Xalqaro IT-sertifikatlar bo‘yicha seminar-treninglar
Joriy yilning 25-27 aprel kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali, Andijon davlat universiteti va Namangan qurilish institutida Coursera dasturi va xalqaro IT-sertifikatlari bo‘yicha o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda IT Park mutaxassislari va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ishtirok etdi.
Seminarlar davomida universitet talabalari xalqaro IT-sertifikatlarini ega bo‘lish va xalqaro IT-sertifikatini olishga sarflangan mablag‘ning 50 foizigacha kompensatsiya olish yo‘llarini o‘rgandilar.
Shuningdek, seminarlar ishtirokchilariga dunyoning eng yaxshi IT-kompaniyalari va universitetlarining yetakchi mutaxassislari rahbarligida IT sohasini o‘rganish va zarur ko‘nikmalarni egallashga yordam beruvchi Coursera ta’lim platformasida o‘qishning afzalliklari haqida so‘zlab berildi.
Seminarlarda ta’kidlanganidek, bunday dasturlar yoshlarni o‘z ustida ishlashga, rivojlanishga va kasbiy o‘sishga rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, kelajakda munosib haq to‘lanadigan ishga joylashish, turmush sifati va darajasini oshirishga xizmat qiladi.