72-modda. O‘qotar qurol qo‘llash asoslari Alohida hollarda, agar jinoyatni boshqa vositalar bilan to‘xtatishning iloji bo‘lmasa, eng
so‘nggi chora sifatida o‘qotar qurol qo‘llashga yo‘l qo‘yiladi.
O‘qotar qurol quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:
muassasa ma’muriyati vakillarini, boshqa mahkumlarni va o‘zga shaxslarni ularning hayoti
va sog‘lig‘iga aniq tahdid etuvchi hujumdan himoya qilish, shuningdek qurolni qo‘lga kiritish
maqsadida qilingan hujumni daf etish chog‘ida;
garovga olinganlarni, mahkumlar egallab olgan binolarni, inshootlarni, xonalarni va
transport vositalarini ozod qilish chog‘ida;
jazoni ijro etish muassasasining qo‘riqlanadigan obyektlariga, transport vositalariga guruh
bo‘lib qilingan yoki qurolli hujumni daf etish yoxud mahkumlarni zo‘rlik bilan ozod qilishga
urinishlarni to‘xtatish chog‘ida;
ozodlikdan mahrum etish joylaridan qochayotgan yoki qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan
mahkumni ushlash chog‘ida;
mahkumlar qochishda foydalanayotgan transport vositasini to‘xtatish chog‘ida.
O‘qotar qurol qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham qo‘llanilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 21- moddasi , “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalari”ning 129-130-bandlari (ro‘yxat raqami 2495, 29.07.2013-y.). 73-modda. O‘qotar qurol qo‘llash tartibi O‘qotar qurolni qo‘llashdan oldin qurol qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish va
yuqoriga qarab ogohlantiruvchi o‘q otish kerak. Quyidagi hollarda o‘qotar qurol ogohlantirishsiz
qo‘llanilishi mumkin:
qo‘qqisdan hujum qilinganda, qurolli hujumni yoki jangovar texnika, transport vositalari,
uchish apparatlari, dengiz va daryo kemalaridan foydalangan holda qilingan hujumni daf etishda,
garovga olinganlarni ozod qilishda, ozodlikdan mahrum etish joylaridan qurol bilan, transport
vositalari yordamida yoki yurib ketayotgan transport vositalarida, tunda yoki ko‘rish cheklangan
sharoitda qochilganda.
O‘qotar qurol qo‘llanilganda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek jabrlanganlarga
tibbiy yordam ko‘rsatish uchun iloji boricha barcha choralar ko‘rilishi zarur.
O‘qotar qurol qo‘llanilgan har bir hodisa haqida raport tuziladi va darhol prokurorga xabar
qilinadi.
LexUZ sharhi Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalari”ning 131 — 133-bandlari (ro‘yxat raqami 2495, 29.07.2013- y.).