Qadimgi Sharq va Yunonistonda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, inson ma’naviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil insonlargina falsafa bilan shug‘ullanganlar. Aslida, o‘sha davrlarda falsafani o‘rganish deyilganda, ilmning asoslarini egallash ko‘zda tutilgan. Grek mutafakkiri Geraklit (eramizdan avvalgi 520-460 yillarda yashagan) shogirdlariga murojaat qilib, «Do‘stim, sen hali yoshsan, umringni bekor o‘tkazmay desang, falsafani o‘rgan», deganda aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan.
Boshqa bir buyuk grek faylasufi Epikur (eramizdan avvalgi 470-399 yillarda yashagan) bu haqiqatni quyidagicha ifoda etgan: «O‘z-o‘zingni erga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas, o‘zligingdan yuqori turish esa – faylasuflikdir». Lev Tolstoy donishmand kishilarning uch xislatini alohida ta’kidlab, shunday yozgan: «Ular, avvalo, boshqalarga bergan maslahatlariga o‘zlari amal qiladilar; ikkinchidan, hech qachon haqiqatga qarshi bormaydilar; uchinchidan, atrofidagi kishilarning nuqsonlariga sabr-toqat bilan chidaydilar». Diogen Laertskiy (eramiz II asri oxiri - III asr boshlari) so‘zlariga qaraganda, o‘zini birinchi marta faylasuf deb atagan kishi – Yunon mutafakkiri va olimi Pifagordir. Faylasuflarning qanday ekanliklariga ta’rif berib, u shunday degan: «Hayot o‘yinga o‘xshaydi: ba’zilar unga musobaqalashgani kelsa, ayrimlar savdolashgani, eng baxtlilari esa tomosha qilgani keladilar; hayotda ham xuddi shunday, ba’zilar qullar kabi shuhrat va boylikka o‘ch bo‘lib dunyoga keladi, vaholanki faylasuflar - faqat haqiqat uchun keladi»1. Bugungi kunda haqiqatni izlash faqat falsafagina taalluqli degan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Faylasuf bo‘lmasdan ham fizika, tibbiyot, badiiy ijodda yoki kundalik hayotda bilim va haqiqatga intilish mumkin. Biroq haqiqatni ongli izlash aynan falsafadan boshlangan.
«Falsafa nima degani?» savolga javob izlash oson emas. Falsafaga tegishli bo‘lmagan narsani aniqlash osonroq. Agar fanlar, aytaylik, botanika yoki lingvistika ta’riflarini oladigan bo‘lsak, ulardagi mavjud farq, odatda, mashg‘ulotning asl mohiyatiga daxl qilmaydi. Hech bir botanik mutaxassisligi fanining mavzusi - o‘simlik olami ekanligiga e’tiroz bildirmaydi. Har qanday lingvist o‘z fanining mavzusi - til ekanligini tasdiqlaydi. Bir faylasufning ta’rifi boshqasinikidan farq qilishi mumkin. Falsafaning ta’rifi shu qadar ko‘p va turli-tumanki, ko‘pchilikda «O‘zi bir fan to‘g‘risida gap ketyaptimikin yoki yo‘qmi?»2 degan savol tug‘ilishi mumkin.
Ba’zi falsafiy tizimlarda falsafa oliy bosh ibtido yoki birinchi sabab to‘g‘risidagi fan deb ta’riflanadi. Masalan, qadimgi Yunon faylasufi Arastu ta’limotida, u «barcha mavjudotning ibtidosi va sabablari to‘g‘risidagi fan» deyilgan bo‘lsa, o‘rta osiyolik mutafakkir Abu Ali Ibn Sino falsafani «mutlaq borliq to‘g‘risidagi oliy fan» deb ta’riflagan.
Ba’zi ta’limotlarda falsafa «to‘g‘ri fikrlash orqali erishilgan bilim» (T.Gobbs), umuman, «fanlarni ko‘rib muhokama qiluvchi» (G.V. Xegel) deb keng tasavvur qilinsa, boshqalarida tor ma’noda, masalan, «fikrning mantiqiy oydinlashuvi» (L.Vitgenshteyn) sifatida tushuniladi.
Umuman falsafani ifoda qilish mumkinmi? Nemis faylasufi G.V.Xegel (1770-1831) muayyan falsafa yagona jahon falsafasining - tarixiy bosqichlari, uni shakllanish onlari va bir butun rivojlanishining mohiyatidir, deb hisoblagan.
Falsafaga berilgan eng oddiy va dastlabki ta’riflar: falsafa - bu dunyoqarash yoki boshqacha aytganda: falsafaning mavzusi - «dunyo - inson» tizimidir.
Xuddi shuningdek, Sharqda ham Konfutsiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshband va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o‘z hayotiy kuzatishlari va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan to‘plangan bilim va tajribalarni o‘zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko‘tarilganlar. Umuman olganda, bilimdon kishilarning barchasini ham donishmand yoki mutafakkir deb bo‘lmaydi. Haqiqiy faylasuflar hayotda nihoyatda kam bo‘ladi. Ular o‘z davri va millatining farzandi sifatida insoniyat tarixiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Xudoning o‘zi aql-zakovat, iste’dod, kuch-quvvat ato etgan, yorqin tafakkurga ega bo‘lgan bunday buyuk shaxslar umumbashariy taraqqiyot miqyosida tanilgan, teran insoniy g‘oyalar, ma’naviy boyliklarning qadr-qimmatini chuqur anglaydigan donishmand odamlar bo‘lgan3.