Pirimqul Qodirov
Urush vaqti edi. Biz Turkiston tizma tog‘ining etagida, shahardan yigirma besh chaqirim naridagi kichkina qishloqda turar edik. Harbiy xizmatdagi akamning xotini qish kunlarida qattiq betob bo‘lib qoldi-yu, shahardan oyimni chaqirib keling, deb iltimos qildi. U vaqtlarda mashina juda kam, ot-ulov xo‘jalik ishi bilan band edi. Men piyoda yo‘lga chiqdim. Ancha yo‘l yurdim. Yog‘ib turgan qor pardasi ortidan uch-to‘rt g‘amgin chordevorlar ko‘rindi. Ulardan narida qurib qolgan bir hovuz ham bor. Shunga yetsam yo‘lning yarmi qoladi. Atrof biyday dala. Bir vaqt yo‘lning chap tomonida qandaydir sharpa sezganday bo‘ldim. Durustroq qarasam, mendan yuz qadamcha narida ikkita kulrang jonivor turibdi. Men avval ularni it deb o‘yladim. Shu atrofda yoyilib yurgan qo‘y qo‘rasi bordir deb, yon-verimga alangladim. Lekin ko‘z ilg‘aydigan joyda bironta qo‘y yoki poda ko‘rinmas edi. Meni sergaklanib kuzatayotgan haligi kulrang jonivorlar it emas edi. Men ularning bo‘ri ekanligini tushundim-u, etim junjikib ketdi. Bir lahza o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Keyin sal hushimni yig‘ishtirib qarasam, oyoqlarim go‘yo o‘zidan o‘zi yurib ketyapti. To‘xtashga ham, jadallashga ham, avzoyimni o‘zgartirishga ham, hatto bo‘rilarga yana bir qarashga ham jur’at yo‘q. To‘g‘riga qarab avvalgiday yurib ketyapman-u, butun vujudim bilan bo‘rilar tomonga quloq solaman. Menga qarab kelishsa, shitiri eshitiladi-ku, deyman. Kishining qo‘rqqanini sezsa, jur’atsiz kuchuk ham hujum qiladi, men buni yaxshi bilar edim. Shuning uchun yuragim vahimadan uvushib ketayotgan bo‘lsa ham boyagiday shoshilmay, bo‘rilarni ko‘rmaganday bir maromda yurib borardim. Bir jihatdan hozir menga osonrog‘i shu edi. Chunki avzoyimni o‘zgartirsam, masalan, chopsam, bo‘rilar ham orqamdan chopadiganday tuyular edi. Men esa hammadan ham shuni istamas edim. Avvalgiday shoshilmay yurib ketyapman. Yo‘l keng, oyog‘im tagidagi qor juda mayin. Biroq men o‘tkir qilichning ensiz tig‘ida yurib borayotgandayman. Yuragimni hovuchlab nuqul ortga quloq solaman. Shu ahvolda qancha yo‘l bosganimni bilmayman. Shunda: «Qochsam, quvadi!» – degan vahimali o‘y meni yana qochishdan tutib qoldi... Narigi qishloqqa yetib, endi qutuldim deganda birdan bo‘shashib ketdim. Xuddi o‘n kun yo‘l yurganday charchab, qorga o‘tirib qoldim. Ichim kuyib, og‘zim qaqrab, taxir bo‘lib ketgan edi... Kelinoyim tuzalib ketdi. Keyin akam urushdan yarador bo‘lib qaytib keldi. Biz sirdosh aka-ukalardan edik. Bir kun men yerga qarab, uyalib bo‘rilar bilan qanday uchrashganimni akamga aytib berdim. Akam mendan kuladi, deb o‘ylagan edim. Yo‘q, sekin boshimni ko‘tarib qarasam, menga jim tikilib turibdi. Ko‘zlari zavqlanganday yonyapti. – Qo‘rqoq bo‘lganingda, aqlingni yo‘qotib qochar eding. Ana unda bo‘rilar seni sog‘ qo‘ymas edi. Urushda ham kim aqlini yo‘qotib qochsa, o‘q avval o‘shanga tegadi. Hamma gap aql bilan irodada, – dedi akam
XATARLI UCHRASHUV ( Masal)
Harbiy xizmatdagi akasining xotini bolaga nima sababdan oyisini chaqirib kelishini iltimos qildi?
Qish kuni qattiq betob bo’lib qolganligi sabab.
_________________________________________________________________________________________________________________________________
Bola borilarga nima uchun qo’rqanini sezdirmadi?
_________________________________________________________________________________________________________________________________
Bola nima sababdan bo’rilardan qochmadi?
____________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
Masalni o’qib bolada qanday hislatlarni sezdingiz
_________________________________________________________________________________________________________________________________
Bolani qaysi hislatlarini o’rnak qilib olsak bo’ladi.
_________________________________________________________________________________________________________________________________
Bu masaldan qanday saboq olish mumkin