«xalqaro audit» fanining predmeti, ob’ekti va metodi (1)
Auditorlik tekshiruvini rejalashtirish
Rejalashtirish audit o’tkazishning boshlang’ich bosqichi hisoblanib, audit o’tkazishning kutilayotgan hajmi, jadvallari va muddatlarini ko’rsatgan holda auditorlik tashkiloti tomonidan auditning umumiy rejasini ishlab chiqishdan, shuningdek, auditorlik tashkiloti tomonidan xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisoboti to’g’risida xolis va asosli fikr shakllantirilishi uchun zfrur bo’lgan auditorlik rusum-qoidalarini amalga oshirish hajmi, turlari va izchilligini belgilaydigan auditorlik dasturini ishlab chiqishdan iborat bo’ladi.
Auditni rejalashtirishni auditorlik tashkiloti auditni o’tkazishning umumiy qoidalariga, shuningdek quyidagi xususiy qoidalarga muvofiq o’tkazishi kerak, ya’ni:
rejalashtirishning kompleksliligi;
rejalashtirishning uzluksizligi;
rejalashtirishning maqbulligi.
Auditni rejalashtirishning kompleksliligi qoidasi birlamchi rejalashtirishdan boshlab auditning umumiy rejasi va dasturini tuzishga qadar rejalashtirish barcha bosqichlarining o’zaro bog’langan va uyg’un bo’lishi ta’minlanishini taqozo etadi.
Auditni rejalashtirishning uzluksizligi qoidasi auditorlar guruhiga o’zaro bog’langan topshiriqlarni belgilash va rejalashtirish bosqichlarini muddatlar hamda
xo’jalik yurituvchi turdosh sub’ektlar (alohida balansga ajratilgan tarkibiy bo’linmalar, filiallar, vakolatxonalar, shu’ba jamiyatlar) bo’yicha balansda o’z ifodasini topadi. Audit uzoq vaqt davriga rejalashtirilganda xo’jalik yurituvchi sub’ektning auditorlik kuzatuvi bir yil davomida amalga oshirilsa, auditorlik tashkiloti xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliya-xo’jalik faoliyatidagi o’zgarishlarni va oraliq auditorlik tekshiruvlar natijalarini hisobga olgan holda auditni o’tkazish reja dasturlariga o’z vaqtida tuzatishlarni kiritishi kerak bo’ladi.
Auditni rejalashtirishning maqbulligi qoidasi shundan iboratki, rejalashtirish jarayonida auditorlik tashkiloti auditorlik tashkilotining o’zi belgilagan mezonlar asosida audit umumiy rejasi va dasturining maqbul variantini tanlash imkoniyati uchun rejalashtirishning variantliligini ta’minlashi kerak.
Auditni rejalashtirish paytida auditorlik tashkiloti quyidagi asosiy bosqichlarni ajratishi kerak:
Dastlabki rejalashtirish;
Auditning umumiy rejasini tayyorlash va tuzish;
Audit dasturini tayyorlash va tuzish/
Auditni samarali rejalashtirish uchun auditorlik tashkiloti xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariyati bilan auditni o’tkazish bo’yicha asosiy tashkiliy masalalarni kelishib olishi kerak.
Dastlabki rejalashtirish bosqichida auditor xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliya-xo’jalik faoliyati bilan tanishishi va quyidagilar to’g’risida axborotga ega bo’lishi shart:
xo’jalik yurituvchi sub’ektning xo’jalik faoliyatiga ta’sir ko’rsatadigan, umuman, mamlakat (mintaqa)dagi va iqtisodiy vaziyatni va uning tarmoq xususiyatlarini aks ettiradigan tashqi omillar haqidagi;
xo’jalik yurituvchi sub’ektning xo’jalik faoliyatiga ta’sir ko’rsatadigan, uning individual xususiyatlari bilan bog’langan ichki omillar haqidagi.
Shu bilan birgalikda, auditor quyidagilar bilan ham tanishishi kerak:
ishlab chiqarish faoliyatining turlari va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ro’yxati;
kapital tuzilmasi va aktsiyalar kursi;
mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasining o’ziga xosligi;
rentabellik darajasi;
xo’jalik yurituvchi sub’ektning asosiy xaridorlari va mahsulot etkazib beruvchilar;
tashkilot ixtiyorida qoladigan foydani taqsimlash tartibi;
mavjud sho’’ba va tobe korxonalar;
xo’jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan tashkil etilgan nazorat tizimi;
xodimlarga ish haqi to’lashni shakllantirishning tamoyillari.
Auditor xo’jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy-xo’jalik faoliyatini audit qilishda muayyan axborotlarni olishi kerak. Xo’jalik yurituvchi sub’ekt to’g’risida axborot olish manbalari quyidagilardir:
korxonaning Nizomi;
korxona ro’yxatdan o’tkazilganligi to’g’risida hujjatlar;
korxonaning kuzatuv va ijro organlari majlislari, aktsiyadorlar yoki shunga o’xshash boshqa boshqaruv organlari yig’ilishlarining bayonlari;
korxonaning hisob yuritish siyosatini tartibga soluvchi hujjatlar va unga kiritilgan o’zgartirishlar;
buxgalteriya hisoboti;
statistika hisobotlari;
korxona faoliyatini rejalashtirish hujjatlari (rejalar, smetalar, loyihalar);
xo’jalik yurituvchi sub’ektning ishlab chiqarish va tashkiliy tuzilishlarini tartibga soladigan hujjatlar, uning filiallari va shu’ba jamiyatlari ro’yxati;
xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariyati va ijrochi xodimlari bilan suhbatlardan olingan ma’lumotlar;
xo’jalik yurituvchi sub’ektni, uning asosiy uchastkalari, omborlarini ko’zdan kechirishda olingan axborot.
Dastlabki rejalashtirish bosqichida auditorlik tashkiloti auditni o’tkazish imkoniyatini baholaydi. Agar auditorlik tashkiloti auditni o’tkazishni mumkin deb hisoblasa, u auditni o’tkazish uchun shtatni shakllantirishga o’tadi.
Auditorlar guruhiga kiradigan mutaxassislar tarkibini rejalashtirish paytida auditorlik tashkiloti quyidagilarni hisobga olishi shart:
auditning har bir bosqichi: tayyorgarlik, asosiy va yakunlash bosqichi ish vaqti byudjetini;
guruh ishining taxmin qilinayotgan muddatlarini;
guruhning miqdoriy tarkibini;
guruh a’zolarining mansab darajasini;
-. guruh xodimlarining vorisligini;
guruh a’zolarining malaka darajasini.
Audit umumiy rejasi va dasturini ishlab chiqishga kirisharkan, auditorlik tashkiloti xo’jalik yurituvchi sub’ekt to’g’risidagi dastlabki bilimlarga, shuningdek, o’tkazilgan tahliliy rusum-qoidalarning natijalariga asoslanishi kerak.
Tahliliy rusum-qoidalarni o’tkazish yordamida auditorlik tashkiloti audit uchun ahamiyatli bo’lgan sohalarni aniqlashi kerak.
Tahliliy rusum-qoidalarning murakkabligi, hajmi va o’tkazish muddatlarini auditorlik tashkiloti xo’jalik yurituvchi sub’ekt moliya hisoboti ma’lumotlarining hajmi va murakkabligiga qarab o’zgartirishi kerak bo’ladi.
Audit umumiy rejasi va dasturini tayyorlash jarayonida auditorlik tashkiloti xo’jalik yurituvchi sub’ektda amal qilayotgan ichki nazorat tizimining samaradorligini baholaydi va ichki nazorat tizimi xatarini (nazorat xatarini) baholashni amalga oshiradi. Agar ichki nazorat tizimi noto’g’ri axborot paydo bo’lgani to’g’risida o’z vaqtida ogohlantirsa, shuningdek, noto’g’ri axborotni aniqlasa, uni samarador deb hisoblash mumkin. Ichki nazorat tizimining
samaradorligini baholarkan, auditorlik tashkiloti auditorlik isbot-dalillarining etarli miqdorini to’plashi shart. Agar auditorlik tashkiloti moliyaviy hisobotning ishonchliligi xususida etarli darajada ishonch hosil qilish uchun ichki nazorat tizimiga va buxgalteriya hisobi tizimiga asoslanishga qaror qilsa, u bo’lg’usi audit hajmini tegishli tarzda tuzatishi kerak bo’ladi.
Audit umumiy rejasi va dasturini tayyorlash paytida auditorlik tashkiloti moliyaviy hisobotni ishonchli deb hisoblash imkonini beradigan jiddiylik va auditorlik xatarining uning uchun maqbul darajasini belgilashi kerak.
Auditorlik xatarini rejalashtirarkan, auditorlik tashkiloti, xo’jalik yurituvchi sub’ekt auditidan qat’i nazar, ushbu hisobotga xos bo’lgan moliyaviy hisobotning ajralmas xatari va nazorat xatarini belgilaydi. Belgilangan xatarlar va jiddiylik darajasi yordamida auditorlik tashkiloti audit uchun ahamiyatli cohalarni aniqlaydi va zarur auditorlik rusum-qoidalarini rejalashtiradi. Audit jarayonida rejalashtirish paytida belgilangan auditorlik xatari va jiddiylik darajasining o’zgarishiga ta’sir ko’rsatadigan holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Auditning umumiy rejasi va dasturini tuzarkan, auditorlik tashkiloti hisob axborotiga ishlov berish darajasini inobatga olishi kerak, bu ham auditorlik tashkilotiga auditorlik rusum-qoidalarining hajmi va tusini aniqroq belgilash imkonini beradi.
Audit jarayonida auditorlik tashkilotida umumiy rejaning ayrim qoidalarini qayta ko’rish uchun asoslar paydo bo’lishi mumkin. Rejaga kiritilayotgan o’zgartishlarni, shuningdek, o’zgartishlar sabablarini auditor batafsil hujjatlashtirishi kerak.
Umumiy rejada auditorlik tashkiloti auditni o’tkazish muddatlarini nazarda tutishi va auditni o’tkazish muddatlarini, hisobot (xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariyatiga yozma axborot) va auditorlik xulosasini tuzishni nazarda tutishi shart. Vaqt sarfini rejalashtirish jarayonida auditor quyidagilarni hisobga olishi kerak:
haqiqiy xarajatlar;
bundan oldingi davrda (takroriy audit o’tkazilgan taqdirda) vaqt sarfi hisob- kitobi va uning joriy hisob-kitob bilan aloqasi;
jiddiylik darajasi;
auditorlik xatarlarining amalga oshirilgan baholari.
Umumiy rejada auditorlik tashkiloti dastlabki tahlil natijalari asosida auditni o’tkazish usulini belgilaydi, ichki nazorat tizimining ishonchliligini, audit xatarlarini baholaydi. Tanlab audit o’tkazishga qaror qilingan taqdirda auditor auditorlik tanlamasini "Auditorlik tanlamasi" audit andozasiga muvofiq shakllantiradi.
Boshqaruvni va bajarilayotgan audit sifatini nazorat qilishni rejalashtirishga doir qoidalar umumiy rejaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Umumiy rejada quyidagilarni nazarda tutish tavsiya qilinadi:
Rahbarning reja bajarilishi va auditor assistentlari ishining sifati, ular tomonidan ish hujjatlari yuritilishi va audit natijalari tegishlicha rasmiylashtirilishini nazorat qilishi;
Auditorlik guruhi rahbarining auditorlik rusum-qoidalarini amalda ro’yobga chiqarish bilan bog’liq uslubiy masalalarini tushuntirishi;
Muayyan faktni baholashda auditorlik guruhi rahbari bilan uning oddiy a’zosi o’rtasida ixtiloflar paydo bo’lganda auditorlik guruhi a’zosi (ijrochi)ning alohida fikrini hujjatli rasmiylashtirish.
Auditorlik tashkiloti umumiy rejada ichki audit rolini, shuningdek audit o’tkazish jarayoniga eksportlarni jalb etish zaruratini belgilaydi.
Audit dasturi audit umumiy rejasini rivojlantirish hisoblanadi va audit rejasini amalda ro’yobga chiqarish uchun zarur bo’lgan auditorlik rusum-qoidalari mazmunining batafsil ro’yxatini o’z ichiga oladi. Dastur auditor assistentlari uchun batafsil yo’riqnoma bo’lib xizmat qiladi va bir vaqtning o’zida auditorlik tashkiloti va auditorlik guruhining rahbarlari uchun ish sifatini nazorat qilish vositasi hisoblanadi.
Auditor audit dasturini hujjatli rasmiylashtirishi, har bir bajariladigan auditorlik rusum-qoidasini raqam yoki kod bilan belgilashi kerak, toki auditor ish jarayonida o’zining ish hujjatlarida ularga havola qilish imkoniyatiga ega bo’lsin.
Auditorlik dasturini nazorat vositalari testlari dasturi ko’rinishida va mohiyatiga ko’ra auditorlik rusum-qoidalari dasturi ko’rinishida tuzish kerak.
Nazorat vositalari testlari dasturi ichki nazorat va hisob tizimining faoliyati to’g’risidagi axborotni yig’ish uchun mo’ljallangan harakatlar majmuining ro’yxatidan iborat. Nazorat vositalari testlarining maqsadi shundan iboratki, ular xo’jalik yurituvchi sub’ekt nazorat vositalarining jiddiy kamchiliklarini aniqlashda yordam beradi.
Mohiyatiga ko’ra auditorlik rusum-qoidalari o’z ichiga buxgalteriya hisobida hisobvaraqlar bo’yicha oborotlar va saldo to’g’ri aks ettirilganligini batafsil tekshirishni oladi. Mohiyatiga ko’ra auditorlik rusum-qoidalari dasturi ana shunday aniq batafsil tekshirishlar uchun auditor harakatlari ro’yxatidan iborat bo’ladi. Mohiyatiga ko’ra rusum-qoidalar uchun auditor buxgalteriya hisobining ayni qanday bo’limlarini tekshirishini belgilashi va buxgalteriya hisobining har bir bo’limi bo’yicha audit dasturini tuzishi kerak bo’ladi.
Auditni o’tkazish shartlari va auditorlik rusum-qoidalari natijalarining o’zgarishiga bog’liq holda audit dasturi qayta ko’rib chiqilishi mumkin. O’zgarishlarning sabablari va natijalari hujjatlashtirilishi kerak.
Auditorlik dasturining har bir bo’limi bo’yicha auditorning ish hujjatlarida rasman aks ettirilgan xulosalari auditorlik hisoboti (xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariyatiga yozma axborot) va auditorlik xulosasini tuzish uchun fakt materiali, shuningdek, xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisoboti to’g’risida auditorning xolis fikrini shakllantirish uchun asos bo’lib hisoblanadi.
Auditni rejalashtirish jarayoni tugaganidan so’ng audit umumiy rejasi va dasturi hujjatni rasmiylashtirilishi va ularga belgilangan tartibda viza qo’yilishi kerak.