“Tadbirkorlik” atamasi keng ma’noda firmani tashkil qiluvchi yoki uni boshqaruvchi shaxslarning qaltislikka tayyorlikning alohida jihatlari majmui sifatida aniqlanadi. “Tadbirkorlik” so’zi inglizcha “entepeneurship” yoki Fransuzcha “entrependre” so’zidan kelib chiqadi va tarjima qilinganda “imkoniyatlarni amalga oshirish, qo’llash yoki novatorlik faoliyati, yoxud korxona tuzish yo’li bilan ehtiyojlar va istaklarni qondirish” ma’nolarini anglatadi.
Firma tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish (yoki sotish) funktsiyalariga ega xo’jalik birligi sifatida o’z faoliyatini rivojlantiradi va demak ikki yo’nalishda tavakkal qiladi. Ulardan biri firmani joylashtirish o’rnini tanlashni, ishlatiladigan texnologiya, xomashyo, yarimfabrikatlar va tayyor mahsulotning harakatlanish logistikasini nazarda tutuvchi vertikal yo’nalish. Firma faoliyatining ikkinchi yo’nalishi - bu o’z menejment uslubi, marketing kontseptsiyasi, ilmiy izlanish va tajriba konstruktorlik ishlari (IITKI) hamda moliyaviy faoliyat asosida ishlab chiqarishni va sotishning tashkil qilinishiga ega gorizontal yo’nalishdir.
Firma o’z faoliyatini davlat chegarasidan tashqarida olib borsa, tadbirkorlik bilan bog’liq madaniy tafovutlar (huquq, an’analar, ahloq), tovarlar va xizmatlarga talabning xususiyatlari, kishilar o’rtasidagi ishlab chiqarish va maishiy munosabatlarning farqlanishi, valyuta paritetlarining tebranishi, xalqaro terrorizmning yoyilishi kabi sabablarga ko’ra firmaning xorijda faoliyat yuritish sharoitlarida qaltisliklar bir necha barobar oshib ketadi.
Xorijiy tadbirkorlik bilan bog’liq qaltisliklarni kompleks baholash uchun xorijiy biznes bilan shug’ullanuvchi firmalar faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillarni turkumlash maqsadga muvofiq. Ushbu omillarga quyidagilar kiradi:
- ijtimoiy-madaniy - urf-odatlar, til, demografiya, hayot tarzi, din, ajnabiylarga munosabat, turmush darajasi, ijtimoiy muassasalar, me’yorlar, savodlilik darajasi. Oxirgi omil o’z firmasida mehnat qilishga mahalliy aholini jalb qilishni ko’zlagan menejer uchun muhim;
- iqtisodiy - iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholi jon boshiga daromad, YaMM dinamikasi va yo’nalishi, hukumatning moliya siyosati, ishsizlik darajasi (aholining xarid quvvatini va qabul qiluvchi mamlakatdagi firmada mahalliy mutaxassislarni ishlashga jalb qilish imkoniyatini aniqlashda zarur), valyuta almashinuvi, mehnat haqining darajasi, raqobat muhiti, iqtisodiy birlashmalar va mintaqaviy integratsion tashkilotlarda ishtirok etish. Oxirgi omil mahalliy sheriklarning mustaqil qaror qabul qilishini qiyinlashtiradi, chunki mintaqaviy integratsion guruhlarda ishtirok etish prinsipial qarorlarni integratsion birlashmadagi sheriklar bilan kelishishni taqozo etadi;
- texnologik - texnologiyalarni ayirboshlashning huquqiy me’yorlari, energiya tashuvchilarning mavjudligi va qiymati, tabiiy resurslar, transport tarmog’i, ishchi kuchining malakasi, patent himoyasi, infratuzilma, axborot oqimlari. Zamonaviy sharoitlarda axborotning birinchi darajali ahamiyatini hisobga olib, ayrim korporatsiyalar (yapon kompaniyalari) xorijda yangi texnologiyalar, asosiy raqobatchilar faoliyatining ahvoli, qonunchilikdagi o’zgarishlar va hokazolar haqidagi axborotni olish maqsadida o’z bo’limlarini tashkil qiladi;
- siyosiy-huquqiy - davlatni boshqarish shakli, siyosiy mafkura, soliq qonunchiligi, hukumatning barqarorligi, hukumatning xorijiy kompaniyalarga munosabati, xorijiy mulk haqidagi qonunchilik, oppozitsiyaning ta’siri, savdo qonunchiligi, protektsionizm darajasi, tashqi siyosat, terroristlarning faolligi, huquqiy tizim. Siyosiy-huquqiy omillar xorijiy firma uchun qabul qiluvchi mamlakat hukumatining harakatlari natijasida o’z aktivlarini, o’z firmalari nazoratini, bozordagi ulushini yo’qotish bilan bog’liq.