5. Z.M. Boburning ma‘rifatparvarlik g’oyalari
O’zbek mumtoz adabiyotida alohida o’rin tutgan, Temuriylar avlodining so’nggi vakillaridan Zahiriddin Muhammad Bobur O’rta Osiyoda fan va madaniyatning rivojlanishiga salmoqli hissa qo’shgan, o’zining g’oyat samarali faoliyati bilan tarixda o’chmas iz qoldirgan shaxsdir.
Otasi Umarshayx Temurning chevarasi, Farg’ona viloyatida hokim, onasi Qutluq Nigorxonim Toshkent hokimi Yunusxonning qizi bo’lgan. Bobur saroy muhitida tarbiyalandi va o’qidi, yoshligidan ilmga, she’riyatga berildi. Dovyurakligi, jasurligi va epchilligi tufayli uni «Bobur» (ya’ni yo’lbars) deb atadilar.
Zahiriddin Muhammad Bobur ilm va fanning, san’atning, umuman hayotning hamma sohalari bilan yaqindan qiziqqan. G’ayrat va tashabbus, sinchkovlik va iste’dod Zahiriddin Muhammad Boburni rivojlangan feodal davrining ulug’ namoyondalaridan biriga aylantirdi. U har bir sohani aniq bilishga intilgan, undagi nuqsonlarni ko’ra bilgan va masalaning mohiyatini tezda tushunib etgan.
Jahon sharqshunoslari tomonidan olim sifatida e’tirof etilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur fanning ko’pgina sohalari bo’yicha qimmatli ishlarni amalga oshirgan. Yaqin va O’rta Sharq xalqlari madaniyati tarixi uchun katta xizmat qilgan.
Masalan, o’zbek olimi, geografiya fanlari doktori, professor H. Hasanov uni faqat davlat arbobi emas, balki mashhur lashkarboshi tarixchi, geograf, biolog, musiqa va me’mor ham bo’lganini ta’kidlaydi.
Bobur ijodiyoti asosan uning lirik she’rlari va adabiy-tarixiy asari «Boburnoma» bilan yaqqol ko’zga tashlanadi. Boburning xotiralaridan tashkil topgan va temuriylar davlatining tanazzulga ketish davrini o’zida ifodalagan, qomusiy xarakterdagi «Boburnoma» kitobi ilmiy-tarixiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo’lib, unda tarix, geografiya, botanika va fanning boshqa sohalariga taaluqli qimmatli ma’lumotlar bor. Bundan tashqari, mazkur asar eski o’zbek tilidagi prozaning ilk namunasi va nodir yodgorligi hamdir.
Bobur ana shu solnomasida o’zi bo’lgan joylarning, jumladan Hindistonning tabiiy manzaralarini ham, mahalliy aholining kiyinishi va urf-odatlarini ham, hayvonlari, qushlari hamda ularning qiliqlarini ham tasvirlaydi. O’zi tilga olgan narsalarni teran fikrli, o’tkir ko’zli rassom singari jozibali bayon qiladi.
Bobur o’rta asrlardagi Hindiston xalqlari tarixini o’zidan besh asr ilgari yashab ijod etgan Abu Rayxon Beruniy kabi mahorat bilan yorita olgan. Filologiya fanlari doktori S. Azimjonova shu masalani tahlil qilib, chiqargan xulosasida aytganidek, hind xalqi hayotning turli tomonlariga taaluqli materiallarning izchil bayon etilishi, originalligi va ishonarliligi jihatidan Beruniyning ma’lumotlariga faqat «Boburnoma» dagi ma’lumotlarni tenglashtirish mumkin. Beruniy va Bobur qadimiy hamda o’rta asrlardagi Hindiston tarixiga qiziquvchilar uchun asosiy manba sifatida xizmat qila oldi.
Iste’dod sohibi bo’lgan Bobur 12 yoshida podsho bo’lganidan boshlab, to umrining oxirigacha o’zi ko’rgach voqealarni, o’zi qatnashgan hodisalarni, ana shu voqea va hodisalarga dahldor bo’lgan yuzlab tarixiy shaxslar hayotini, fan uchun muhim ahamiyatga molik ko’plab dalillarni adabiy shaklda yoritgan «Boburnoma» va she’rlar devonidan tashqari, musulmonlik qoidalari va qonunshunoslikka bag’ishlangan «Mubayyin» arab alfavitini o’zgartirish to’g’risidagi «Hatti Boburiy» aruz vazni va qofiya masalalariga doir «Mufassal», shuningdek, musiqa va harbiy san’at haqidagi asarlarni yaratdi. Bu asarlar o’zbek adabiy tili, adabiyoti va ilm-fanning ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyuk shoir, adib, tarixchi va olim Boburning ilmiy-adabiy merosi hozir ham o’zining ma’lum tarixiy-ma’rifiy, ilmiy va estetik qimmatini saqlab qolmoqda. Uning ko’p qirrali merosida pedagogikaga oid biror maxsus kitob yoki risola mavjud bo’lmasa-da deyarli hamma asarlarida hayotga va vatanga muhabbat hislarining yaqqol ifodasini insonning yuksak burchi va kishilarning ma’naviy qiyofasi haqidagi teran fikr-mulohazalarni, fan va dinga munosabat masalalarini yaxshi xulqli va odobli bo’lishga da’vatni, ilm-fan va ma’rifatni egallashga chaqiriqni, axloqiy va estetik g’oyalarni, jo’shqin va mazmundor hayot kechirishga targ’ib qilishni va hokazolarni ko’rish mumkin.
Fan va ma’rifatni yuqori darajada qadrlagan Bobur adabiyot, san’at va ilm ahli bilan doimo yaqin aloqada, ijodiy munosabatda bo’ldi, ularga homiylik qildi: ilmiy-adabiy suhbatlar, mushoiralar uyushtirdi. U o’z davrida ilmga berilgan odamlar juda kamligidan tashvishlanib, astoydil qiziqish, intilish hamda mashaqqatli mehnat bilangina ilm olish mumkinligini va shunday qilish zarurligini quyidagicha ta’kidlaydi:
Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,
O’rgangali ilm tolibi ilm kerak.
Men tolibi ilmu tolibi ilme yo’q,
Men bormen bormen ilm tolibi, ilm kerak.
Yozuv ham yarim ilm, deb hisoblagan Bobur chiroyli va to’g’ri yozishga, fikrlarni aniq ifodalashga alohida ahamiyat bergan. Buni uning o’g’li Humoyunga yo’llagan ushbu maktubi misolida ham yaqqol ko’rish mumkin.
«Bu xatlarning bitibsen va o’qimaysan ne uchunkim, agar o’quv xayol qilsang edi, o’qiyolmas eding. O’qiyolmagandan so’ng albatta tag’ir berur eding. Xatingni xud tashvish bila o’quvsa bo’ladur, vale asro’ mutlaqtur. Nasri muammo hech kishi ko’rgan emas. Imong yomon emas. Agarchi xili rost emas, iltifotni «ot» bila bitibsen. Xatingni xud har tavr qilib o’qusa bo’ladur, vale bu mutlaq alfozingdin maqsud tamom mavhum bo’lmaydur. G’olibi xat bitirda qohilliging ham ushbu jihattindur. Takalluf qilay deysan, ul jihattin mug’laq bo’lakdur. Bundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bilan bit ham senga tashvish ozroq bo’lur va ham o’qug’uchiga».
Bobur ana shu maktubida o’z o’g’lini adolatli, haqgo’y, insofli bo’lishga, kamtarinlik va kamsuqumlikka undaydi. Bir she’rida:
Davlatqa etib mehnat elin unutma,
Bu besh kun uchun o’zungni asru tutma.
deb yozgan Boburning o’zi ham doimo ana shu qoidaga amal qiladi.
Ulkan so’z boyligiga ega bo’lgan va o’zbek adabiy tilining rivojida salmoqli o’rin tutgan «Boburnoma» da keltirilgan va asarning filologik qimmatini oshirgan ajoyib rivoyatlar, ta’sirchan she’riy parchalar, jozibador iboralar, ayniqsa, «Har kimdin yaxshi qoida qolg’on bo’lsa, aning birla amal qilmoq kerak», «Yomon ot bila tirilgandin yaxshi ot bila o’lgan yaxshiroq» kabi juda ko’p uchraydigan va hikmatli so’z darajasiga ko’tarilgan jumlalarning hammasi kishini bilimdonlik va ezgulikka, xushfe’llik va shirinsuxanlikka chaqiruvchi xitobdek eshitiladi.
Bobur kishining hayotidagi eng asosiy burchi hamma joyda ham o’zini tuta bilishdan va yaxshi xulq-atvorli bo’lishdan iborat ekanini ta’kidlab:
Xulqingni rost etgil, har sorigaki borsang,
«Ahsanta» der bori el, gar yaxshi ot chiqarsang.
-desa, boshqalariga doimo yaxshilik qilish eng olijanob fazilat ekanini ta’kidlab:
Bori elga yaxshilik qilg’ilki,
Mundin yaxshi yo’q,
Kim degaylar dahr aro qoldi,
Falondin yaxshiliq.
-kabi misralar orqali ifodalaydi. Shuning uchun ham u ilm fanining ahamiyatini chuqur his etib, yuqorida aytganimizdek o’zi juda qadrlagan ilm-fan kishilarni eng avvalo ularning yurish-turishiga ko’pchilik manfaati uchun qilgan xizmatlariga qarab baholaydi.
O’z ijodida ezgulikni, inoqlikni, vafodorlikni ardoqlagan shoir o’zidan avvalgi kasbdoshlariga ergashib yovuzlikni, zulmni, qabihlikni qoralaydi. Xalqimizning «Ekkaningni o’rasan» degan naqliga amal qilib:
Har kimki vafo qilsa, vafo topg’usidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topg’usidir.
Yaxshi kishi ko’rmagay yomonlig’ hargiz,
Har kimki yomon bo’lsa, jazo topg’usidir.
-deb yozadiki, Bobur she’rlarida bunday hayotiy jozibali misralar ko’plab topiladi.
Bulardan tashqari, Bobur do’stlikni, hayotni, uning har bir fursatini qadrlashga, qayg’u-hasrat bilan emas, oqilona, xushchaqchaqlik yashashga chorlovchi, yoshlarga ibrat bo’ladigan talaydigan baytlar bitgan. Shulardan biri:
Ahbob yig’ilmoqni farog’at tutingiz,
Jam’iyatingiz borini davlat tutingiz.
Chun gardishi charx budurur, tengri uchun,
Bir-birini necha kun g’animat tutingiz.
Boburning fikricha, yoshlar shaxsini hayotning o’zi shakllantiradi, lekin bunda mehnat va mehnatda toblanish muhim rol o’ynaydi. Mehnat qilgan va mashaqqat chekkan kishilardagina chinakam insoniy fazilatlar tarkib topadi.
Umuman Bobur merosini o’rganishda uning davlat arbobi sifatidagi faoliyatida ham adiblik ijodiyotida ham chuqur ziddiyatlar mavjudligini unutmaslik kerak. Chunki akademik V. Y. Zohidov ta’biri bilan aytganda: «Bobur o’ziga xos sifatlarga ega bo’lgan siymodir. U avvalo o’z davrining, o’z sinfining farzandi, murakkab ijtimoiy, iqtisodiy sharoitlarning va g’oyaviy-siyosiy qarashlardagi yo’nalishlardagi ziddiyatlarning mahsulidir». U o’sha davrning hukmron mafkurasiga mos kelmaydigan fikrlarni ham feodal hokimligi yaqqol ko’rinib turadigan qarashlarni ham aytar edi. O’z vatanini tashlab ketgan va begona yurtlarda yurganini doimo vatanini qo’msagan:
Toli’ yo’q jonimg’a balolig’ bo’ldi,
Har ishniki ayladim xatolig’ bo’ldi.
O’z erni qo’yib Hind sori yuzlandim,
Yo rab netayin, ne yuz qarolig’ bo’ldi.
deb nadomadlar chekkan.
Boburning she’rlari original ijod samarasi sifatida ko’p avlodlarga manzur bo’lib kelgan, ota-bobolarimiz serqirra faoliyatidagi ijobiy jihatlari uchun Boburni e’zozlaganlar, biz ham uni va uning ma’naviy merosini xususan yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga molik bo’lgan axloqiy, ma’rifiy va pedagogik g’oyalarni qadrlaymiz.
Dostları ilə paylaş: |