Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari


XIX asr rus falsafasidagi axloqiy izlanishlar. XX asr axloq konsepsiyalari. “Hayotni e’zozlash” etikasi, gumanistik etika



Yüklə 1,06 Mb.
səhifə66/193
tarix20.09.2023
ölçüsü1,06 Mb.
#146084
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   193
XIX asr rus falsafasidagi axloqiy izlanishlar. XX asr axloq konsepsiyalari. “Hayotni e’zozlash” etikasi, gumanistik etika
Mumtoz tafakkurning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u muayyan tarixiy davrda ma’naviyat sohasida erishilgan yutuqlarni tizimli tarzda boyitib, ularni yangicha qarashlar va yo‘nalishlar vositasida navbatdagi yuqori bosqichga olib chiqadi. Olmonlardan so‘ng ana shunday mumtoz tafakkur XIX asr oxiri XX asr boshlarida ruslarda voqe bo‘ldi.
Bu davrda rus mutafakkirlari ma’naviyatning barcha sohalarida jahonda yetakchilik mavqeyini egalladilar. L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, I.Turgenev, A.Ost-rovskiy, N.Chernishevskiy, V.Belinskiy, Vl.Solovyov, N.Losskiy, N.Berdyaev, S.Bulgakov, S.Frank, P.Florenskiy, V.Rozanov, A.Chexov, A.Axmatova, B.Paster-nak, I.Bunin, S.Yesenin, M.Gorkiy, V.Nabokov, B.Visheslavsev, G.Shpet, V.Ver-nadskiy, A.Losev singari buyuk nomlarning ba’zilari ana shu davrda butun kuch-quvvatlari bilan o‘z faoliyatlarini nihoyasiga yetkazgan bo‘lsalar, boshqalari o‘z faoliyatlarini chet ellarda davom ettirdilar. Ba’zilari ijodida badiiy tafakkur borasida realistik yo‘nalish birinchi darajali o‘rin egallagan bo‘lsa, boshqalari falsafiy-axloqiy va estetik tafakkurda diniy-idealistcha yo‘l tutdilar. Aynan ana shu diniy-idealistcha yo‘nalish falsafiy-axloqiy tafakkurni mumtozlik darajasiga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bunda ulug‘ rus mutafakkir-yozuvchilari L.N.Tolstoy va F.M.Dostoyevskiy qarashlarining ahamiyati beqiyosdir.
L.N.Tolstoy (1828-1910) axloqshunoslik hamda axloq masalalariga ham diniy, ham falsafiy, ham publisistik asarlarida shuningdek, kundaliklar va maktub-larida keng o‘rin bergan. Uning axloqiy qarashlari hozir ham katta ahamiyatga ega. Zero, inson qanday yashashi kerak degan muammo Tolstoy tafakkuridagi markaziy masaladir. Shu bois u, odamlar uchun eng zarur fan ‒ qanday yashash haqidagi ilm-dir, deydi. Tolstoyni ba’zan norasmiy payg‘ambar darajasiga ko‘tarib qo‘yadilar. Xo‘sh, buning sababi nimada? Gap shundaki, Tolstoy, avvalo, milliy, diniy tabaqa-viy qadriyatlardan umuminsoniy qadriyatlarni baland qo‘yadi. Ikkinchidan, u nasro-niylikni yangilashaga, to‘g‘rirog‘i, uni cherkovdan qutqarishga, insoniylashtirishga intildi. G‘arb olimlari esa uning qarashlarini protestantlik mazhabiga mos kelishini aytdilar. Ayni paytda uning diniy-falsafiy asarlarida tasavvufga, xususan, yassaviya, mavlaviya tariqatiga, Ahmad Yassaviy va Jaloliddin Rumiy qarashlariga yaqinlikni ko‘rish mumkin.
Nasroniylik aqidalarini cherkov va dinning inson ruhi ustidan hukmronligini tanqid qilish barobarida buyuk mutafakkir dinga juda katta umid bilan qaraydi. Din inson donishmandligining ko‘zgusi sifatida har bir odamga qanday yashash kerakligini ko‘rsatadi, faqat dingina insondagi xudbinlikni yo‘qota biladi, faqat ugina bashar zotini o‘lim qo‘rquvidan xalos etadi va hayotga ma’no bag‘ishlaydi: U insonlar tengligini o‘rnatadi, u insonni “tashqi qisuvlar”dan ozod qila oladi”.
“...Dinlar,‒ deydi Tolstoy, ‒ o‘z tashqi ko‘rinishlariga ko‘ra har turli, biroq ular asos-ibtidolariga ko‘ra bir xildir...” Uning bu fikri, bir tomondan, Qur’oni Karimdagi ahli kitoblarga bo‘lgan munosabatni eslatsa, ikkinchi tomondan, Jalo-liddin Rumiyning “Bu yer dunyodir va shuning uchun ham dinning bir bo‘lishi mumkin emas… Din dunyoda birlasholmaydi, faqat qiyomatda bir bo‘ladi. Qiyomatda ularning hammasi birlashadi, bir quloq, bir til holiga keladi”, ‒ degan so‘zlarini yodga soladi203.
Tolstoy uchun Xudo osmonda emas, kishi qalbida hamma narsa kabi mavjud. U na makonda, na zamonda; na ibtidoga na intihoga ega. Xudo – tuganmas, cheksiz, abadiy. Mutafakkirning bu qarashlari ham tasavvuf falsafasiga yaqin: Tolstoy Xudoni hamma narsaning ibtidosi deb biladi va o‘sha ilohiy ibtidoning bir qismi insonda mavjudligini aytadi. Shu ilohiy qismni ko‘paytirish yoki kamaytirish insonning o‘z qo‘lida; ko‘paytirishi uchun u o‘z ehtiroslarini yengishi va qalbidagi muhabbatni kuchaytirishi lozim; bunga erishishning vositasi, o‘zingga boshqalar qanday munosabatda bo‘lishlarini xohlasang, boshqalarga o‘zing ham shunday munosabatda bo‘l, degan hikmatga amal qilishdir. Haqiqiy dindor odam Xudoni bilish va yashash bir xil narsa ekanligiga, Tashakkur senga, seni sevaman menda yashayotgan Egam, degan xulosaga kelishi kerak, ya’ni butun qalbini ilohiy ibtidoga bo‘shatib berishi lozim.
Tolstoy diniy qarashlarining muhim ahamiyati shundaki, u axloqning mohiyatini dinda emas, aksincha, dinning mohiyatini axloqda ko‘radi. Darhaqiqat, buyuk mutafakkirning ilohiyot, falsafa, dinga bag‘ishlangan risolalarida va badiiy asarlarida nasroniylikning mohiyatini o‘z yaqinini sevish va zulmga zo‘ravonlik bilan qarshilik ko‘rsatmaslik ‒ g‘ayrizo‘ravonlik haqidagi axloqiy ta’limotga taqalganini ilg‘ash qiyin emas.
Ulug‘ alloma “Hayot haqida” degan kitobida muhabbat muammosiga alohida to‘xtaladi. “Muhabbat, umuman, kimgadir ezgulik istash demakdir… Mana, men bolamni, xotinimni, yurtimni sevaman, ya’ni bolam, xotinim, yurtimga boshqa bolalarga, xotinlar va yurtlarga ko‘ra ko‘proq ezgulik istayman”, ‒ deydi donishmand.204 Ayni paytda muhabbatning faqat so‘z emas, boshqalar manfaatini ko‘zlovchi harakat ekanini ta’kidlaydi: muhabbat kelajakda bo‘lmaydi, u faqat hozirgi zamondagi faoliyatdir. Muhabbatni hozirgi zamonda namoyon etmagan kishi muhabbatdan yiroq: o‘z hayoti ma’nosini tushunmaydigan odamlarda muhabbatning bo‘lishi mumkin emas205. Tolstoyning fikriga ko‘ra, inson hayoti ezgulikka intilishdan iborat, inson nimagaki intilsa, o‘shanga erishadi. Agar inson hayvoniy umr kechirishni hayot tarzim deb qabul qilsa, unga o‘lim va iztirob yovuzlik bo‘lib ko‘rinadi. O‘lim va iztirob inson uchun faqat o‘z insoniy hayot chegarasidan chiqqandagina mavjuddir. Insoniy hayot qonunlari asosida yashagan kishiga esa na o‘lim bor, na iztirob. Zero, u o‘zidan kechib, o‘zligini topgan, Xudoga yetishgan komil insondir.
Boshqa bir buyuk rus yozuvchisi Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy (1821-1881) ham dinga axloqiy nuqtayi nazardan yondashadi. U pravoslavlikni Isoga iqtido qilishning muayyan shaklini axloq va vijdonning, demakki, ijtimoiy kuch, ilm-fan hamma hammasining ibtidosidir, deb baholaydi. Shu bois pravoslav ta’limotini nafaqat cherkov-u, rasm-rusmlar, balki jonli tuyg‘u, xalqning yashashini ta’minlaydigan tirik kuch sifatida taqdim etadi. Uning fikriga ko‘ra nasroniylik ‒ Xudoning insonga jo bo‘lishi mumkinligiga isbotdir. U inson erishishi mumkin bo‘lgan odamzodning eng ulug‘ g‘oyasi va eng ulug‘ sharafidir.
Dostoyevskiy halollik, haqiqatparvarlik, ulug‘vorlik, oliyjanoblik, o‘z qadr-qimmatini bilish, burchu ma’suliyatni his etish dunyoni uyg‘un va yaxlit idrok qilish kabi fazilatlarni e’tiqod bilan Xudo va Ruhning o‘lmasligi hamda yerdagi inson hayotining tasodifiy emasligi bilan bog‘laydi. Uning nazdida bunday fazilat egalarisiz, ya’ni har doim va har qanday yagona hayot ibtidosi, hayot ruhi, “hayotlarning hayoti” sanalmish oliy ma’nodagi adolatga tabiiy ishonch bo‘lmasa, insonparvarlik g‘oyalari chala va notamom tarzda qolib ketaveradi, xamirdek oshib-toshib, o‘z ma’naviy oqilligini sovuradi; “Xudoning yo‘qligini insonga muhabbat bilan almashtirib bo‘lmaydi, chunki inson darrov: “Nima uchun men insoniyatni sevishim kerak?”‒ deb so‘raydi”206.
Dostoyevskiy axloqiy ta’limotida idealni harakatga keltiruvchi asosiy kuch va shaxs rivojlanishi-yu, erkinning to‘liq ifodasi, ayni paytda, o‘zini cheklash fidoiy-likdir, Odam Ato yaratgan “fe’l” ustidan g‘alabadir. Haqiqiy ma’naviy muhabbat-ning asosiy xususiyati uning beminnat qurbonlikka tayyorligida, o‘z obyektiga to‘liq o‘zini baxsh etishida. Aks holda, muhabbat o‘zining teskarisiga, xudbinlik hissi va kibrning yashirin shakliga, soxtalikka aylanadi. Inson baxt uchun tug‘ilmaydi, doimo iztirob orqali baxtga noil bo‘ladi. Bevosita haqiqiy muhabbatni anglab yetishning, unga erishishning yagona yo‘li hamdardlik va iztirobdir.
Dostoyevskiy huquqiylikka emas, axloqiylikka e’tiborini ko‘proq qaratish lozimligini ta’kidlaydi. Hakam fuqaroni mahkamaga tortar ekan, uning asl qiyofasini ko‘rmaydi. Zero qonun insondagi barcha nozik tomonlarini qamrab ololmaydi. Shunday jinoyatlar ham borki, ular yerdagi hakam uchun qo‘l yetmasdir.
Dostoyevskiy axloqiy qarashlaridagi (shu jumladan, Nitsshening ham) insonni ana shunday beshafqat fosh etish XX asr jahon falsafasi va axloqshunosligi uchun yangicha yo‘nalish berdi. Zotan ulug‘ rus mutafakkirining asarlari Z.Froyd, K.Yung, E.Fromm, L.Shestov, J.P.Sartr, A.Kamyu, N.Berdiyev, B.Vishevlavsev, N.Xartman, M.Sheller singari buyuk faylasuflar uchun ma’lum ma’noda material bo‘lib xizmat qildi va hozir ham ular o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas.
Rus mumtoz axloqshunosligining taraqqiy topishida buyuk faylasuf, o‘ziga xos shoir Vladimir Sergeyevich Solovyovning (1853-1900) xizmatlari katta.
Vladimir Solovyovning axloqiy qarashlari uning qator asarlarida o‘z ifodasini topgan. Ular orasida “Ezgulikni oqlash. Axloq falsafasi” (1897-1893) kitobi alohida ahamiyatga ega. Uning birinchi qismida uyat, shafqat yoki achinish va xudojo‘y-likdan iborat axloqiy tushunchalar uchligi asosiy o‘rinni egallaydi.
Xo‘sh, uyat nima? Nisbatan tubanlikka va nokomillikka tushib qolgan, lekin bunday holatni o‘zi uchun noloyiq deb bilgani uchun mazkur darajadan yuksalish zarurligini anglagan kishi uyaladi. Chunonchi, jinsiy aloqa hayvonot olami uchun tabiiy va axloqiylikka aloqasi yo‘q. Biroq u insoniyat dunyosida, tabiiy bo‘lsa ham, axloqiy xatti-harakat tamoyili emas, beparda holida insonni uyaltiradigan holatdir. Zero, u axloqiylik qoshida o‘zining ochiq ko‘rinishda amalga oshuv huquqini yo‘qo-tadi, ya’ni axloqqa bo‘ysunadi.
Solovyov, Dekartga mansub tafakkurning mohiyati haqidagi mashhur ibora axloqiylikka nisbatan qo‘llanganida maqsadga muvofiq bo‘lur edi, degan muloha-zani bildiradi: “Men uyalyapmanmi, demak, mavjudman, nafaqat jisman, balki axloqan ham mavjudman ‒ men o‘z hayvoniyligimdan uyalayapmanmi, de-mak, men hali ham odam sifatida mavjudman”207.
Shu o‘rinda faylasufning zurriyot haqidagi o‘ziga xos fikrlarini keltirish joiz. Toki bola tug‘ilishi tom ma’noda insoniylikka bo‘ysundirilar ekan va axloqiy ma’no kasb etar ekan, bu bilan u o‘zining gunohkorlik xususiyatini yo‘qotadi, ya’ni bolalar ham ota-onalari kabi bu dunyoda nafaqat gunoh qila-qila, oxir o‘limga mahkum bo‘ladilar, balki insoniyatni yaxshilash uchun xizmat qiladilar: ularning ota-onalari bolalari o‘zlaridan yaxshiroq, axloqiyroq bo‘lishiga ishonadilar, ularga ma’lum taraqqiyot tarzida qaraydilar. Bundan faylasuf quyidagicha xulosa chiqaradi: “Mana mash’um ziddiyatning yechimi: tug‘ilishning yovuzlik mohiyati tug‘ilishning o‘zi orqali yo‘qqa chiqariladi, ya’ni ezgulikka aylanadi... ular boshqa hayotning odamlari bo‘ladilar, bizning va barcha ajdodlarimizning haqiqiy najot topishi shundadir”208.
Faylasuf uch avlod ‒ bobolar, otalar va bolalarning tabiiy bog‘lanishi haqida to‘xtalar ekan, axloqiy taraqqiyot munosabati bilan ma’naviylashishning uch xili to‘g‘risida – din, nikoh va tarbiya orqali ma’naviylashish to‘g‘risida fikr yuritadi. Bu uch axloqiy soha insonni Xudo bilan bog‘laydi: biri ‒ kechmish, ikkinchisi ‒ hozirgi zamon va uchinchisi ‒ kelajak orqali. Haqiqiy nikohda jinsiy aloqa yo‘qol-maydi, balki mohiyatan o‘zgaradi, hayvoniy hissiyotni qondirishga emas, insondagi Xudo qiyofasini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, nikohiy juftlik zohidlikning, matonatning, jafokashlikning bir shaklidir.
Rus mumtoz axloqshunosligining yirik vakillaridan biri Nikolay Onufri-yevich Losskiydir (1870-1965). Uning axloqiy qarashlari, asosan, “Ixtiyor erkin-ligi” (1927) va, ayniqsa, “Mutlaq ezgulikning sharti” (1949) asarlarida keng ifoda-sini topgan.
Nikolay Losskiy axloqiy ta’limotini bir so‘z bilan mutlaqlik axloqshunosligi deyish mumkin. Uning fikriga ko‘ra, qadriyatlar olamining asosi ‒ Xudoning dar-gohi, oliy qadriyat esa Xudo. Lekin faylasuf nafaqat mutlaq, balki nisbiy qadriyat-larini ham tan oladi, biroq ularning teng emasligini ta’kidlaydi.
Mutlaq qadriyatlarni qandaydir ibtidodan keltirib chiqarish vositasida isbotlab bo‘lmaydi, ular isbotsiz, bevosita intuitsiya (savqi’ tabiiy), ruhiy yetishish orqali anglanadi. Ilohni mutlaq, ibtidosiz va intihosiz axloqiy qadriyat ‒ butun koinotning yagona maqsadi sifatida taqdim etadi. Natijada faylasuf, birinchidan, kelajakda ezgulikni yovuzlik ustidan to‘liq g‘alaba qilishini hamda ezgulikning insoniyat taraqqiyotidagi barcha tarixiy kuchlardan yuksak, yengib bo‘lmas tabiatga ega eka-nini e’tirof qiladi. Ikkinchidan, Losskiy axloqiy qadriyatni mutlaq, ichdan “sof”, qandaydir chetki “qo‘shimchalar”dan xoli, deb hisoblaydi. “Mutlaq ijobiy qadriyat o‘z-o‘zidagi, oqlangan qadriyat, demak, qat’iy, har qanday nuqtayi nazardan, har qanday holatda va har qanday subyekt uchun ezgulik tabiatiga ega qadriyatdir; u nafaqat o‘z-o‘zicha doimo ezgulik bo‘ladi, balki uning oqibati ham hech qachon o‘zida yovuzlikni mujassam etmaydi”,-deydi u.209 Uchinchidan, mutafakkir real hayotda, olamda mutlaq qadriyatlar tantanasini bashorat qiladi; to ungacha esa ular mutlaq komillikning ideali sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois ham Losskiy yovuzlik va ezgulikning mavjudligi haqida mana bunday deb yozadi: “Xudo o‘z yaratil-mishlariga erkinlik bilan birga ezgulikni amalga oshirishning barcha vositasini ato etgan; agar shunga qaramay, qaysidir bir mavjudot yovuzlik yo‘liga kirsa, unda bu yovuzlikning ibtidosi ana shu mavjudotning o‘zida yashirindir va bu yovuzlik uchun javobgarlik to‘liq uning bo‘ynidadir”210. Xullas, buyuk faylasuf aksiologiya (qadriyatshunoslik) muammolarini qalamga olar ekan, ezgulik, adolat, haqiqat va go‘zallik qadriyatlaridagi mutlaqlikning qoyimligini himoya qiladi.
Ezgulik va yovuzlikning paydo bo‘lishi, ularning inson hayotidagi o‘rni, yovuzlikka qarshi kurashishning yo‘llari singari doimiy dolzarb axloqiy muammolar rus mumtoz axloqshunosligining boshqa vakillari uchun ham muhim edi. Bu borada yirik ishlar qilgan mutafakkirlardan biri ekzistensiyachi faylasuf Nikolay Alek-sandrovich Berdyaevdir (1874-1948). Uning ayniqsa, “Insonning vazifasi haqida” (1931), “O‘z-o‘zini anglash” (1939-1940), “Ilohiylik va insoniylikning ekzistensial dialektikasi” (1944-1945) kabi asarlari shu jihatdan diqqatga sazovor.
Nikolay Berdyaev falsafiy-axloqiy qarashlarining yaqqol ajralib turadigan o‘ziga xos xususiyati shundaki, uning asosiy g‘oyasi ‒ erkinlik. Nima uchun o‘z tabiatiga ko‘ra erkin va ijodkor mavjudot bo‘lgan inson Xudo bergan ne’matlardan o‘rniga qo‘yib foydalana olmaydi; nimaga insonning o‘ylagan narsasi o‘rniga tarixda butunlay boshqacha holat ro‘y beradi; nima uchun ilm-u salohiyatni odam bolasi o‘ziga o‘xshaganlarni ezish uchun, ya’ni yovuzlik yo‘lida ishlatadi; nega iste’dodli odam ko‘pincha yolg‘izlikka mahkum; nimaga daho san’atkorlarning hayotida fojiaviylik, o‘rtamiyonalik doim g‘olib keladi; nima sababdan inson erkinlik uchun tug‘ilgan, lekin u doim va hamma yerda kishanband? Faylasufni ana shu muammolar qiziqtiradi.
“Mening falsafamdagi o‘ziga xoslik, eng avvalo, shundaki, men unga borliqni emas, erkinlikni asos qilib oldim”, ‒ deydi Berdyaev va haqiqatan ham har bir muammoni erkinlik haqidagi o‘z tasavvuri prizmasidan o‘tkazib tahlil etadi.211 Bu esa, tabiiyki, pirovard natijada allomani barcha falsafiy muammolarga diniy-axloqiy nuqtayi nazardan munosabatda bo‘lishga olib keladi. “Erkinlik, ‒ deydi buyuk rus mutafakkiri, ‒ mening mustaqilligim va o‘z shaxsimni ichdan belgilovchi murvat, erkinlik mening ijodiy quvvatim, u oldimda turgan ezgulik va yovuzlik oralig‘idagi tanlovim emas, balki ezgulik va yovuzlikning o‘zini yaratishimdir”212. Bunday erkinlik faqat insonning o‘z erkinligi bo‘ladi, hatto unga Xudo ham hukmronlik qilolmaydi. Inson agar o‘z holiga qo‘yilmaganida, uning inson deb nomlanishi ham mumkin emasdi. Haqiqiy insoniy hayot ‒ insonning qaror qabul qilishdagi quyushqonga sig‘masligidir.
Faylasuf o‘z ijodida tarixga katta e’tibor beradi. U tarixda inson ma’naviyatining ichki dialektikasiga mos tushadigan uch muhim davrni ajratib ko‘rsatadi. Birinchisi ‒ Ahd ul-qadim (Qadimiy Ahd) Xudosi, olamning Podshosi, Egasi davridagi insondan muhabbat emas, faqat bo‘ysunishni talab qiladigan, nasroniylikkacha bo‘lgan qonun va bo‘ysunish axloqi. U ‒ yerdagi vaqt nuqtayi nazaridan tarixning tabiiy-organik davriga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi davr ‒ inson gunohga botganligiga o‘zi aybdor ekanini his etib, ijtimoiy ijoddan bosh tortish bilan o‘z aybini yuvadigan, ijod qilmaydigan tazarru axloqi. U ‒ o‘rta asrlarda tarkidunyochilik hukmronlik qilgan madaniy-organik davr. Nihoyat, uchinchi davr, endi o‘z yo‘lini boshlagan, lekin hali kelib ulgurmagan ‒ dunyoni din vositasida o‘zgartiradigan ijod axloqi. Ijod axloqi shunday ulkan bir davrki, unda ezgulik va yovuzlik kurashining keskinligi ‒ yo o‘zgargan dunyoga yoki umumhalokatga eshik ochib beradi. Biroq qaysi eshikning ochilishi insonga bog‘liq. Inson dunyoni o‘zgartirishda Xudoning hamkori bo‘lish imkoniyatiga ega. Ayni paytda, bu dunyoni yagona dunyo deyish bilan uning dushmaniga ham aylanishi mumkin. Zero, tarix Xudo haqqi uchun qilingan ishlar va yovuz ijod orasidagi kurashdan iboratdir.

Yüklə 1,06 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin