Tez aytish
Xalq ogʻzaki ijodi turlaridan biri boʻlmish
tez aytish ayrim nutq tovushlarining koʻp
qaytarilishi yoki tovushlarning soʻz va
iboralar tarkibida talaffuzni
qiyinlashtiradigan darajada murakkab
joylashishiga asoslanadi. Ayniqsa, bu
iboralar tez aytilayotgan paytda, aytuvchi
bu murakkab tovushlarni talaffuz qila
olmasdan adashib ketishi
tinglovchilarning beozor kulgusiga sabab
boʻladi. Oʻzbek tilida bu iboralarning tez
aytish deb nomlanishi ham shundan kelib
chiqqan.
Tez aytish — oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining
bir turi. Tez aytishda yanglishib ketish
mumkin boʻlgan qofiyadosh soʻzlardan
tuzilgan jumlalar qoʻllanadi. Unda
muayyan tovushlar, ayniqsa, jarangli
undoshlar takrorlanadi va soʻzlar ritm,
urgʻular bilan tez aytiladi. Mas., Besh mis
barkash, besh mis barkashning ichida
besh ming mis barkash. Tez aytishda har
bir tovush oʻz oʻrnida toʻgʻri, ravon talaffuz
etilishi shart. Tovushlar talaffuzida
yanglishgan tomon (kishi) yengilgan
hisoblanadi. Oʻtmishda katta yoshdagi
odamlar ham oʻtirishlarda, toʻylarda tez
aytishda musobaqalashib, madaniy
hordiq olganlar. Keyinchalik, asosan,
bolalar repertuariga aylangan. Tez
aytishlar bolalarning fikrlash qobiliyatini,
soʻz boyligini oshirishga va nutqining
ravon boʻlishiga xizmat qiladi.
Lekin koʻpchilik turkiy tillarda tez aytishlar
talaffuz qilinayotganda odamning
yanglishib ketishi holatini koʻzda tutgan
holda nomlangan, masalan qirgʻizchada
жаңылтмач, qozoq va qoraqalpoq
tillarida
жаңылтпаш, turk tilida yanıltmaç,
turkmanchada
yangiltmach,
ozarbayjonchada
yangiltmach, va boshqa
Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyotida tez
aytishlar qadim zamonlardan beri
mavjud. Professor Hodi Zarif tuzgan
«Oʻzbek folklori» xrestomatiyasida tez
aytishga 12 ta misol keltirilgan.
2005-yil fransuz tilshunosi professor
Rémy Dor oʻzbek va qoraqalpoq tez
aytishlaridan namunalarni fransuz tiliga
tarjima qilib izohlar bilan nashr ettirdi.
Ahmad aka Rahmat akani koʻrdi.
Ali, Vali, Gʻani, Sayfi, Said qani?
Asad asil asal saqlaydi.
Bashar hasharga shoshar, Yashnar
hasharda Bashardan oshar.
Bedarak bedana bedazorda bedor
boʻldi.
Tez aytishlarga misollar
Bir burun koʻrdim burunnan burun,
eshikdan chiqdi burunnan burun
Bir juft choʻp koʻpmi, qoʻsh juft choʻp
koʻpmi?
Bir tup tut, bir tup tutning tagida bir tup
turp. Bir tup tutning tomiri bir tup
turpning tomirini turtib turibdi, bir tup
turpning tomiri bir tup tutning tomirini
turtib turibdi.
Boqi boqqa, Soqi toqqa bordi.
Boqi botir buzoq boqar.
Boqi quritgan qoqi qoq quruq qoqi.
Boshqotirma Boltavoyning boshini
qotirdi.
Bu boʻri boʻz boʻrimas chiyaboʻri.
Bulturgi burgutni bugun Urgutda
koʻrdim.
Chinoz jiydazori chindan Chilonzor
chinorzoridan katta.
Chovli - simdan, chovgum - misdan.
Chumchuq chugʻurchiqni choʻqimasa,
chugʻurchiq chumchuqni choʻqimaydi.
Erkin egatga ertaki ekinni ekdi.
Eshik oldida buloq, buloqdan suv ichar
uloq, uloqcham uzun quloq.
Gʻani gʻildirakni gʻizillatib gʻildiratdi,
gʻildirakni Gʻani gʻildiratib gʻizillatdi.
Gʻuj gʻujum ustida chugʻurlashib, gʻujqa
gʻujum choʻqilatmaydi.
Gulnora Gulmiraning singlisimi, Gulmira
Gulnoraning singlisimi?
Gulsara gul saralab, gul sanadi.
Halim hil-hil pishdi.
Halima hammasini hazm qildi.
Halimani sanama, Salimani sana.
Ikki ayiq qayiqqa qaradi, oq ayiq oldin
qaradimi, qora ayiq oldin qaradimi?
Jamila jiydani joyiga joyladi.
Javlonbek jajji Joʻrabek bilan joʻra, jajji
Joʻrabek Javlonbek bilan joʻra.
Joʻja choʻchib, goʻja choʻqir.
Joʻra joʻrga joʻr boʻldi.
Joʻrabek bilan Javlon, juda joʻra
jonajon.
Juvarini chumchuq yeb ketdi. Egasi
ertaga kelaman deb ketdi. Kelmay
ketgur koʻr chumchuq, juvarini egasi
kelguncha vayron qilib ketdi.
Komil, Kamol kamalak koʻrdi.
Lola arralaydi, Sora allalaydi.
Mashhura moshxoʻrdani shoshib
shimirdi.
Mavluda hovlida hovliqib tirubdi.
Metalchi Mutal metalli detal yasadi.
Moshdan tosh, toshdan mosh boʻlmas.
Namanganda usta Musa puch
pistafurush bor ekan. Oʻsha usta Musa
puch pistafurushning oltmish uch pud
puch pistasi bor ekan. Oltmish uch pud
puch pistasi boʻlsa ham oʻsha usta
Musa puch pistafurush, oltmish uch
pud puch pistasi boʻlmasa ham oʻsha
usta Musa puch pistafurush.
Namanganlik Toʻlagan toʻla lagan
handalak yegan.
Niyoz piyoz archdi, Fayoz piyoz artdi;
Piyozdan Niyozning koʻzi achidimi,
Fayoznikimi?
Nodir novvoyxonadagi novvoydan non
oldi.
Non yasashasizmi, sholi
sanashasizmi?
Norning nordon anori narida.
Norvoy novvoy non yopar, nonin novvot
deb sotar.
Oʻtkir oʻtkir oʻroqda oʻt oʻrdi.
Olma shoxida olmaxon, olmaxonni
olma, Olmaxon.
Oltin oʻtloq – oq oʻtloq.
Oq choynakka ko' qopqoq, koʻk
choynakka oq qopqoq.
Oq tosh oqmi, qora tosh oqmi?
Oqil oq olma oldi, oq olmani Oqil oldi.
Osh pashshasi pes pashsha.
Osmonda ikkita kalxat. Birining oq
dumi kalta kalxat, birining qora dumi
kalta kalxat. Oq dumi kalta kalxat qora
dumi kalta kalxatga xalaqit beradi,
qora dumi kalta kalxat oq dumi kalta
kalxatga xalaqit beradi.
Ovchi ovloqda ovin ovlar.
Oydin oydinda oyisidan oldinladi.
Oyga poyga, poyga oyga.
Qalin qorga qora qargʻa zoʻrgʻa qoʻndi,
ana qara.
Qirgʻovul qirgʻoqdamas, qiryoqda.
Qishda kishmish pishmasmish, pishsa
kishmish qishmasmish.
Qishda qatiq qattiq qotib qolibdi.
Qoʻngʻiroq qoʻzichoqnikimi,
qoʻgʻirchoqnikimi?
Qoʻsh qoʻlqop, qoʻshovi ham boʻsh
qoʻlqop.
Qodir qishda qorni qizgʻandi.
Qurbaqa qurillaydi, chigirtka chirillaydi.
Qurilishda burilish, burilishda qurilish.
Quvondiqning qovun qoqisi
Qovunchidan.
Salim sochiqqa sochini artdi.
Salimning sadadagi sap-sariq sa’vasi
sahar sayraydi.
Samarqand soyida sasigan sabzini
sotgan savdogarga sakkiz ming sakkiz
yuz sakson sakkiz soʻm soliq solinsin.
San’at saroyi - saroylarning sarasi.
Sayyora sabzini savatga soldi.
Sevara savatchaga sedana soldimi?
Shahrisabzlik Shohista Shahrixonga
shoshildi.
Shamol shovullab shovqin soldi,
shalpangquloq qoʻrqqanidan shataloq
otib qoldi.
Shokir sholipoyada shaqildoqni
shaqillatdi.
Shol gʻam yesa, kofir boʻladi.
Shotursunning shotutini shitirlatgan
shamol Sharifning shaftolisini
shitirlatdi.
Shovotli Shukurjonning shoʻr shoʻrvasi
Shoiraning shoʻr shoʻrvasidan ham
shoʻr.
Shu mushuk, shum mushuk, shumshuk
mushuk.
Soat soatini soatsozga sozlatdi.
Sotvoldi bosvoldi qovun sotib oldi.
Sovuqda tovuqqa tovoqda bodroq
sochdim.
Sovuqda tustovuq sovuq qotdi.
Temirchi Temirni topdimi, Temir
temirchini topdimi?
Tez aytishni tez-tez ayt.
Toʻlqin turpni toʻrda toʻpladi.
Toʻti tutgan toʻrtta toʻti toʻrda turibdi.
Togʻning tagida Turgʻunning toʻrtta
traktori tirillap tirillap turibdi.
Tohir Toʻlqinning toʻnidan tortdimi,
Tohirning toʻnidan Toʻlqin tortdimi?
Tojining tojdor xoʻrozi gultojixoʻroz
tagida.
Tolib tandir tagidan tanga topdi.
Tolib togʻa togʻdan toʻrtta tulki tutdi.
Tolib turpni tarozida tortib topshirdi.
Tosh jonsizmi, mosh toshsizmi?
Toshpoʻlat tajangning togʻolchali
togʻorasi togʻda turibdi.
Toshpoʻlat togʻam togʻda togʻolcha
terdi.
Tubsiz dengiz dedingizmi, dengiz
tengsiz dedingizmi?
Turdi tunda oʻnta toʻnka terdi.
Tursunda toʻrtta toʻr qop; Unsinda bitta
qoʻlqop bor.
Tyan-Shan togʻining tagida Tursun
togʻaning traktori tirillab turibdi.
Yoʻlda Yoʻldoshga yoʻlbars yoʻliqdi.
Yugurik yumronqoziq yulgʻundan-
yulgʻunga yumalab-yumalab yugurdi.
Ozbek folklori: Pedagogik institutlar
ucun xrestomatija, tuzuci H. Zarif,
Taşkent: OzSSR oquv-pednaşr, 1941, 1-
ktab.
Жаҳонгиров Ғ., «Тез айтиш»,
Ўзбек
тили ва адабиёти, №3 (1972), 49-52.
Sarah-Rose la rosophile = Gulsevar
Gulsara: virelangues d'Ouzbékistan,
choisis, présentés et traduits de
l'ouzbek et du qaraqalpaq par Rémy
Dor, Paris: L'Asiathèque - IFEAC, 2005,
153p.
Adabiyotlar
Bu sahifa oxirgi marta 29-Avgust 2022, 19:05 da
tahrir qilingan.
•
Ko‘proq o‘rganish Ushbu maqolada
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-
2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan.
"https://uz.wikipedia.org/w/index
.php?
title=Tez_aytish&oldid=2818045"
dan olindi
Matndan
CC BY-SA 3.0
litsenziyasi boʻyicha
foydalanish mumkin (agar aksi koʻrsatilmagan
boʻlsa).
Dostları ilə paylaş: |