Falsafa tarixida dialektika to‘g‘risida xilma-xil qarashlar bo‘lgan. Antik davr dialektikasi sodda va stixiyali bo‘lib, asosan, hayotiy tajribaga asoslangan. O‘sha davrda “Dialektika” so‘zini birinchi bo‘lib, Suqrot (er.av. 469—399 y.) o‘z falsafiy faoliyatida qo‘llagan. Suqrot dialektikani mayevtika (harflarni yaratish san’ati) bilan taqqoslagan. Zotan, mulohaza qilish shunday dialektik usuldirki, uning natijasida raqib nutqidagi ichki ziddiyatlar ochiladi yoki fikrlash jarayonida yangi ixtilofli fikr-mulohazalar paydo bo‘ladi. Suqrot boshqalarni haqiqatni izlashga da’vat etar ekan, o‘z onasi doya Fenareti ishini davom ettirayapman, deb izohlaydi.
“Dialektika” so‘zi paydo bo‘lishiga qadar antik falsafada mazmuniga ko‘ra dialektik bo‘lgan nazariyalar shakllana boshlagan. O‘tmish mutafakkirlar o‘z vaqtida dunyoning yagona birligi sokinlik, bu bir butunlik ichida doimiy uzluksiz o‘zgarishlar, yaratish jarayoni sodir bo‘luvchi koinot haqidagi fikrlarni ilgari surganlar. Ular koinotni o‘zgaruvchanlik va barqarorlikning ziddiyati sifatida tasavvur qilganlar. Borliqning umumiy o‘zgaruvchanligi bir narsaning ikkinchi narsaga — erning suvga, suvning havoga, havoning olovga, olovning efirga aylanishi va qayta takrorlanishi bilan xarakterlanadi, deb hisoblaganlar.
Masalan, Geraklit (er.av 540—483y.) umumiy o‘zgaruvchanlikning universalligini shunday izohlaydi: “Ariqda oqayotgan muayyan suvga ikki marta tushib bo‘lmaydi, chunki yangi va yangi suvlar oqib kelaveradi. O‘zgaruvchanlikning manbai kurashdir”49. O‘zgaruvchanlik antik dialektik nazariyada yangini yaratmasdan bir-birini takrorlovchi jarayon sifatida mavhum tushunilgan. Aynan shundan biri ikkinchisini taqozo qiluvchi dunyoning yagona birligi sifatida cheksiz koinot obrazi yaratilgan. Shunga ko‘ra, Geraklit ziddiyatlarning ayniyligini yaxshilik va yomonlikning bir xil ekanligini ta’kidlaydi, Bu mutafakkir ijodining qonuniy natijasi bo‘lib, u reallikning nazariy modelini yaratadi.
“METAFIZIKA” (yunon.— fizikadan keyin) - dialektika kabi universal metoddir. Bu so‘z ilmiy muomalaga er. av. I asrda Aristotelning shogirdi, uning she’rlari sharhovchisi Rodosskiy tomonidan kiritildi. Mutafakkir asarlarini bir tizimga solar ekan, u borliq va bilish haqidagi umumiy masalalarni fizikadan so‘ng “birinchi falsafa”ning (mohiyat, sabab va boshqa) ikkinchi falsafadan farqli xususiy-ilmiy bilimlarni o‘rganadigan qismi sifatida talqin qilgan.
Ko‘p hollarda, dialektikaga qarama-qarshi deb talqin etiladigan metafizika olamdagi narsa va hodisalarni o‘rganishda ularning muayyan vaqt davomida nisbatan o‘zgarmasdan, alohida turgan holatiga diqqatni ko‘proq qaratadigan usuldir. Bu usul qo‘llanganida olamning namoyon bo‘lish shakllari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarning alohida qismi yoki holatiga asosiy e’tibor beriladi. Voqea, hodisa va jarayonlarni doimiy o‘zgarish holatida o‘rganish nihoyatda qiyin bo‘lganligidan, nafaqat faylasuflar, balki barcha fan mutaxassislari uning nisbatan tinch va o‘zgarmay turgan holatini o‘rganadilar, tadqiq etadilar.
Aslini olganda, olam garchand dialektik o‘zgarish va harakatda bo‘lsada, bu jarayon doim ham nihoyatda tez sodir bo‘lavermaydi. Biz esa dunyodagi narsa, hodisa va odamlarga shunchalik metafizik tarzda o‘rganib qolganmizki, go‘yo kechadan bugunning farqi yo‘qdek, kecha ko‘rgan kishiga bugun duch kelganimizda unda hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaganday tuyuladi. Shu ma’noda, hayotda ko‘p hollarda metafizik usulda fikr yuritamiz, nimalargadir ana shunday munosabatda bo‘lamiz. Aclida esa, ular ham azaliy o‘zgarishlar jarayoniga tushgan narsa va kishilar ekanligini juda kamdan-kam hollarda o‘ylab ko‘ramiz. Xuddi shunday, bizning umrimiz ham kechadan ertaga qarab oqib turadigan dialektik jarayondir. Biz ham ana shunday o‘zgarib boramiz, ammo ko‘p hollarda bunga unchalik ko‘p e’tibor berilavermaydi. Shu tariqa maktabni tugatib qo‘yganimizni, ulg‘ayganimizni, bolalikning ortda qolganini go‘yoki bilmay qolamiz...
Alohida ta’kidlash lozimki, metafizik usulning hayotda, ilmiy izlanishlar va falsafiy tadqiqotlarda ham o‘z o‘rni bor. Bizda haligacha metafizikaning tushunchalari, kategoriyalari, tamoyillari va ilmiy mohiyati izohlangan yoxud tadqiq etilgan asarlar, tadqiqotlar yo‘k,. Qolaversa, uni dialektika bilan butunlay qarshi qilib qo‘yish va bu farqni mutlaq ziddiyat darajasiga ko‘tarish ham maqsadga muvofiq emas. Aynan ana shunday yondashuv sobiq ittifoqda dialektikani mutlaqlashtirishga, metafizikani esa quruqva o‘lik ta’limot sifatida qarashga, uning imkoniyatlaridan foydalanilmasligiga sabab bo‘ldi.
Falsafa tarixida metafizika (dialektika kabi) hech qachon o‘zgarmasdan qolmagan. U turli tarixiy shakllarda namoyon bo‘lgan. Eski metafizika XVII—XIX acp falsafasi va fanida ayniqsa kamol topdi (metafizik materializm, naturfalsafa, falsafa tarixi va h.k.) Metafizikaning bu shakliga xoc xususiyat umumiy o‘zaro aloqadorlik va taraqqiyotni inkor qilish, olamga bir butun tizimli yondashuvning yo‘qligi, tafakkurning ikkilanuvchanligi, umumiy dunyoviy aloqadorlikning tugaganligiga ishonishdir. Eski metafizik tafakkur uslubi shakllanishining ob’ektiv asoslari butunning alohida elementlari xususiylikni, alohida tomonlar (fikran) nima uchun bir butunlikdan ayri holda bo‘lishi va bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishini tushuntirish zaruriyatidir. Bu usul kundalik turmushda, aql darajasida, predmet taraqqiyotidagi munosabatlarda zarur va to‘g‘ridir. Shuning uchun metafizikaning bu shakli predmetlardagi barqarorlikni, ulardagi o‘zgarishlarni tizimli o‘rganish, taraqqiyotning manbalari va mexanizmlarini aniqlash bilan bog‘liq.
XIX—XX acplarda eski metafizikadagi keskin kurashda taraqqiyot g‘oyasining yangi dalillar bilan mustahkamlanishi ikki muhim natijaga olib keldi: dialektik tafakkurning yangi uslublari paydo bo‘ldi; XX asrda eski metafizikaning ilmiy dalillarini inkor qiluvchi yangi metafizika shakllandi.