincha intervyu uchun savollarni sotsiologik anketalar tipiga o‘xshatib, ya’ni ko‘p masalalar yuzasidan ko‘plab javoblar olishni ko‘zlab tuziladi. Intervyu metodiga bunday tarzda yondashish tadqiqotning faqat birinchi bosqichiga, muammo bilan dastlabki tanishish bosqichiga to‘g’ri keladi. Biroq bilimlarni va o‘rganilayotgan psixik xususiyatlarni strukturasini hisobga olib tuzilgan savollar o‘rganilayotgan xususiyatlar strukturalari hamda darajalarini bundan keyin aniqlash uchun juda qimmatli natijalar berishi mumkin.
Ekspert baholash metodi. Bu metod shaxs psixologiyasida keng qo‘llaniladi. Ekspertlar sifatida tekshirilayotgan kishilarni yaxshi biladigan shaxslar – bolalar bog’chasi va maktab-internatlarning tarbiyachilarini, sinf rahbarlari, ishlab chiqarish, texnika bilim yurtlarining masterlari, ishlab chiqarishdagi masterlar, ilmiy jamoa rahbarlari, harbiy komandirlar, administratorlar, sport trenerlari qatnashishlari mumkin. Ekspert baholarni ko‘proq xususiyatlarning sifat jihatidan namoyon bo‘lishlarini tasvirlash emas (buni ekspertlar bilan qilinadigan keyingi suhbatlarda o‘tkazilsa ancha foydaliroq bo‘ladi), balki o‘rganilayotgan xususiyatlarning ifodalanishini miqdoriy baholash tarzida, ya’ni u yoki bu xususiyat yoki xulq-atvor elementlari darajalarini baholash tarzida o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ekspertlar umumlashtirish bilan bog’liq bo‘lmagan xulq-atvor elementlarining ancha-muncha mayda qismlari ifodalanganligini qayd qilishi lozim. Umumlashtirish – ekspertning emas, balki tadqiqotchining ishidir.